MEHNAT MUHOFAZASI VA XAVFSIZLIK TEXNIKASI Mashina va apparatlarning xavfsiz ishlashini ta’minlash.
To‘qimachilik sanoatida texnologik jarayonlarning jadallashishi, mashina qismlarining ish tezliklari, mashina va dastgohlarning ish unumdorligining oshishi, ularning xavfsizligini oshishini ham taqozo qiladi.
Mashina va dastgohlarning xavfsizligini ta’minlash ularni loyihalash jarayonidan boshlab amalga oshiriladi. Birorta yangi mashina yoki dastgoh xavfsizligi ta’minlanmagan bo‘lsa, foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Amaldagi Davlat standarti uskunalarning xavfsizlik ish prinsipi, konstruksiyasining xavfsiz sxemasini tanlash, ularning konstruksiyasida mexanizatsiya, avtomatlashtirish, masofadan (distansion) boshqarish vositalarini qo‘llash, ergonomik talablarni bajarish, xavfsizlik texnikasi va yong‘inga qarshi
tadbirlar, ularni o‘rnatish, foydalanish, sozlash, saqlash va transportirovkalash texnik hujjatlarga kiritilishini talab qiladi.
Mashina va dastgohlar kerakli himoyalovchi va saqlovchi moslamalar bilan ta’minlanishi kerak. Bular quyidagilarga bo‘linadi:
to‘suvchi moslamalar. Bular mashina va uskunalarning xarakatidagi yoki xavfli mexanizm qismlarini kishining behosdan tegib ketishidan to‘sadi. Bunga qayishli uzatish, shesternyalar, elektr toki ostidagi qismlar kiradi;
blokirovka qiluvchi moslamalar. Bularda to‘sqich elektrodvigatel bilan zanjir orqali birlashtirilgan bo‘lib, to‘sqich ochilgan vaqtda mashina to‘xtaydi;
tormozlovchi moslamalar. Mashina o‘chirilgandan so‘ng uning tezda to‘xtashi xavfsizlik jihatidan katta ahamiyatga ega;
signal beruvchi moslamalar. Mashina va dastgohlarda ishlash jarayonida xavf tug‘ilganda tovushli yoki yorug‘lik signallari beriladi;
ishchilarga xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ta’sirini kamaytiruvchi yoki oldini oluvchi himoya vositalari.
Jarohatlovchi omillar va xavfli zonalar.
Ishlab chiqarishda jarohatlanish xodisalari quyidagi omillar mavjud bo‘lganda bo‘lishi mumkin: elektr toki, mashina va dastgohlarning xarakatlanuvchi qismlari, qayishlar, barabanlar, shkivlar, tishli ish shesternyalari va boshqalar, issiq yuzalar, mato tukini kuydirish mashinasi, zararli kimyoviy moddalar, matolarni pardozlashda ishlatiladigan kislota, ishqor va boshqa o‘yuvchi moddalarning behosdan tushib ketishi, yuqoridagi ish joylarida to‘siqsiz ishlash.
Kishi hayotiga, sog‘lig‘iga doimiy yoki vaqti – vaqti bilan xavf tug‘diruvchi joy xavfli zona deb ataladi. Bunday zonalar korxonalarda talayginadir. Mashina va dastgohlarning har qanday aylanuvchi qismi xavflidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |