Lizingning qishloq xo’jaligi korxonalari uchun afzalligi quydagilardan ko’rinadi:
-lizingga olinadigan ob’yekt qiymati birdaniga emas, bo’lib – bo’lib to’lanadi;
-ishlab chiqarishga zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb etish hamda ishlab chiqarish ko’lamini kengaytirish imkoni tug’iladi;
-lizing ob’yekti uchun to’lov shu ob’yektni ishlatishdan olinadigan daromad hisobidan to’lanadi.
-lizingga beriladigan mulk qo’shilgan qiymat solig’idan va lizingga olinadigan mulk mol-mulk solig’idan ozod etilganligi lizing ob’yektining bahosini arzonlashtiradi.
Bugungi kunda lizingni samarali joriy etishdagi mavjud muammolar uning rivojlanish imkoniyatlarini chegaralab qo’ymoqda. Ushbu muammolar bevosita lizing faoliyati sohasida band bo’lgan tashkilotlar faoliyatini o’rganish jarayonida kuzatilmoqda. Mavjud muammolar tahlili shuni ko’rsatadiki, ulardan aksariyati lizing sohasida yaratilgan kamchiliklarning mavjudligi va kichik biznesni qo’llab-quvvatlash borasida mavjud imkoniyatlarning yetishmasligi bilan bog’liq. Hozirgi paytda lizingga oid huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy baza yaxshi shakllanmagan. Bu esa korxonalarni boshlang’ich sarmoya bilan ta’minlashning biri hisoblanuvchi ushbu tarmoqning rivojlanishiga yaxshi imkon bermaydi. Respublikamizda lizing xizmati ko’rsatish bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar sonining kamligi ular orasida sog’lom raqobat muhiti shakllanishiga va oxir-oqibat ko’rsatilayotgan lizing xizmatlari turi va sifatining oshishiga, foiz stavkalarining pasayishiga olib kelmayapti. Lizing kompaniyalari tashkil etishni rag’batlantirish, ularga soliq, bojxona imtiyozlari berishni davlat yo’li bilan qo’llab-quvvatlash uning rivojiga katta hissa qo’shgan bo’lar edi. Hozirgi paytda lizing oluvchi korxonalarda kerakli uskunani lizingga olish uchun axborot yetishmaydi. Lizing oluvchi tomonidan lizing beruvchiga lizing to’lovlarini tayyor mahsulot ko’rinishida to’lash tartibini yo’lga qo’yish ham bu soha rivojiga hissa qo’shgan bo’lar edi. Qishloq xo’jaligida faoliyat ko’rsatayotgan korxonalar qishloq xo’jaligining o’ziga xos xususiyatlari ta’sirida doimiy ravshda moliyaviy mablag’larga ehtiyoj sezadilar. Chunki, ekinlarni ekish va parvarishlash davri uzoq davom etib, hosilni yig’ib olgunga qadar pul tushumi bo’lmaydi. Bu holat ishlab chiqarish xarajatlarini moliyalashtirish uchun aylanma mablag’larni shakllantirishga mablag’ izlashni talab etadi. Bunday holatlarda qishloq xo’jaligi mahsulotlari bozorida qo’llaniladigan fyuchers operatsiyalari muhim ahamiyat kasb etadi. Fyuchers operatsiyalarida mahsulotni sotib oluvchi xaridor yil boshidan kelgusi hosil uchun bo’nak (hosil qiymatining bir qismini oldindan to’lab qo’yish) sifatida mablag’ berib turadi. Fermer xo’jaligi bo’nakdan foydalanib, joriy ishlab chiqarishni moliyalashtirish imkoniga ega bo’ladi. Respublikamizda paxta va don ekinlariga davlat buyurtmasi o’rnatilgan bo’lib, O’zbekiston Respublikasi prezidentining 1998 yil 31 dekabrdagi pF-2165-sonli farmoniga muvofiq fermer xo’jaliklari davlat buyurtmasi hajmidagi yetishtirayotgan mahsulot qiymatining 50 foizi miqdorida Moliya Vazirligining “Davlat ehtiyojlari uchun xarid etiladigan qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish jamg’armasi” mablag’lari hisobidan avans puli (transh) olish imkoniyatiga ega. Buning ijobiy tomoni shundaki, fermer xo’jaliklari mahsulot yetishtirish uchun zarur bo’lgan aylanma mablag’larni yuqori foiz stavkalarida tijorat banklaridan qarzga olishga majbur bo’lmaydi. Ayrim holatlarda qishloq xo’jaligi korxonalarida mol yuboruvchilar tomonidan jo’natilgan tovar-moddiy qiymatliklarni to’lash uchun vaqtincha mablag’ yetishmovchiligi holatlari uchraydi. Bunday holatlarda korxonalar tovar-moddiy qiymatliklarni yuboruvchi korxonalar (kreditorlar ) bilan mahsulot qiymatini ma’lum muddatdan so’ng to’lash shartlashilgan holda shartnoma tuzilishlari mumkin. Ma’lum bir muddatgacha bunday kreditorlik qarzi to’lanishi lozim bo’lgan hisob-kitoblar schetida aks etib turadi. Agar shu muddatda ham kreditorlik qarzini to’lash imkoni bo’lmagan taqdirda bu qarz veksel ko’rinishida (ya’ni qarzni ma’lum bir muddatdan so’ng foizi bilan qaytarish) rasmiylashtiriladi. Korxonalar o’rtasida debitorlik va kreditorlik qarzlari muammosi paydo bo’lganda, ya’ni tovar-moddiy qiymatliklarni yuborgan korxona xaridor bilan mahsulot qiymati bo’yicha o’z muddatda o’zaro hisob-kitob qila olmasa yoki bunday qarzlar shubhali, undirish ehtimoli kam bo’lsa, ularni faktoring vositasida undirish amaliyoti qo’llaniladi.
Faktoring – korxonalar o’rtasida qarzlarni undirishda vositachilik faoliyatidir. Faktoringda o’rtada turuvchi kompaniya (odatda, bank)qarz bergan korxonadan ma’lum bir komission to’lov evaziga qarzdordan mablag’ni undirish huquqini qo’lga kiritadi. Faktoring shartnomasi tuzilishi bilan korxona undirolmay turgan qarzning aksariyat qismini faktoring kompaniyasi (yoki bank) dan qo’lga kiritadi. So’ngra faktoring kompaniyasi debitor korxonaga qarzni undirish bo’yicha da’vo qo’zg’atadi. Faktoringning afzalligi shundaki, u noto’lovlar muammosini qisman bo’lsada yechishga imkon beradi. So’nggi paytlarda moliyalashtirishning yangi shakllaridan biri sifatida Overdraft kirib kelmoqda. Overdraft – qisqa muddatli kreditlash shakli bo’lib, banklar amaliyotida ishlatiladi. Uning mazmuni shundaki, bank o’z mijozining hisob raqamida vaqtincha mablag’ bo’lmagan holatda uning faoliyatini moliyalashtirish uchun Overdraft shartnomasini tuzadi. Mijoz o’z hisob raqamida mablag’ paydo bo’lishi bilan overdraft shartida olgan qarzlarini bankka ma’lum bir foizlar evaziga qaytaradi. Overdraft, odatda, bankning eng ishochli mijozlariga nisbatan qo’llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |