4-§. Vazirlikning hay’ati, boshqa kengash, maslahat va ekspert organlari
39. Vazirlikda Vazir (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari (lavozimi bo‘yicha) hamda faoliyatning asosiy yo‘nalishlarida mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari tarkibidan iborat hay’at tashkil etiladi.
Hay’at a’zolarining soni va shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Vazir taqdimnomasi bo‘yicha tasdiqlanadi.
Hay’at quyidagilar bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi:
Vazirlikning mazkur Nizom bilan belgilangan asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining aniq vazifalari va topshiriqlari sifatli bajarilishini tashkil etish;
Vazirlik va davlat boshqaruvining boshqa organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishni ta’minlash;
qo‘shimcha choralar qabul qilish va ular faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida o‘zgartirishlar kiritish asosida investitsiya va tashqi savdo faoliyati sohasida amalga oshirilayotgan topshiriqlar natijadorligini baholash;
Vazirlikning markaziy apparati nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, tayyorlash va qayta tayyorlash.
Hay’at, shuningdek, Vazirlik vakolatiga tegishli boshqa masalalarni ham muhokama etish huquqiga ega.
Vazirlik hay’ati yig‘ilishiga zarur hollarda, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, davlat ulushi ustun bo‘lgan tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari (o‘rinbosarlari) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli xodimlari taklif etiladi.
Hay’at, agar uning yig‘ilishida a’zolarning yarmidan ko‘pi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli deb hisoblanadi. Qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hay’at qarorlari vazirning buyruqlari va hay’at bayonnomalari bilan amalga oshiriladi. Hay’at raisi va a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan taqdirda, vazir yuzaga kelgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hay’at a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma’lum qilishlari mumkin.
Hay’at faoliyati tartibi uning hay’ati tasdiqlaydigan reglamentda belgilanadi.
40. Vazirlik huzurida vazirning tegishli birinchi o‘rinbosari (kengash raisi), Vazirlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi alohida tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari va mutaxassislari hamda tadbirkorlik subyektlari va biznes-uyushmalar vakillaridan iborat tarkibda Jamoaviy maslahat kengashi tuziladi.
Jamoaviy maslahat kengashi a’zolarining soni, shaxsiy tarkibi va uning nizomi vazir buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Jamoaviy maslahat kengashi yig‘ilishida qabul qilingan qaror asosida kengash raisiga uning shaxsiy tarkibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi beriladi.
Quyidagilar Jamoaviy maslahat kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
investitsiya va tashqi savdo sohasida bozor usullari va boshqaruv mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
xususiy mulk va tadbirkorlikni yanada rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi muammoli hamda respublikada tadbirkorlik, investitsiya va savdo muhitini yaxshilash bo‘yicha masalalarni muhokama qilish;
tadbirkorlik faoliyatining tez sur’atlarda rivojlanishiga, xususiy mulk daxlsizligini himoya qilish huquqiy mexanizmlarini va kafolatlarini yanada mustahkamlashga, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga va ularning faoliyatiga noqonuniy aralashishni kamaytirishga, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni amalga oshirish mexanizmlarini tanqidiy ko‘rib chiqish;
ishlab chiqiladigan va Vazirlikka ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish orqali qonunchilik bazasini takomillashtirishda ishtirok etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |