Zaxirani shakllantirish usuli odatda kompaniya yoki firmaning kadrlar zaxirasi to’g’risidagi nizomida aks ettiriladi. Personal ushbu hujjatdan yaxshi xabardor bo’lishi darkor, chunki xodimlarni zaxiraga kiritish ular uchun katta qiziqtirish kuchiga ega.
Zaxirani shakllantirish quyidagi bosqichlardan iboratdir:
zaxiraga kiritishga mo’ljallangan nomzodlarni, dastlabki o’rganish va baholash;
zaxira tarkibiga nomzodlarni saralash;
zaxira tarkibiga kiritish;
zaxirani tayyorlashni tashkil etish;
zaxira tayyorlashni baholash.
Zaxiraga kiritish uchun nomzodlarni shakllantirishda ikkita ro’yxat tuziladi:
kadrlar zaxirasiga kiritish uchun nomzodlarning umumiy ro’yxati;
aniq lavozimlarni egallash uchun nomzodlarning umumiy ro’yxati.
Umumiy ro’yxatga kiritilishi mo’ljallangan nomzodlardan qaysilarini o’qitish zarurligi, nomzod shaxsiy xususiyatlarini hamda kelajakda undan rahbarlik lavozimida foydalanishni hisobga olgan holda uni tayyorgarlikdan o’tkazishning qaysi shaklini tanlashga aniqlik kiritish lozim?
Aniq lavozimga zaxiraga kiritilishi mo’ljallangan nomzodlarni shakllantirishda esa, eng avvalo, bu nomzodlarni baholash kerak. Baholash jarayonida nomzodning kelajakda egallashi mo’ljallanayotgan lavozim talablariga naqadar muvofiqligi aniqlanadi.
Kadrlar zaxirasi bilan ish olib borish ham bir necha bosqichdan iborat.
1. Zaxiraga bo’lgan ehtiyojni tahlil etish.Zaxirani shakllantirishga kirishishdan avval quyidagilarni aniqlab olish muhimdir:
korxona personali tarkibidagi o’zgarishlar prognozi;
—nomenklaturadagi lavozimlarning zaxira bilan ta’minlanganlik darajasi;
— har bir lavozim yoki lavozimlar guruhiga zaxiradan nechtadan nomzod to’g’ri kelishi.
Ana shu taxlillar natijasida zaxiraga joriy va istiqboldagi ehtiyoj aniqlab olinadi.
Kadrlar zaxirasi eng maqbul miqdorini aniqlash uchun quyidagilar hisobga olinishi kerak:
—korxonaning boshqaruv xodimlariga 5 yilgacha bo’lgan muddatdagi ehtiyoji;
ayni vaqtgacha boshqaruvning har bir darajasi uchun amalda tayyorlangan zaxira (zaxiraga kiritilgan xodim qaysi joyda tayyorgarlikdan o’tganidan qat’iy nazar);
kadrlar zaxirasidan chiqarilgan xodimlar (shaxsiy tayyorgarlik rejalarini bajarmaganliklari, ishlash uchun boshka korxonaga o’tganligi, ko’chib ketganligi va boshqa sabablarga ko’ra) salmog’i;
boshqaruv tarkibidagi o’zgarishlar natijasida lavozimi qisqartirilgan, ammo boshqa lavozimlarda foydalanish mumkin bo’lgan rahbar xodimlar soni.
Bu masalalarga kadrlar zaxirasi shakllangunga qadar aniqlik kiritilishi kerak.