Shukronalik - ne’matlar kaliti
Alloh taolo O‘zining fazlu karami ila inson zotini aql va idrok sohibi qilib yaratdi va unga behisob ne’matlarni ato qilib, ulardan bahramand qildi. Shu bilan bir qatorda O‘zining ne’matlariga shukr aytishga ham buyurib, kalomida shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda qilish va’dasini berib, shunday deydi:
“Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar) ni eslangiz: «Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”.
Barchalarimiz Parvardigorning biz bandalarga bergan tansihatlik, farovonlik, baxtu saodat, tinchlik va osoyishtalik kabi ulug‘ ne’matlariga shukr aytsak, qadriga yetsak, shunda Alloh ham bizlardan rozi bo‘lar ekan.
Islom ta’limotida ne’matlarga shukr qilish ulug‘ fazilat va yuqori daraja deb alohida qayd qilingan. Bu haqda Abdulloh ibn Abbos (r.z.) shunday degan ekan:
“Shukr qilishlik imonning yarimidir”.
Boshqa bir rivoyatda esa “Imon - sabr va shukrdan iborat” deb ham aytilgan.
Shuning uchun ham Alloh taolo barchamizni shukr qilishga amr qilib, uning ziddidan qaytargan, shukr aytuvchilarga chiroyli mukofotlarni va’da qilib, O‘zining fazilati, karami va ne’matlarining yanada ziyoda bo‘lishiga shukrni sabab etgan va O‘zining go‘zal ismlaridan birini shukr orqali ifoda qilgan.
Buyuk bobokalonimiz Qaffoli Shoshiy o‘zining mashhur “Javomi ul-karim” kitobida keltirgan Payg‘ambarimiz (s.a.v) ning “Ne’matlar haqida gapirishlik shukr qilishlikdir” deganlar.
Yaratgan bizlarga ato etgan behisob ne’matlarni yodda tutish, uni o‘z vaqtida qadrlay olish o‘sha ne’matlarning davomiyligiga sabab bo‘ladi. Shayx Sa’diy aytganlar: “Bir nafasga ikki marta shukr aytish vojib”, zero, nafas kirsayu qaytib chiqmasa yoki chiqsayu qaytib kirmasa, inson halok bo‘lishini ta’kidlab, inson tansihatligi uchun, xotirjamligi uchun Yaratganga shukrona aytmoqligi lozim deganlar. Yaxshilikka faqat yaxshilik bilan javob qaytarish ulug‘ fazilatlardan hisoblanadi.
Tinch-xotirjam hayotimiz farovon o‘tayotgan kunlarimizning qadriga yetish uchun shukr qilib, eng avvalo hushyor bo‘lishimiz lozimligini, ana shu ne’matlardan ayirmoqchi bo‘lgan turli g‘arazli kuchlar, nopok toifalarning nayranglaridan hamisha ogoh bo‘lib, ularga munosib javob qaytarish kerak. Inson turli hiyla va aldovlarga aldanib, pirovardida oilasidan, yaqinlaridan, tinchligidan ajralib qolgan kishilar qismatiga nazar solsa bu kunlarimizga qanchalar shukr keltirishligimiz lozimligini anglab yetamiz.
Alloh taolo ne’matlariga shukr aytuvchilarni albatta mukofotlashi va ularga ulug‘ ajru savoblar berishini ham kafolatlagandir. U zot aytdi:
“... Shukr qiluvchilarni esa, albatta, mukofotlaymiz”.
“Nihoya” kitobida shunday naql qilinadi: “Banda kishi tomonidan qilingan yaxshilik uchun unga tashakkur aytmasa, Alloh taolo ne’matlariga qilgan shukrini aslo qabul qilmaydi”.
Hadisi sharif mazmuniga muvofiq bizlar davlatimiz va hukumatimiz tomonidan xalqimiz baxtu saodati, farovonligi, osoyishtaligi va tinchligi yo‘lida qilinayotgan barcha xayrli va ezgu amallariga shukr aytishimiz lozim. Alloh taologa shukrlar bo‘lsinki, muhtaram yurtboshimizning bevosita tashabbuslari bilan ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Imom Eshon”, Xorazm viloyatidagi “Oxun bobo” masjidlari, shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi “Imom Iso Termiziy”, Qashqadaryo viloyatidagi “Abu Mo‘’iyn Nasafiy” majmualari tupdan rekonstruksiya qilinayotganligi va Buxoro viloyatidagi “Bahouddin Naqshbandiy”, “Masjidul Kalon” va “Mir Arab” tarixiy yodgorliklarini ta’mirlash ishlari hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotganligi yorqin misol bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, bugun dunyoda bo‘layotgan notinchliklar, iqtisodiy-siyosiy nizolar, noinsoniy xunrezliklar va millatlararo kelishmovchiliklarni yoki ba’zi mantaqalardagi xalqlarni bir burda nonga zor bo‘layotganlarini ko‘rib har bir inson O‘zbekistondagi tinch-osuda farovon hayot va to‘kin dasturxonimiz uchun Alloh taologa cheksiz shukrlar aytishimiz lozim bo‘ladi.
Zero, Hazrati Rasuli akram (s.a.v) hadisi shariflarining birida bunday deb amr qilganlar: “Sizlarga bir kishi yaxshilik qilsa, albatta, uni mukofotlanglar, agar mukofot uchun biron-bir narsa topa olmasanglar, uni chiroyli duo qilinglar”.
Alloh taolo aziz yurtimizni tinch, hayotimizni yanada farovon aylab, barchalarimizni O‘ziga shukr qiluvchi solih bandalaridan bo‘lishimizni nasib aylasin.
MUROSASOZLIK Bu tojikcha muroso otining oʻzbekchalashtirilgan murosa shakliga 'paydo qil-’ maʼnosini anglatadigan soxtan feʼlining soz hozirgi zamon asosi,murosa rilan muomalada boʻlishga, yashashga berilib ketish maʼnosini anglatadi
Do'stlaringiz bilan baham: |