Pul birligi. Pul birligi va uning nomi hukumatning tegishli qonun va
me’yoriy hujjatlari asosida belgilanadi. Qonun va tegishli me’yoriy hujjatlar
asosida belgilab qo‘yilgan pul belgilari mamlakatda yagona to‘lov vositasi
vazifasini bajaradi. Mamlakat iqtisodiyotida muomalada bo‘lgan pul birligi
o‘zining nomiga ega bo‘ladi. Milliy valyutaning nomi barcha mamlakatlarda
turlicha nomda yuritiladi. Masalan, AQShda dollar, Buyuk Britaniyada funt
sterling, Xitoyda yuan va boshqalar (quyidagi jadvalda jahon mamlakatlarining
pul birliklarining nomlari keltirilgan).
Pul tizimining turlari
Kishilik jamiyatining vujudga kelishi, rivojlanishi va takomillashuvi
barobarida tovar – pul munosabatlari ham shunga monand holda rivojlanib va
takomillashib kelmoqda. Shuningdek, pul tizimi ham mavjud ijtimoiy –
iqtisodiy jarayonlar davomida ikki turdan iborat bo‘ldi. Xususan:
– metall pullar tizimi, bunda tovar pul (qimmatbaho metall) muomala
vositasini bajaradi, metall pullar to‘lov vositasini bajarganda ularda pulning
barcha funktsiyalari namoyon bo‘ladi;
– qog‘oz – kredit pullar tizimi, oltin va kumush tanga pullar evolyutsion
tarzda qog‘oz – kredit pullari tomonidan muomaladan siqib chiqarildi.
Metall pullar tizimi sharoitida metall qanday shaklda bo‘lishidan qa’tiy
nazar, to‘lov vositasi sifatida qabul qilindi. Metall pullar tizimi ikkiga bo‘linib,
birinchisi, bimetallizm, ikkinchisi, monometallizm sifatida guruhlanadi.
Bimetallizm– bu pul tizimida davlat qonuniy jihatdan to‘lov vositasi ikkita
metallni (odatda oltin va kumush) chegaralanmagan miqdorda erkin zarb
qilishga ruxsat beradi.
O‘z navbatida bimetllizm tizimi uchta shaklda amal qildi:
– birinchidan, parallel valyuta tizimi, ushbu metall pullar o‘rtasidagi
munosabat ularning bozor bahosidan kelib chiqqan holda stixiyali ravishda
o‘rnatildi;
– ikkinchidan, ikkiyoqlamali valyuta tizimi, metall pullar o‘rtasidagi
munosabat davlat tomonidan belgilandi va shuning asosida oltin va kumush
tangalar zarb qilindi;
– uchinchidan, «oqsoq» valyuta tizimi – ushbu tizimda oltin va kumush
tangalar qonuniy to‘lov vositasi sifatida xizmat qildi, lekin kumush tangalar
yopiq holda, oltin tangalar esa erkin zarb etildi. «Oqsoq» valyuta tizimi
deyilishiga sabab kumush tangalar ushbu davrda to‘laqonli valyuta sifatida
umum ekvivalent rolini amalga oshirmaydi.
Muomalada ikkita metall pulning vazifasini bajargan paytda ular o‘rtasida
bahoni aniqlashda muammolar va ziddiyatli holatlar vujudga keldi. Shu bilan
birga, pul tizimining bimetllizm shakli beqaror va bir – biriga o‘zaro qarama –
qarshi edi. Shuningdek, rivojlangan tovar – pul munosabatlari sharoiti
talablariga yetarli darajada javob bermas edi.
Pul tizimining bimetallizm shakli hukm surgan davri asosan XVI – XVII
asrlarga to‘g‘ri keladi. Yevropa mamlakatlarida 1866 yillarda bimetallizm pul
tizimini saqlab qolish maqsadida kumushning qiymatini oltinga nisbati rasmiy
belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, o‘sha paytda kumush va oltin o‘rtasida
munosabat 15,5:1nisbatda o‘rnatildi. XIX asrning o‘rtalarida ushbu tenglik
o‘rtasida farq kengayib 22:1 tartibda belgilandi. Buning natijasida oltin va
kumush tangalar muomaladan chiqib, boylik jamg‘armasini bajara boshladi.
Jamiyatda tovar – pul munosabatlarining rivojlanishi va ijtimoiy – iqtisodiy
yagona umumekvivalent vazifasini bitta metall pul bajarish zarurligini
ko‘rsatdi. Buning natijasida monometallizm pul tizimi shakllandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |