Saylanma. Abdulla
Oripov
Universitetda adabiy jarayon g'oyatda qizg'in edi. Adabiyotimizda iz qoldirgan va
qoldirayotgan ko'pdan-ko'p ijodkorlar o'sha yillari dorilfununning turli kurslarida tahsil
olishardi: Fakultetimizda adabiyot to'garagi muttasil faoliyat ko'rsatardi. Ozod
Sharafiddinov, Matyoqub Qo'shjonov kabi ustozlarimiz biz bilan soatlab mashg'ulot olib
borardilar.
She'rlarim matbuotda tez-tez bosila boshladi. Ozod akaning 'Oq yoli' bilan 'Sharq
yulduzi'da she'rlarim chiqdi. Yozuvchilar uyushmasidagi mushoiralardan birida
'Munojatni tinglab', 'Burgut' degan she'rlarimni o'qidim, o'sha kuni Abdulla Qahhor
nazariga tushdim. Mirtemir domla atrofida ko'p shogirdlari qatori saboq oldim.
Shayxzodadek donishmand ustozga ergashib, u kishi she'r o'qigan minbardan men ham
she'r o'qidim. Esimda, Eski shahardagi hozirgi 'Turon' kutubxonasida o'qigan she'rlarimni
tinglovchilar juda iliq kutib oldilar. Uchrashuvdan qaytayotganimizda Shayxzoda domla
bilagimdan tutib, 'Shoir, sizga bitta gapim bor. Ehtiyot bo'lgaysiz, ishqilib qarsaklardan
taltayib ketmasangiz bo'lgani', degan. Bu gaplar ham mening qulog'imga qo'rg'oshinday
quyilib qoldi.
Bu orada kitoblarim ketma-ket nashr qilindi. Ustoz G'afur G'ulom qatnashgan davralarda
she'rlarini o'z og'izlaridan necha-necha bora eshitdim. Bir safar G'afur
aka yelkamga
qoqib, 'Kecha televizorda she'r o'qigan bola senmisan. Yozaver, o'g'lim'
deganlarini hech
qachon unutmayman. Va nihoyat, bir kuni meni Oybek domla yo'qlayotganini aytib
qolishdi. Bu ulug' zot bemorroq bo'lganlari sababdanmi yoki salobatlari g'oyat
buyukligidanmi, xonadonlariga har qanday qalamkash yurak yutib borolmas, bahaybat
cho'qqiga boqqanday domlani uzoqroqdan tomosha qilib yurardik. Oybek domla bilan
uchrashuvlarimni hamda kechirgan hayajonimlarimni qog'ozga tushirsam bir
risola
bo'lar. Domlaga 'Armaniston' degan sherimni o'qib berganimda 'ingichka, ingichka', deb
qoyganlarini eslayman. Bu hitob sheringizda nozik qochirimlar bor degani bo'lsa kerak,
deb o'ylayman. Oybek domla keyingi safar chorlanganlarida qo'limga O'zbekiston
Yozuvchilar uyushmasiga a'zolikka tavsiya qog'ozini tutqazdilar. Ikkinchi tavsiya
Mirtemir domladan keldi. Shu yosinda uyishmaga Komil Yashin rayisliklarida a'zo bo'lib
kirdim.
So'ng turli matbuot idoralarida xizmat qildim, katta-kichik mukofotlarga, xalq shoiri
unvoniga sazovor bo'ldim. Mustaqillik yillarimizning buyuk in'omi O'zbekiston Qahramoni
unvoniga ham loyiq topishdi. Mustaqil O'zbekistonning birinchi Davlat madhiyasi matnini
yozishga musharraf bo'ldim. Asosiy ish faoliyatim ijod va ijodiy sohaga tegishli xizmatlar
bilan o'tayotir.'
("Ko'rgan bilganlarim". 2000-yil 23-yanvar.)
Do'stlaringiz bilan baham: