Davlat krediti.
Davlat krediti. Ushbu kreditning asosiy belgilaridan biri kreditni berish
yoki olish jarayonida davlat bevosita ishtirok etadi. Ko’pchilik hollarda esa
davlat kreditor sifatida yuridik va jismoniy shaxslarga kreditlar beradi.
Davlat krediti munosabatlari jarayonida uning sub’ektlari sifatida
davlat nomidan markaziy va mahalliy davlat boshqaruv organlari maydonga
chiqsa, ikkinchi tomondan yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etadi. Davlat
kreditining vujudga kelishida an’anaviy ravishda ko’pchilik hollarda davlat
byudjeti taqchilligini qoplash yoki yirik investitsion loyihalarni amalga
oshirish maqsadida o’z nomidan qimmatli qog’ozlarni muomalaga chiqaradi.
Davlat byudjetining taqchilligini qoplashda davlat tomonidan chiqarilgan
qimmatli qog’ozlar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinadi.
Bunda yuridik va jismoniy shaxslar kreditor sifatida namoyon bo’ladi. Davlat
byudjeti taqchilligini qoplashning boshqa manbalari ham mavjud bo’lib.
Ularning asosiylari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
amaldagi soliq stavkalari miqdorini oshirish;
muomalaga qo’shimcha pullarni (xazina biletlarini) emissiya qilish;
Markaziy bankdan kredit qarzlarini olish;
Halqaro kredit va moliyaviy yordam so’rash;
Davlatning qimmatli – qog’ozlarini muomalaga chiqarish.
Davlat byudjeti taqchilligini qoplash uchun amaldagi soliq stavkalari
miqdorini oshirish iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishiga salbiy ta’sir
ko’rsatadi. Bunday holatda, xo’jalik yurituvchi sub’ektlar soliq bazasini
kamaytirib ko’rsatish, ikkilamchi buxgalteriyani yuritish hamda xufyona
iqtisodiyotning rivojlanishiga moyillik tug’iladi. Natijada, mamlakatda
iqtisodiyotning rivojlanishi va aholining turmush farovonligini ta’minlashda
salbiy holatlar yuz beradi.
Muomalaga qo’shimcha pullarni chiqarish hisobiga davlat byudjeti
taqchilligini qoplanishi iqtisodiyotda tovar va pul massasi o’rtasidagi
muvozanatni ta’minlashga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Ya’ni, pul massasi tovar
massasiga nisbatan ortib ketadi, bunday xolatda milliy valyutaning sotib olish
qobiliyati pasayadi va inflyatsiya darajasining ortishiga sabab bo’ladi.
Markaziy bankning krediti davlat byudjeti taqchilligini qoplashning
boshqa manbalariga nisbatan bir muncha samaraliroq hisoblanadi, lekin
Markaziy bank tomonidan berilgan kreditlar asosan 3 oy muddatga berilib,
ushbu muddatdan ortib ketishi mumkin emas.
Davlat byudjeti taqchilligini qoplashda halqaro kredit va xorijiy
mamlakatlarning moliyaviy yordamini olish doimo ham ijobiy natijalarni
bermaydi. Chunki, kreditor mamlakat qarz oluvchi mamlakatga qator
shartlarni qo’yadi. Ayrim holatlarda kreditlar berish orqali kreditor mamlakat
siyosiy va iqtisodiy taziyq o’tkazish holatlari ham amaliyotda uchrab turadi.
Shuning uchun davlat byudjetining taqchilligini qoplashning eng qulay usuli
davlatning qimmatli qog’ozlarni yuridik va jismoniy shaxslarga sotish orqali
kredit olishi hisoblanadi. Shu bilan birga, alohida ta’kidlash lozimki, davlat
krediti faqatgina byudjet taqchilligini qoplash uchun emas, balki
iqtisodiyotni tiklash (asosan tabiiy ofatlar yoki urushlardan so’ng),
mamlakatda ijtimoiy – iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan qurilish ishlarini
bajarish yoki sanoat tarmoqlarining alohida sohalarini rivojlantirish uchun
uzoq muddatlarga (5, 10 yil) olinishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |