3. O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining mehnatni boshqarishdagi roli
O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, mehnat, aholini ish bilan ta’minlash, ijtimoiy muhofaza qilish va aholining ijtimoiy ta’minoti sohasida davlat boshqaruvining markaziy organi hisoblanadi. Vazirlik o`z ishini davlat boshqaruvining boshqa organlari, viloyatlar hokimiyati organlari hamda jamoat tashkilotlari bilan o`zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Vazirlikning o`z vakolatlari doirasida qabul qilinadigan qarorlari vazirliklar, idoralar, joylardagi hokimiyat va boshqaruv organlari, xo`jalik birlashmalari, korxonalar va muassasalar, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilib boriladi.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, viloyatlar hokimliklarining mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalari, mehnat, aholini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy muhofaza qilish tuman (shahar) bo`limlari, ijtimoiy ta’minot tuman (shahar) bo`limlari, shuningdek, vazirlikka va uning hududiy bo`linmalariga qarashli boshqa tashkilotlar mehnat va respublika aholisini ijtimoiy muhofaza qilish organlarining yagona tizimini tashkil etadi. Vazirlik o`ziga tegishli masalalarni hal etishda barcha organlar faoliyatini tashkil etadi va uni muvofiqlashtiradi. SHu bilan birga vazirlik pensiya jamg’armasining va Ish bilan ta’minlashga ko`maklashish davlat jamg’armasining mablag’larini bevosita boshqaradi.
quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
— xalqning moddiy farovonligi barqaror izchil o`sishini ta’minlashga qaratilgan yagona ijtimoiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish, iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish sharoitlarida aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish;
— demografik rivojlanish prognozlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, mehnat bozorini shakllantirishga doir faol siyosat yuritish va mehnatga yaroqli aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash, mehnat resurslari balanslari asosida ish o`rinlari barpo etish va kadrlar tayyorlashning maqsadli dasturlarini ishlab chiqish;
— mehnat munosabatlarini tartibga solish, mehnatni muhofaza qilish va normalashtirishning shartlari, tashkil etish tizimlarini takomillashtirish yuzasidan bozor sharoitlariga muvofiq choratadbirlarni ishlab chiqish;
— pensionerlar, nogironlar, ko`p bolali va kam ta’minlangan oilalarni amalda ijtimoiy muhofaza qilishni ta’minlash choratadbirlarini amalga oshirish, aholining ijtimoiy nochor qatlamlarini aniq muhofaza qilishning samarali mexanizmini ishlab chiqish va amalga oshirish;
— ijtimoiy ta’minotni tashkil etish va boshqarish, nogironlarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o`tkazish va sog’lomlashtirish xizmatlari faoliyatiga rahbarlik qilish, aholiga protez-ortopediya yordami ko`rsatilishini tashkil etish;
— mehnat, ish bilan ta’minlash, pensiya ta’minoti va aholiga ijtimoiy xizmat ko`rsatishni takomillashtirish masalalari bo`yicha vazirliklar, idoralar, xo`jalik birlashmalari, viloyatlar, shaharlar, tumanlar hokimliklariga, korxonalar va tashkilotlarga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirish;
— aholini ish bilan ta’minlashni tashkil etish va uning ijtimoiy muhofaza qilinishini kuchaytirishda joylardagi hokimiyat organlariga va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga har tomonlama ko`maklashish.
Do'stlaringiz bilan baham: |