Alloh taolo Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomga hech kimga bermagan bu dunyo va oxiratning kamolotlarini ato etgan. Sarvari olamning izidan borib, bu dunyoda maqtovga, oxiratda savobga erishmoq uchun bu bobda* Rasulullohning betakror sifatlari hamda goʻzal axloqlari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtamiz.
Alloh hammamizga hidoyat ato qilib, bizni toʻgʻri yoʻlga boshlasin. Insondagi ulugʻlik va kamolot fazilatlari ikki turlidir: birinchisi, dunyoviy xislati zaruriya boʻlib, u inson tabiati va yashash ehtiyojidan kelib chiqadi, ikkinchisi, diniy xislati qasbiya boʻlib, bu sifatga erishganlar maqtovga sazovor va Allohga yaqinlashganlar jumlasiga kiradi. Dunyoviy xislati zaruriya kasbiy boʻlmaydi, u insonning ixtiyoriga bogʻliq ham emas. Masalan: Paygʻambar alayhissalomning yaratilishlaridagi tabiiy kamolotlari, husndagi goʻzalliklari, aqliy zakovatlari, idroklarining yuksakligi, tillarining fasohatliligi, his-tuygʻu va badanlarining kuchliligi, harakatlarining moʻtadilligi, nasablarining tozaligi, qavmlari va yurtlarining moʻtabarligi kabi xislatlar boʻlib, yashash zarurati taqozo etadigan ovqat, uyqu, kiyim-kechak, turar-joy, mol-mulk va obroʻ-eʼtibor kabilar shu jumlaga mansubdir; din, ilm, muloyimlik, sabr, shukr, adolat, haqqoniylik, taʼmadan yiroqlik, kamtarlik, kechirimlilik, iffat, saxiylik, shijoat, hayo, odamgarchilik, kamgaplik, tamkinlik, ogʻir-bosiqlik, mehr-shafqat, husnixulq, yaxshi muomala kabi yuksak axloq-odobning barchasi oxiratga mansub xislati kasbiya sanalib, bular goʻzal axloq deb ataladi. Insonda mavjud tabiiy yoʻsindagi gʻayrikasbiy kamolot xususiyatlarining barchasi Paygʻambar alayhissalomning vujudlarida mavjud edi.
Paygʻambar alayhissalomning rang- roʻylari benihoya chiroyli, gavda tuzilishi va aʼzolarining mutanosibligi rivoyatlarda bunday tasvirlanadi: Paygʻambar alayhissalomning yuzlari oppoq, nuroniy, koʻzlari katta, qorachigʻlari timqora, oqi qizgʻishga moyil, kipriklari quyuq, qoshlari uzun, ingichka, qirra burunlarining uchi xiyol egilgan, tishlari guruch donasidek oppoq, orasi ochiqroq, peshonalari keng, yuzlari dumaloq, soqollari quyuq, koʻkraklari keng, gavdali, bilaklari uzun, kaftlari, oyoqlarining tovoni keng, oʻrta boʻy, miqtidan kelgan, jundor odam edilar; koʻkraklarida pastga qarab oʻsgan mayin yollari bor edi, kulganlarida tishlari xuddi marvarid donalaridek yarqirab ketardi, gapirganlarida shuʼlalanib, ogʻizlaridan nur taralayotgandek boʻlardi, boʻyinlari ham gavdalariga gʻoyat mos edi.
Paygʻambar alayhissalom aqlda komilliklari, zehnlari oʻtkirligi, hissiyotlarining kuchliligi, tillarining biyronligi, harakatlarining chaqqonligi, ahloqlarining goʻzalligiga qaraganda u Zoti muborakni hech shubhasiz eng aqlli va eng hushyor inson deb eʼtirof etish kerak. Sarvari olam ilgari oʻqib, xat-savod chiqarmagan, maxsus saboq olmagan, dunyoviy va diniy kitoblarni koʻrmagan boʻlishlariga qaramay, odamlarga juda koʻp ilmlarni oʻrgatdilar, shariatni barpo etdilar, odamlarning shaxsiy va jamoat ishlarini boshqarishlari, xalqqa qoʻllagan siyosatlari, betakror xulq-atvorlari va ajoyib turmush tarzlari u kishi aql-zakovatda komil, idroklari teran zot ekanliklarini isbotlab turibdi. Paygʻambar alayhissalom namoz oʻqiyotganlarida orqadagi narsalarni ham xuddi oldilaridagidek aniq-tiniq koʻrardilar. Alloh taoloning Shuaro surasidagi: “Alloh namozga turgan paytingizdagi harakatlaringizni ham koʻrib turadi”, degan 219-oyati bevosita yuqoridagi fikrlarning tasdigʻidir.
Paygʻambar alayhissalomning nutqlari benihoya fasohatli va chuqur maʼnoli edi. Gaplari sunʼiylikdan xoli, ravon, jumlalari loʻnda, qisqa, tushunarli, fikrlari aniq, mazmunli, takallufsiz va chuqur maʼnoli edi. U kishi arab tilining lahjalarini, hikmatli soʻzlarini koʻp bilardilar. Har bir xalqqa ularning oʻz tili, shevasi va uslubida fasohatiga yarasha gapirar edilar. Koʻpgina sahobalar soʻzlarning maʼnosini aytib berishni Paygʻambar alayhissalomdan iltimos qilishardi. Rasulullohning hadislari va tarixlari bilan tanishgan odam bu narsani, ayniqsa,, yaxshi his etadi. Paygʻambar alayhissalomning Quraysh xalqiga, Hazri Mavj va Yaman podsholariga hamda Najdning oqsoqollariga aytgan gaplari bir-biridan keskin farq qiladi. U kishi biron qabila bilan gaplashganlarida ular yoqtiradigan iboralarni ishlatar, yerlik odamlarga xush keladilan uslubda soʻzlashar edilar. Sarvari olam mana shu tarzda Islom dinining taʼlimotlarini odamlarga yetkazar, Qurʼon oyatlarini, shariat ahkomlarini har bir kishining didi, saviyasiga moslab tushuntirar edilar.
Inson hayotiga zarur hisoblangan ayrim narsalarning oz boʻlishi fazilatdir. Masalan: ovqat bilan uyquning kami shu jumlaga kiradi. Odamlar azalu azaldan meʼyorida ovqatlanish bilan kam uxlashni maqtab, koʻp yeyish bilan koʻp uxlashni ayblashgan. Koʻp yeyish, koʻp ichish ochkoʻzlik, harislik, shahvatparastlik nishonasidir. Koʻp yeyish va koʻp uxlash bu dunyoda ham, u dunyoda ham zarar, koni ziyon, turli kasalliklarni keltirib chiqaradi, aqlni zaiflashtirib, xomush qilib qoʻyadi; oz yeyish esa qanoatning, nafsni jilovlay bilishning, shahvatni oʻldirishning nishonasidir, badanni sogʻlomlashtirib, zehnni oʻtkirlashtiradi; koʻp uxlash kishini lanj, zaif, xomush, yalqov qilib qoʻyadi, inson umrini zoye ketgizadi, diydasini qotiradi, gʻaflatda qoldirib, dilini oʻldiradi. Paygʻambar alayhissalom oz yeb, kam uxlaganlar. Shu bois u kishi doim oz yeyishni targʻib etganlar: “Odam bolasi qorin degan rasvo idishni toʻldirolgani yoʻq. Toʻyish uchun bir necha luqma kifoya, Yeyish zarur boʻlganda u oshqozonning uchdan birini ovqat uchun, uchdan birini suv uchun, uchdan birini nafsi uchun ajratib qoʻysin” deganlar. Koʻp yeyish bilan koʻp ichish koʻp uxlashga sabab boʻladi.
Muhammad alayhissalomning qadr-qimmatlari balandligi va Alloh taolo u kishini paygʻambarlikka tanlagani bu dunyoda erishgan eng yuqori martabalaridir. Oxiratda esa Rasululloh bani Inson sayyididurlar.
Paygʻambar alayhissalomning muloyimligi, bagʻri kengligi, oʻch olishga qodir boʻla turib avf etishlari, boshlariga musibat tushganda, chidam bilan yengishlari, sabrliliklari hammamiz uchun ibratdir .Alloh taolo oʻz kalomida Paygʻambar alayhissalomga: “Afvni doʻst tutgin, amri maʼruf qilgin va nodonlar bilan teng boʻlmagin”, deydi.
Paygʻambar alayhissalom oʻta vazmin, xushaxloq, koʻpincha yukingan kuyi sukut saqlardilar, faqat lozim boʻlgandagina gapirardilar. U kishining gaplari ayni vaqtida aytilib, yurakka em boʻlardi. Behuda chakak uradiganlarning gapiga quloq solmasdilar, qah-qah otmasdan faqat tabassum bilan kulardilar, sahobalar ham u kishiga hurmatan va taqlidan tabassum bilan kifoyalanishar edi. Rasulullohning suhbatlari shirin, hayoli, dilni yayratadigan va amin kayfiyatda oʻtardi. U Kishi bor davrada hech qachon shovqin-suron, xunuk gap eshitilmasdi. Sarvari olam gapirayotganlarida suhbatdoshlari xuddi boshlariga xumo qushi qoʻngandek qilt etmay tinglashardi.
Paygʻambar alayhissalom tamadan xoli edilar, boylikka qiziqmas, fath etilgan juda koʻp joylarda togʻdek uyulib yotgan mol-mulkka loaqal koʻz qirini tashlab qoʻymasdilar. U Kishi vafot etganlarida oilalarining nafaqasi uchun sovutlari bir yahudiyga garovga qoʻyilgan edi. Rasululloh hamisha: “Ey Alloh, Muhammadning oilasiga kuni oʻtgudek rizq bersang, kifoya”, deb duo qilardilar. Hazrati Oisha: “Rasululloh ketma-ket uch kun toʻyib ovqat yemay dunyodan oʻtdilar. U Kishidan oltin, kumush, biron tuya yoki qoʻy qolgani yoʻq. Rasululloh vafot etganlarida mening uyimda toʻrt hovuch arpadan boʻlak yegulik yoʻq edi”, deb eslaydi. Rasululloh: “Alloh menga Makkaning togʻlarini oltinga aylantirib bermoqchi edi, men:«Keragi yoʻq, Robbim, bir kun och, bir kun toʻq oʻtganim durust. Och qolganimda senga iltijo qilib, duoda boʻlaman, toʻq kunimda senga shukr qilib, sano aytaman”, dedim,deganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |