Uchinchi sharti — mudofaa holatida zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmasligi lozim.
Himoyaga xos bo`lgan zaruriy mudofaa huquqiyligining muhim sharti – himoyaning aniq sharoitda tajovuzning xususiyati va xavfliligiga mos bo`lishidir. Jinoyat-huquqiy nazariyada zaruriy mudofaaning bu belgisi “tajovuz va himoyaning mutanosibligi” deb nomlanadi. Mudofaaning tajovuzning xususiyati va xavfliligi darajasiga muvofiq kelishining asosiy talabi - mudofaaning jinoiy tajovuz ichki tomoniga mos kelishidir. Qilmishning ichki tomoni – uning ijtimoiy munosabatlarga jinoiy zarar yetkazishga yo`naltirilganligi orqali izohlanadi.
Qonunda agar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmagan bo`lsa, himoya huquqiydir, deb belgilab qo`yilgan.
Tajovuzning xususiyati va xavflilik darajasiga butunlay muvofiq kelmaydigan mudofaa, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish deb topiladi (Jinoyat kodeksi 37-moddasi 2-qismi).
Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilishiga quyidagi ikki holatda yo`l qo`yilishi mumkin: a) mudofaalanuvchi tomonidan himoyaning o`z vaqtida amalga oshirilmasligi; b) himoyaning tajovuz xususiyati va xavfliligiga umuman muvofiq kelmasligi.
Respublikamiz jinoyat qonuniga muvofiq, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish oqibatida zarar yetkazilgan bo`lsa-da, u jazoni yengillashtiruvchi holat deb qaraladi (Jinoyat kodeksi 100-moddasi va 107-moddasi).
Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish natijasida Jinoyat kodeksida belgilangan obyektlarga zarar yetkazilgan bo`lsa, jinoiy javobgarlik, boshqa obyektlarga zarar yetkazilgan bo`lsa, ma`muriy, fuqarolik huquqiy javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish obyektiv va subyektiv belgilarga ega. Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqishning obyektiv tomoni mudofaaning tajovuz xususiyatini va xavflilik darajasiga mos kelmasligini bildiradi. Subyektiv tomondan esa zaruriy mudofaa doirasidan chetga chiqish aybning qasd shakli bilan, xususan, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqishga nisbatan qasd va jinoyat oqibatiga nisbatan ehtiyotsizlik bilan tavsiflanadi.
Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilgan yoki chiqilmaganligini aniqlashda subyektiv tomonning maqsadi, ya`ni aynan tajovuzdan mudofaalanishning maqsadiga e`tibor berish lozim. Agar bunday maqsad bo`lmasa, qilmish zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish deb kvalifikatsiya qilinmasligi kerak.
Ijtimoiy xavfli tajovuzni qaytarish vaqtida tajovuzchiga ehtiyotsizlik orqasida zarar yetkazilgan bo`lsa, u mudofaalanuvchini jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo`lolmaydi.
Respublika Oliy sudi Plenumi qarorida ta`kidlanishicha, «Sudlar zaruriy mudofaa alomatlari bor yoki yo`qligi masalasini hal etishda himoyalanish va hujum vositalarini hisobga olishdan tashqari, tajovuzchi tomonidan himoyalanuvchiga tug`dirilgan xavfning harakteri, himoyalanuvchining kuchlar nisbatiga ta`sir ko`rsatuvchi ishdagi barcha holatlar(hujum qiluvchi va himoyalanuvchilarning soni, ularning yoshi, jismoniy quvvati, quroli, joy, vaqt va boshqalar)ni hisobga olishi zarur.
Agar tajovuz bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo`lsa, mudofaalanuvchi hujum qiluvchilarning har biriga guruhdagi hamma tajovuzchilar harakatining harakteri va xavflilik darajasiga qarab tegishli himoya choralarini ko`rishga haqli.
Tajovuz tufayli vujudga kelgan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida mudofaalanuvchi mavjud xavfning harakterini hamma vaqt ham aniq anglay olmasligi va mudofaaning tajovuzga nisbatan nomuvofiq usulini tanlashi mumkin.
Agar mudofaalanuvchi yetkazgan zarar oldi olingan zarardan ko`p bo`lsa va uning oldindani olish uchun yetarli bo`lgan bo`lsa, uning harakatini zaruriy mudofaa chegarasidan chiqqan deb bo`lmaydi.
Zaruriy mudofaaga bo`lgan huquqning subyekti bevosita o`ziga yoki boshqa shaxslar, jamiyat va davlat manfaatlariga qarshi qaratilgan tajovuzga nisbatan mudofaalanuvchi shaxs hisoblanadi. Bunda subyektning muomala layoqati, uning ijtimoiy holati va mavqei, oddiy fuqaro yoki chet el fuqarosi ekanligi ahmiyatga ega emas.
Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqishning subyekti esa qonunda jinoyat subyektiga qo`yilgan talablarga javob berishi kerak, ya`ni aybdor 16 yoshga to`lgan, aqli raso jismoniy shaxs bo`lishi kerak.
Zaruriy mudofaa shaxsning subyektiv huquqi hisoblanib, tajovuz yo`naltirilgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish imkoniyatii bor-yo`qligidan qat`i nazar, mudofaalanish huquqiga ega. Lekin ayrim vazifani egallab turgan shaxslarga nisbatan bunday huquq ularga qonun bilan qo`riqlanadigan majburiyat sifatida yuklatilgan(masalan, militsiya, MXX xodimlari, harbiy xizmatchilar, inkassatorlar va hokazolar).
Do'stlaringiz bilan baham: |