Shu bilan birga o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish uchun zarur sharoitlarni shakllantirish bo‘yicha faol ishlar olib boriladi. Shu maqsadda Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi texnik missiyasini jalb etish asosida 2018 yilning birinchi choragida «Pul-kredit siyosatini rivojlantirish va amalga oshirishning o‘rta muddatli konsepsiyasi»ni ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda. 2. Yuridik va jismoniy shaxslarning xorijiy valyutani sotish va xarid qilish tartibini yanada takomillashtirish va soddalashtirish bo‘yicha choralar qabul qilinadi, bank operatsiyalaridan foydalanish darajasi oshiriladi, xususan: a) xorijiy valyutalar oldi-sotdi operatsiyalarini masofadan turib amalga oshirish mexanizmlari (banklarning mobil ilovalari orqali milliy va xorijiy valyutadagi to‘lov kartalarini konversiyalash) joriy etiladi; b) mamlakat hududida tegishli bankomatlar tarmog‘ini kengaytirish orqali konversion to‘lov kartalaridan naqd xorijiy valyuta echishga ruxsat beriladi.