Spartada savdo – sotiq: Sparta davlati har qanday tashqi savdo- sotiqni taqiqlab qo’ygan edi. Birorta ham ajnabiy savdogar Spartaga kela olmas edi. Boshqa mamlakatlardan hyech qanday tovar keltirilmas edi. Savdo- sotiq faqat mahalliy bozorlarda qilinardi. Sparta pullarining noqulayligi ham savdo –sotiq ishlarini qiyinlashtirib qo’ygan edi. Pullar temirdan bo’lganligidan juda og’ir edi.
Spartaliklarning turmushi va tarbiyasi: Spartaning imtiyozli sinfi bo’lgan spartaliklar “tenglar jamoasi” deb ataladigan jamoani tashkil qilar edi. Bu – urug’doshlik jamiyatidan sinfiy jamiyatga o’tish davri uchun xarakterli bo’lgan harbiy demokratiya qoldig’i edi. Lekin tenglar jamoasi Sparta quldorlik davlati sharoitida ilotlar va periekllarni bostirish uchun hukmron sinfning harbiylashtirilgan birlashmasi ekanligi ma’lum bo’ldi.
Spartaliklar harbiy ish bilan shug’ullanganlar. Faqat ana shu harbiy ishgina spartalikka munosib mashg’ulot hisoblangan. Spartada kuchli va mustahkam jangchilar tarbiyalab yetishtirish uchun maxsus tarbiya sistemasi mavjud bo’lgan. Maktabda o’g’il bolalar jismoniy mashq va harbiy ish bilash shug’ulanganlar. Tarbiyadan maqsad- kuchli chiniqqan jangchi yetishtirish edi. O’g’il bolalar mumkin qadar qisqaroq so’zlashga o’rgatilgan. Onaning o’g’lini urushga jo’natayotganda atadigan so’zlari bunday lakonizmga misoldir. Ona o’g’liga qalqonni bera turib: “ Qalqon bilan yoki qalqonda qayt” degan.
Ilotlar: Sparta davlatining butun faoliyati ilotdlarni itoatda tutishga qaratilgan edi. Ilotlar butunlay huquqsiz edilar. Spartalik ilotni o’ldirishga haqli edi. Bugina emas,har yilda bir marta “kriptiya”( yunoncha –«o’ldirish») degan xunrezlik qilinardi. Spartalik yigitlar kechalar birga yig’ilishib, o’zlarini tanitmaslik maqsadida niqob va uzun plashch kiyib olishar, so’ngra ilotlar manziliga ravona bo’lishardi. Agar yo’lda ilotlarni uchratib qolishsa, hujum qilib ularni o’ldirishardi. Spartaliklar eng yosh va kuchli ilotlarni o’ldirishga harakat qilar edilar. Spartaning boshqa aholisidan ajralib turish uchun ilotlar maxsus kiyim kiyishgan, boshlariga esa it terisidan telpak kiyishardi. Armiyada ilotlar yordamchi vazifalarni bajarishar edilar. Bunday vahshiylik munosabatlariga ilotlar qo’zg’olon ko’tarish bilan javob berganlar. Eramizdan avvalgi 464-455 yillardagi qo’zg’olon ayniqsa katta qo’zg’olon bo’lib, bu Qadimgi Yunonistonda eng qattiq sinfiy kurashning namoyon bo’lishidir.
Boshqa yunon davlatlaridagi qullar bilan ilotlar o’rtasidagi farq shundan iborat ediki, ilotlar xususiy xo’jayinlarga emas balki , butun Sparta jamoasiga qarashli edilar, chunki Lakoniya ilotlarni qulikka solish davrida spartaliklarda ijtimoiy jamoa munosabatlari hali yo’qolgan emas edi.