О‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA О‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
QARSHI DAVLAT UNIVERSITETI
IJTIMOIY FANLAR FAKULTETI
“O`ZBEKISTON TARIXI”
KAFEDRASI
“TARIXIY GEOGRAFIYA”
FANIDAN
GLOSSARIY
QARSHI - 2021
GLOSSARIY
ABBOSIYLAR (ar.) – Arab xalifalari sulolasi bo’lib (749-12580, bu sulolaga Muhammad Payg’ambarning amakivachchasi Abu-ul Abbos as-Saffox (749-754) asos solgan. Abbosiylar sulolasi besh asr, ya’ni 749 yildan 1258 yilgacha hukm surgan. Abbosiylar sulolasi vakili xalifa Al-Mansur (754-775) xalifalik poytaxtini Damashqdan Bag’dodga ko’chirgan. Xalifalardan Maxdiy (775-7850, Xorun-ar-Rashid (786-809), Amin (809-813), Ma’mun (813-833), Mu’tasim (833-842) davrida Arab xalifaligi nihoyatda qudratli davlatga aylangan.
AVESTO – Zardo’shtiylik dinining muqaddas kitobi. «Avesto» juda qadimgi kitob bo’lib, uning ibtidoiy qismi miloddan avvalgi, ya’ni qariyb ikki ming yil avval vujudga kelgan. Zardo’shtiylik dinining vatanlaridan biri O’rta Osiyo hisoblangan. «Avesto» da Xorazm, Baqtriya, Marg’iyona, So’g’diyona singari davlatlar va tarixiy madaniyat o’choqlari to’g’risida ko’plab qimmatli ma’lumotlar mavjud.
AJAM (ar.) – arablar o’zlarini bosib olgan hududlardagi boshqa xalqlarni, jumladan, Yaqin va O’rta Sharq hamda O’rta Osiyo xalqlarini shunday ataganlar. Shuningdek, arablar yashaydigan yerlardan boshqa mamlakatlar,xususan, Eron va Turon davlatlari ham «Mulki ajam» nomi bilan yuritilgan.
AJAM PODSHOLARI – arab bo’lmagan mamlakatlar (Eron va boshq.) ning podsholari.
AYMOQ (t.-m.) O’rta asr mo’g’ullarida bir hududda yashovchi, bir-biriga qarindosh oilalar birlashmasi aymoq deyilgan.
AMIRLIK (ar.t) – musulmon mamlakatlarida amir tomonidan boshqarilgan mamlakat. XVIII asrning ikkinchi choragidan boshlab Buxoro xonligi Buxoro amirligi deb yuritilgan.
AMLOK (ar.) – katta yer egaligi; mulklar,yer-suv, kishi tasarrufidagi narsa va buyumlar amlok deyilgan; Buxoro amirligida soliqni taqsimlash birligi hisoblangan; XVI- XIX asrlarda Buxoro va Qo’qon xonliklarida feodal yer egaligining bir turi bo’lib, davlat oldidagi xizmatlari uchun shahzodalar, lashkarboshilar va amaldorlarga in’om qilingan yer- suv amlok deyilgan.
ARLOT (m.) – O’rta Osiyoda yashagan va kelib chiqishi jihatidan mo’g’ul qabilalariga mansub urug’. So’nggi davrda (XIX-XX asrlar) ular o’zlarini o’zbek qabilalari deb hisoblaganlar.
ARSHAKIYLAR – miloddan avvalgi 250 yildan milodiy 224 yillargacha Parfiyada hukmronlik qilgan sulola. Sulolaga day qabilasining boshlig’i Arshak asos solgan. Bu davlatda hozirgi Sharqiy Eron va G’arbiy Turkmaniston yerlari tobe bo’lgan. Arshakiylar davlatining ilk poytaxti Ashxabod yaqinidagi Niso shahri xarobasi o’rnida bo’lgan.
AFRIG’IYLAR – Xorazmda milodning IV- VIII asrlarida hukmronlik qilgan sulola.
ASHTARXONIYLAR – Movarounnahrni idora qilgan sulola (1599-1753). 1556 yilda Astraxon (Xoji-Tarxon) xonligi Rossiya tomonidan bosib olingach, Jo’jixon nasliga mansub bo’lgan Astraxon xoni Yormuhammad o’z oila a’zolari va qarindoshlari bilan Buxoroga keladi. Buxoro xoni iskandar Yormuxammad va uning xamroxlariga uz mamlakatidan boshpana beradi. Yormuhammadning o’g’li Jonibek Sultonga o’z qizi Zuhrani xotinlikka beradi. Shu nikoxdan uch o’g’il (Dinmuhammad, Boqimuhammad, Valimuhammad) dunyoga keladi. Buxoro xoni Abdulmo’min o’ldirilgandan so’ng Shayboniylar naslidan valiahd yo’qligi uchun Jonibekning o’g’li Boqimuhammad xon taxtiga ko’tariladi. Shundan so’ng Buxoro xonligida ashtarxoniylar sulolasining hukmronligi boshlangan.
AHAMONIYLAR – miloddan avvalgi 558-330 yillarda Eronda hukmronlik qilgan sulola. Ahamoniylar sulolasiga miloddan avvalgi VIII asrda Elam yaqinidagi Parsa hududida yashagan qadimgi fors qabilalarining boshlig’i Ahamon asos solgan. Kir II davrida O’rta Osiyo hududlari ham Ahamoniylar sulolasiga bo’ysundirilgan. Uning davrida qadimgi Sharqning katta qismi o’z hukmronligiga bo’ysundiriladi va Ahamoniylarning Buyuk Imperiyasiga asos solinadi. Ahamoniylar davlati Aleksandr Makedonskiy tomonidan tugatiladi.
BARLOS (t.-m.) – o’zbek xalqi tarkibiga kirgan yirik urug’lardan biri. Barloslar tog’li va tog’ rayonlarida yashab, asosan chorvachilik bilan shug’ullanishgan. Barloslar tarixda mashhur urug’lardan biri bo’lib, Sohibqiron Amir Temur ham shu urug’ga mansub. Temuriylar davrida bu urug’dan ko’plab bek va amirlar yetishib chiqqan.
BEGOR (f.-t.) O’rta Osiyoda o’rta asrlarda mavjud bo’lgan majburiy ishlab berish majburiyati bo’lib, mehnatkash xalq xon va mahalliy hukmdorlar tarafidan davlat va feodallarning turli qurilishlari, jumladan, qal’a, saroy, yo’l qurilishi, kanal va ariqlar qazish kabi ishlarda tekinga ishlab berishga majbur qilingan.
BEK (t.) - O’rta Osiyo xonliklaridagi shahar yoki viloyat boshlig’i.
BEKLIK (t.) – Buxoro amirligida bek tomonidan idora etiladigan ma’muriy hudud. Buxoro amirligi XX asr boshlarida 27 ta beklikdan iborat bo’lgan.
BIY – ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi turkiy xalqlarning, jumladan, o’zbeklarning urug’ oqsoqollariga berilgan unvon.
BOBURIYLAR – Hindistonda 1526 yildan 1858 yilgacha hukmronlik qilgan sulola. Unga temuriylardan bo’lgan Zahiriddin Muhammad Bobur asos soldi.
BOTMON – Sharq mamlakatlari, jumladan, O’rta Osiyoda qadimgi davr va o’rta asrlarda mavjud bo’lgan og’irlik o’lchovi birligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |