Pulning o’ziga xos xususiyatlari
Reja
Pulning paydo bo‘lish sabablari.
Pul shakllari va turlarining evolyusiyasi. Pulning mohiyati va uning namoyon bo‘lish shakllari.
Pulning o’ziga xos xususiyatlari
Pulning paydo bo‘lish sabablari.
Tayanch iboralar: qiymat, maxsulot, tovar, ekvivalent, munosabat, xususiyatlar.
Pul maxsulot, tovarlarni ishlab chiqarish va xaridorlarga kerakli vaqt, miqdor va sifatda ma’lum shartlarda ayirboshlashni tashkil etish va boshqarish maqsadida vujudga keldi va xizmat qilmoqda.
Fanning predmeti, pulning paydo bo‘lish sabablari, pul shakllari va turlarining evolyusiyasi, uning mohiyati va uning namoyon bo‘lish shakllari, funksiyalari, Qiymat shakllarining evolyusiyasi. Qiymatning shakllari, boshqa iqtisodiy kategoriyalardan ajralib turuvchi o‘ziga hos xususiyatlari hamda kredit pullari va ularning turlarini chuqurroq o‘rgatadi.
SHuningdek, pul to‘g‘risidagi nazariyalar, uning shakllari,uning yuzaga kelish shart-sharoitlari, nazariyalarni yaratgan olimlarni fikr va g‘oyalari, kamchiliklari haqida o‘rganadi.
Pul aylanmasi va uning tarkibi, naqd va naqdsiz pullar, ularni aylanish tamoyillari, shakllari haqida gap boradi. SHuning bilan birga, pul muomalasini tashkil qilish va pul massasi, pul muomalasi qonunlari, pul agregatlari, muomala uchun zarur bo‘lgan pul miqdorini aniqlash uslublari,pul muomalasi qonunlarining buzilishi hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari yoritilgan.
Pul tizimi: tushunchasi, shakllari va elementlari, O‘zbekiston Respublikasi pul tizimining rivojlanish bosqichlarini o‘rganadi. Pul islohotlarini amalga oshirishning zarurligi, ularni amalga oshirish shart-sharoitlari, pul islohotlarini amalga oshirish usullari keng yoritilgan.
Inflyasiya va uning turlari, yuzaga kelish sabablari, ijtimiy va iqtisodiy oqibatlari, inflyasiya to‘g‘risida nazariyalar hamda pulning barqarorligini ta’minlash yo‘llari yoritilgan.
SHuning bilan birga, kreditning zarurligi, mohiyati va funksiyalari, tamoyillari, xarakterli belgilari, xususiyatli tomonlari yoritilgan. Kreditning iqtisodiy barqarorlikdagi o‘rni ochib berilgan.
Kredit munosabatlarining rivojlanish bosqichlarining yuzaga kelish sabablari. Kredit munosabatlarining rivojlanish bosqichlari, shakllari va turkumlanishi, kreditning bahosi va unga ta’sir qiluvchi omillar yoritib berilgan.
SHuning bilan birga, banklarning kelib chiqishi va bank tizimi, Markaziy bank va uning funksiyalari, ularning aktiv va passiv operatsiyalari, ularni mustaqilligi keng yoritib berilgan.
Tijorat banklari va ularning bajaradigan funksiyalari, ularni tashkil etish va iqtisodiyotni rivojidagi o‘rni yoritilgan.SHuning bilan birga nobank kredit tashkilotlari, zarurligi va ularning turlari,vazifalar ularni tartibga solish masalalari hamda kredit tizimi, elementlari va uning barqarorligiga ta’sir qiluvchi omillar ochib berilgan.
SHuningdek, halqaro valyuta munosabatlari, asoslari, milliy valyuta tizimi va turlari, vazifalari va ularni tartibga solish masalalari yoritilgan. SHuning bilan birga, halqaro moliya institutlari va ularning turlari maqsadi va vazifalari bajaradigan operatsiyalarini o‘z ichiga olgan keng qamrovli fanning predmetlarini o‘z ichiga olgan.
Uzoq qadimdan ishlab chiqarishning va tovar munosabatlarini rivojlanishi natijasida pul yuzaga chiqa boshlagan. Bizning fikrimizcha pulning yuzaga chiqishiga bevosita quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan:
1. Jamiyatda mehnat taqsimotini hamda mahsulotlar almashuvini yuzaga chiqishi.
2. Natural xo‘jalikdan asta —sekin tovarlarni ishlab chiqarish va ularni ayirboshlashga o‘ta boshlashi;
3. Tovar mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va mol —mulk jihatidan mustaqil mulkdorlarning shakllanib borishi;
4. Ayirboshlash jarayonida ekvivalentligi (moslik) yuzaga chiqishi va unga rioya etila borishligi.
Insoniyat rivojlanishining ilk davrlarida insonlar jamoa bo‘lib yashaganlar va ular o‘zlarining natural xo‘jaligini yuritganlar. Natural xo‘jalik sharoitida pul bo‘lmagan, chunki unga xech qanday talab va ehtiyoj bo‘lmagan. Natural xo‘jalikda mahsulot ishlab chiqarilgan, tovar emas. CHunki ushbu xo‘jalikda mahsulotlar o‘z ehtiyojlarini qondirishga sarflangan. Faqatgina ehtiyojdan ortib qolgan mahsulot tasodifiy tarzda boshqa natural xo‘jalikdagi ortiqcha mahsulotga ayirboshlangan holos.
Dexqonchilik, chorvachilik va xunarmandchilikning ajrab chiqishi tufayli ularda endi mahsulot bilan bir vaqtda tovar ishlab chiqarish paydo bo‘ldi. Ushbu ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zlaridagi etishtirilgan ortiqcha mahsulotlarni o‘zlarining ehtiyojini qondirish maqsadida boshqa mahsulotlarga doimiy ravishda ayirboshlashga kuchli ehtiyoj yuzaga chiqdi. Ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘z ehtiyojini kondirish uchun emas, balki uni ayriboshlash maqsadida etishtirgan mahsuloti tovarga aylandi.
Umumiy ekvivalentna o‘tishning zaruriyati shundan iboratki, jamiyatda ishlab chiqarish tarakkiyotining malum boskichida bozorda tovarlar ayirboshlashi muntazam xodisaga, iqtisodiy xayotning muhim omiliga aylangan. Jamiyat azolari tovarlar ayirboshlashsiz yashay olmay qolgan va xar bir ishlab chiqaruvchi mehnati mahsuliga umumiy o‘lchov birligi zarur bo‘lib qolgan, Faqatgina umumiy ekvivalent rolini bajaruvchi tovargina barcha mahsulotlar uchun ulchov vositasiga aylangan. Bundan malum bir tovar egasi, o‘zining shaxsiy istemoli uchun zarur bo‘lgan boshqa bir tovarni olish maqsadida u dastlab o‘zi etishtirgan tovarni bozorda umumiy ekvivalent rolini bajaruvchi tovarga ayirboshlagan.
Ishlab chiqarishning kengayib borishi, tovar munosabatlarini rivojlanishi natijasida bozor pul rolini uynovchi metallarga quyidagi talablarni qo‘yadi:
metalning tabiatda kamyobligi
metallning bir tarkibliligi;
kerakli mikdorda olishning qiyinligi;
qiymatni yuqotmasdan, yoki juda kam mikdorda yo‘qotish asosida bo‘linishi (maydalanishi);
ixchamligi va engilligi;
uzoq muddat davomida zanglamasdan saqlanishi.
Biz yuqorida ta’kidlab o‘tgan talablarga aynan kumush hamda undan ko‘p mikdorda oltin to‘la javob bergan. Ushbu talablarga javob bergan kumush ham uni ko‘p miqdorda hamda kam harajat bilan qazib olinishi va qayta ishlanishi sababli u oltinga bas kela olmagan.
Pul shakllari va turlarining evolyusiyasi. Pulning mohiyati va uning namoyon bo‘lish shakllari.
Har bir iqtisodiy kategoriyada amal qiluvchi hamda mamlakat rivojlanishining asosiy dastaklaridan biri pul bo‘lib, bozor iqtisodiyotiga o‘tish va unda ish yuritishda pulning mavqei va ahamiyati yanada oshib boradi. Darhaqiqat, pul - «bozor tili» deb bekorga aytishmagan. Har bir iqtisodiy axborot, tovarlar va xizmatlar bahosi, to‘lovlar, daromadlar va xarajatlar, moliyaviy talablar va majburiyatlar, iqtisodiy aloqalar makro va mikro darajalarda faqat pulda ifoda qilinadi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida pulning ahamiyatining oshishi shundaki, jamiyatimizda mavjud yuridik va jismoniy shaxslar faoliyati hamda ularning natijasi daromadi pul bilan bog‘liq. SHuning uchun ham, pul barcha iqtisodiy rivojlanish pog‘onalarida odamlarni o‘ziga jalb qilib kelgan.
Avstraliyalik iqtisodchi olim K. Mengerning fikricha, Arastu va Aflotundan boshlab XX asrning boshigacha pul to‘g‘risida jahonda besh-olti mingdan ortiq maxsus ishlar chop qilingan. Agar biz, hozirgi kunda pul to‘g‘risida yozilgan va chop qilingan adabiyotlar soni bir necha marta oshib ketgan, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Tadqiqotlar shunchalik ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, pul va uning xususiyatlari, har bir tizimda ishlatilishi, roli, iqtisodiyotga ta’siri, nega alohida olingan individumlar qo‘lida pulning ko‘payishi, ular boyligining ko‘payishiga olib keladiyu, jamiyat miqyosida muomaladagi pul massasining ko‘payishi jamiyat boyligi ortib borishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, degan savollarga hali to‘liq javob berilgan emas.
Pul va uning vazifalari to‘g‘risida mavjud xorijiy mamlakatlar iqtisodchilarining qo‘llanmalarini olib qaraydigan bo‘lsak, pulning kelib chiqishi to‘g‘risida ikki xil g‘oya mavjudligini ko‘rishimiz mumkin. Bular ratsionalistik va evolyutsion g‘oyalardir.
Ratsionalistik qarashning asoschilaridan biri Arastu bo‘lib, u pulning kelib chiqishining asosini o‘zaro bir-biriga teng qiymatni harakatga keltiruvchi biror bir maxsus «qurol», kishilar orasida o‘zaro kelishuv natijasida qabul qilingan shartli birlik ekanini aytadi. O‘zaro tovarlarni almashtirishda pul qatnashmaganda, tovarni sotish jarayoni tovarni sotib olish jarayoni sifatida yuzaga kelgan. Tovarlar o‘rtasidagi proporsiya tasodifan, masalan, sotilishi kerak bo‘lgan mahsulotga talab qay darajada va uning miqdori kam-ko‘pligiga bog‘liq holda o‘rnatilgan. Keyinchalik, shu tovarlar ichidan umumiy ekvivalent sifatida ba’zi tovarlar ajralib chiqdi. Jamiyatning rivojlanishi muomalaga metallarning kirib kelishiga olib keladi.
Rivojlanishning birinchi bosqichlarida mis, bronza, temir ishlatilib, almashinuv T-P-T shaklida olib borilgan. XVIII asrlarning oxirigacha pul tomonlar o‘rtasidagi shartnoma vositasi deb qarab kelingan. Hozirgi vaqtda ham ba’zi chet el olimlari, masalan, Pol Samuelson pulni sun’iy sotsial shartlashish belgisi1 deb izohlagan. Boshqa amerikalik olim Jon Gelbreyt qimmatbaho metallarning pul vazifasini bajarishi bu kishilar o‘rtasidagi kelishuvning mahsuli ekanligini uqtiradi.
Uzoq yillar davomida sobiq SSSRda pul va pul muomalasi sohasidagi tadqiqotlar K. Marksning ta’limoti asosida olib borilgan. U pulning kelib chiqishini tadqiq qilishda A. Smit, D. Rikardolarning tadqiqotlariga asoslangan holda, pulning mohiyatini ochib berishga harakat qilgan. SHuningdek, u pulning o‘zi ham tovar ekanligini, pulning kelib chiqishi bosqichlarini izohlab bera oldi. U oltin va kumush qazib olish va ishlatish uchun ma’lum mehnat sarflanadi, shu mehnat oltin va kumushda gavdalangan holda, boshqa tovarlarning qiymatini o‘lchashning asosi bo‘lib xizmat qiladi, deb ko‘rsatgan. Hozirgi vaqtda yuqoridagiga o‘xshagan real pullar o‘rniga o‘z qiymatiga ega bo‘lmagan qog‘oz va kredit pullar muomalada ishlatilmoqda. SHuning uchun qog‘oz va kredit pullar pul kelib chiqishi to‘g‘risidagi ratsionalistik konsepsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri isboti bo‘la olmaydi. Qog‘oz pullar yuzaga kelguncha, jamiyat bir necha rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tgan.
Pulning kelib chiqish tarixi ko‘proq pulning evolyusion nazariyasi bilan bog‘liq. Tovar muomalasining evolyusion rivojlanish jarayonida umumiy ekvivalent shaklini har xil tovarlar o‘ynagan. Har bir jamoa o‘z tovarini ekvivalent sifatida o‘rtaga qo‘ygan. Lekin jamiyat taraqqiyoti shu tovarlar ichidan ikki guruh tovarlarning ajralib chiqishiga olib keldi. Bular – birinchi ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan tovarlar va zebu ziynat tovarlaridir.
Ishlab chiqarishning rivojlanishi natijasida dehkonchilik va chorvachilikdagi mehnat taqsimoti, tovar turlarining ko‘payishi almashinuv jarayonining yanada rivojlanishini taqozo qildi. Almashinuv jarayonida tovar egalari o‘zaro muloqotda bo‘lib, tovarning egasi o‘z mahsulotini (mulkini) baholagan. SHu baholash jarayoni biror o‘lchov birligi bo‘lishini taqozo qilgan. O‘tgan asrdagi iqtisodchilar pul – bu tovarlarning tovari, deb ifodalashgan va uning quyidagi xususiyatlarini izohlab berishgan: Birinchidan, pulning iste’mol qiymatida boshqa tovarlarning qiymati o‘z ifodasini topadi. Ikkinchidan, pulda ifodalanadigan aniq mehnat asosini abstrakt mehnat tashkil qiladi. Uchinchidan, pulda ifodalanuvchi xususiy mehnat ijtimoiy mehnat sifatida namoyon bo‘ladi.
SHunga asoslangan holda, pul ham tovar, lekin boshqa tovarlardan farq qiluvchi xususiyatlarga ega bo‘lgan maxsus tovar degan xulosaga kelish mumkin. Uning maxsus tovar sifatida xususiyati shundaki, u barcha tovarlarning qiymatini o‘zida ifoda qiluvchi, umumiy ekvivalent hisoblanadi.
Pul qanday shaklda bo‘lishidan qat’iy nazar pul bo‘lib qolaveradi. YUqoridagilarga asoslangan holda, pulning mohiyatini quyidagicha ta’riflashimiz mumkin. Pul – bu maxsus tovar, umumiy ekvi-valent bo‘lib, abstrakt mehnat xarajatlarini o‘zida aks ettiradi va tovar xo‘jaligidagi ijtimoiy ishlab chiqarish munosabatlarini ifodalaydi.
Pul to‘g‘risidagi evolyusion nazariya uning o‘lchov birligi va muomala vositasi ekanligini ochib beradi.
CHet el iqtisodchilari pulning iqtisodiy kategoriya sifatida mohiyati va zarururiyatiga kam e’tibor qaratganlar. 1857 yilda taniqli ingliz iqtisodchisi U.Djevons, iqtisodiy fanlar uchun pul masalasi bu geometriyadagi aylana kvadraturasiga teng demakdir, degan ekan. SHuning uchun chet el iqtisodchilari bu bobni chetlab o‘tishgan. XX asrning 50 - yillaridagi darsliklarning mualliflari pulning mohiyatidan ko‘ra uning iqtisodiyotga, ishlab chiqarish va bandlik, moddiy resurslar va ulardan foydalanishga ta’sirini o‘rganish muhimroqdir, deb ta’kidlashgan va ko‘p chet el olimlari shu yo‘nalishda ish olib borishgan. Hozirgi vaqtda pul to‘g‘risida bizda mavjud chet el adabiyotlarida ko‘rilgan masalalar fikrimizning isboti bo‘lishi mumkin. Haqiqatan ham, bozor iqtisodiyotga o‘tish sharoitida pulning zarurligi, mohiyatini tadqiq qilishdan ko‘ra, pulning iqtisodiyotga, ishlab chiqarishga, bandlikka ta’sirini tadqiq qilish jamiyatimiz uchun ahamiyatliroq deb o‘ylaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |