Saylanma. Abdulla
Oripov
Ravo ko‘r, yuzingda bir xol bo‘layin,
Ko‘rsat ag‘yoringni, zavol bo‘layin.
Kattakon to‘y qilib nog‘ora chalgin,
To‘yingda suv tashib hammol bo‘layin.
1984
* * *
Oftob botib ketdi, egildi boshim,
Yulduzdek sochildi ko‘zimdan yoshim.
Hajringda bag‘rimni yerga berurman,
Tun bir lahad bo‘lsa, oy qabr toshim.
1984
* * *
Oqar
daryoga ham kimdir band bergan,
Hayot kimga zahar, kimga qand bergan.
Ey, g‘ofil, sarkash deb meni kamsitma,
G‘anim senga emas, menga pand bergan.
1984
* * *
Bilaman, o‘tadi shodlik bilan g‘am,
Bilaman, g‘animat erur har bir dam.
Payg‘ambar
atadim har zotni, ammo,
Muridim demadi hech bitta odam.
1984
* * *
Oh, o‘tgan u kunlar qaytmagay zinhor,
O’chgan muhabbatning yonmog‘i dushvor.
Nigohing qadama qarog‘imga sen,
Unda to‘kilmagan ko‘z yoshlarim bor.
1984
Do'stlaringiz bilan baham: