Moliyaviy faoliyatdan oladigan daromadlarga quyidagilarni kiritish mumkin:
- boshqa korxonalar sarmoyasiga ulush qo’yish natijasida keladigan daromadlar;
- aktsiyalar bo’yicha dividendlar, obligatsiya va boshqa qimmatli qog’ozlardan daromadlar;
- mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar (lizing to’lovini olish);
- valyuta hisob raqamidagi kursning ijobiy farqlanishi va sarflangan mablag’larning qayta baholanishidan olingan daromadlar.
Ayrim holatlarda favqulodda holatlar (sel, jala, yong’in, yer silkinishi va h.k.) natijasida ko’rilgan zararni qoplash yuzasidan ham daromad olish mumkin va uni favqulodda daromadlar deb ataladi. Qishloq xo’jaligi korxonalarini moliyalashtirishda korxonaning ichki zahiralari, ya’ni o’z moliyaviy resurslaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Korxonaning ichki moliyaviy resurslaridan unumli foydalanish birinchi navbatda korxonaning ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish va mavjud resurslardan tejamkorlik bilan, oqilona foydalanishni nazarda tutadi. Ishlab chiqarish salohiyatlaridan unumli foydalanish uchun arzon ishlab chiqarish vositalari, yuqori unumli texnologiyalarni ishlab chiqarishga jalb etish lozim. Bu esa foyda miqdorini ko’paytirishga, umuman, moliyaviy ahvol barqaror bo’lishga olib keladi.
Korxonaning o’z moliyaviy resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish quyidagi yo’nalishlarda bo’lmog’i lozim:
xomashyo va moddiy resurslardan tejab-tergab, oqilona foydalanish;
arzon va yuqori unimli texnologiyalardan foydalanish;
mahsulot tannarxining arzonlashuviga erishish va narx raqobati orqali yuqori foydaga erishish;
asosiy faoliyat bilan birga qo’shimcha tarmoqlarni rivojlantirish;
moliyaviy fond bozorlarida qimmatbaho qog’ozlar bilan savdo qilish, serdaromad kompaniyalar aktsiyalarini sotib olish;
amortizatsiya ajratmalarini ishlab chiqarishni texnik qayta qurollantirishga yo’naltirish va boshqalar.
Bozor iqtisodiyoti joriy etilishi bilan korxonalarni moliyalashtirish manbalari kengayib, moliyalashtirishning yangi, noan’anaviy turlari shakllanib kelmoqda. Bunga xususan, lizing, fyuchers, faktoring, overdraft va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Qishloq xo’jaligini moliyalashtirishda lizing xizmatidan foydalanish istiqbolli yo’nalishlardan biridir.
Lizing – mulkni xarid qilishning moliyalashdan iborat ijara munosabatlari turlaridan biri bo’lib, bunda lizing beruvchi lizing oluvchi sub’yektning topshirig’iga muvofiq uchinchi tomon, lizing ob’yektini ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) bilan undan o’z mablag’i hisobiga lizing oluvchi uchun mulk sotib olish to’g’risida shartnoma tuzish majburiyatini oladi. Ayni paytda lizing oluvchi sub’yekt zimmasiga yuqoridagi shartnomaga binoan lizing beruvchiga lizing to’lovlarini to’lash majburiyati yuklanadi. “Lizing to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining 1999 yil 14 apreldagi qonuni hamda “Fuqoralik Kodeksi”ning 587-moddasida lizingga yuqoridagicha ta’rif beriladi. Lizingning asosan 2 turi mavjud:
operativ lizing;
moliyaviy lizing.
Operativ lizing – mulkni uning xizmat muddatida kam davrga ijaraga berishni nazarda tutadi. Ijara muddati tugagach, mulk egasiga qaytariladi yoki yangi lizing shartnomasi ob’yekti bo’lib qoladi.
Moliyaviy lizing –amalda uzoq muddatli kreditlashtirishning o’ziga xos shakli hisoblanadi. Operativ lizingdan farqli o’laroq, moliyaviy lizing mulk uzoq muddatga, odatda, to’liq amortizatsiya muddatiga yoki uning katta qismiga ijara shartnomasi tuziladi. Moliyaviy lizingda ijara shartnomasi tugagach, lizing ob’yekti lizing oluvchi tomonidan sotib olinishi yoki yangi lizing shartnomasi ob’yekti bo’lishi mumkin.
Lizing endigina ish boshlayotgan yoki moliyaviy holati nochor bo’lgan korxonalar uchun ishlab chiqarishni texnik qurollantirishni moliyalashtirishning eng qulay vositalaridan biri hisoblanadi. CHunki, bunda bank kreditlaridan farqli o’laroq, talab etiladigan kredit qiymatining 120 foizi miqdoridagi garov kafolati talab etilmaydi. Garov kafolati sifatida lizingga beriladigan mulkning o’zi chiqadi. Lizing ishlab chiqarishni texnik qurollantirish va ilg’or texnalogiyalarni jalb etishga o’z mablag’i yetishmaydigan korxonalar uchun o’zlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirishda muhim omil bo’lib xizmat qilishi mumkin. Ayniqsa, bank kreditlaridan foydalanish shartlari og’ir bo’lgan, banklar uzoq muddatli investitsion loyihalar uchun kreditlar ajratishni keskin pasaytirgan, kredit olish holatlari lizing eng samarali moliyalashtirish vositalaridan biri bo’lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |