JANGDAN QAYTMAGAN SHOIRLARGA
Isming balki Sulton, balki Qodirsan,
Sen jangdan qaytmagan shahid shoirsan.
Lekin g‘olibsanki - safda hozirsan,
Sen saqlab qololgan jahoning menda.
Urush deganiga bo‘lsin ming la’nat,
Neki tirik bo‘lsa - aylagay g‘orat.
Sening qalaming ham sindirmish bevaqt,
Yetib-etolmagan armoning menda.
Beiz ketmadi, yo‘q, shahidlar qoni,
Quzg‘undan asradi mas’um dunyoni.
Agar ko‘kka yetsa tiriklar shoni,
O’zing orzu qilgan osmoning menda.
Har nechuk, shoirman - sen bilan jondosh,
To‘yingda to‘ydoshman, tirik yelkadosh.
Degayman, yosh umring o‘ylab, ey, qondosh,
Bitgum, bitilmagan dostoning menda.
1983
SO’NGGI URUSH
... Nahotki insoniyat o‘z kashfi bilan o‘zini o‘zi vayron etadi.
Javoharla’l NERU
Bir qadam qo‘ysang bas - naryog‘i o‘lim,
Bir qadam qo‘ysang bas. shaksiz halokat.
Odamzod boshida turibdi shu zum
Qazoyi muallaq, mudhish falokat.
Do'stlaringiz bilan baham: |