16.2. Ichki ishlar organlari xodimlariga pensiyalarni to‘lash tartibi. Pensiya ta’minotining moliyaviy manbalari Xizmatdan pensiyaga chiqish munosabati bilan bo’shatilgan xodimga pensiya tayinlash uchun zarur bo’lgan hujjatlar ichki ishlar organlarining kadrlar (bosh) boshqarmalari tomonidan qabul qilinadi. Pensiya tayinlash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o’taganligi bo’yicha pensiya tayinlash uchun:
mazkur Yo’riqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shaklda ariza;
fuqarolik pasportining, nikoh tuzilganligi yoki bekor qilinganligi to’g’risidagi va voyaga etmagan farzandlarining tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomalarning nusxalari;
xizmat yili hisobi;
pul ta’minoti varaqasi;
yashash joyi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi (bundan buyon matnda Pensiya jamg’armasi deb yuritiladi) tuman (shahar) bo’limlari tomonidan davlat pensiyalari tayinlanmaganligi to’g’risidagi ma’lumotnoma.
nogironlik pensiyasi tayinlash uchun mazkur bandning «a» kichik bandida nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga kasallik tarixidan ko’chirma va O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi Tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (bundan buyon matnda TMEK deb yuritiladi) tomonidan nogironlikni belgilash to’g’risidagi ma’lumotnoma;
mazkur Yo’riqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shaklda ariza;
boquvchisining vafot etganligi to’g’risida o’lim guvohnomasi nusxasi;
boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi tayinlanayotgan shaxsning fuqarolik pasporti, nikoh tuzilganligi yoki bekor qilinganligi to’g’risidagi va voyaga etmagan farzandlarining tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomalarining nusxalari;
yashash joyi bo’yicha Pensiya jamg’armasi tuman (shahar) bo’limlari tomonidan davlat pensiyalari yoki nafaqalari tayinlanmaganligi to’g’risidagi ma’lumotnoma;
xizmat vazifalarini bajarish paytida yaralanish, kontuziya olish, mayib bo’lish va kasallanish tufayli o’lim to’g’risida xulosa va xodimning vafot etganligi munosabati bilan ichki ishlar organlaridagi shaxsiy tarkib ro’yxatidan chiqarilganligi to’g’risida buyruqdan ko’chirma (zarur bo’lganda);
chin etimlarga pensiya tayinlangan holatlarda mahalliy davlat hokimiyati organlarining vasiylik yoki homiylikni tayinlash to’g’risidagi qarori nusxasi;
TMEK tomonidan nogironlik belgilanganligi to’g’risida
ma’lumotnoma (turmush o’rtog’i, ota-onasiga pensiya tayinlanganda); pul ta’minoti varaqasi.
Ichki ishlar organi pensioneri vafot etganligi munosabati bilan dafn etish marosimi uchun uning oila a’zolariga nafaqa tayinlash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
nafaqa tayinlash to’g’risida ariza (ixtiyoriy shaklda);
murojaat etgan shaxsning fuqarolik pasporti nusxasi;
boquvchisining vafot etganligi to’g’risida o’lim guvohnomasi nusxasi;
nafaqa uchun oila a’zosi murojaat etmagan holatlarda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organi tomonidan dafn marosimini o’tkazgan shaxs to’g’risidagi ma’lumotnoma.
8. Ichki ishlar organlarining kadrlar (bosh) boshqarmasi mas’ul xodimi tomonidan xodimning xizmatni o’taganligi to’g’risidagi ma’lumotlar pensiya tayinlash uchun arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida tekshiriladi hamda kalendar va imtiyozli hisobga olinadigan davrlari, umumiy xizmat yili hisoblab chiqiladi va belgilangan tartibda tasdiqlanadi, shuningdek hisoblangan xizmat yillari ichki ishlar organlarining moliyaviy ta’minot xizmatlari bilan kelishiladi.
Ichki ishlar organlarining kadrlar (bosh) boshqarmasi tomonidan pensiya yoki nafaqa tayinlash bo’yicha to’plangan hujjatlar ichki ishlar organlarining moliyaviy ta’minot xizmatlariga taqdim etiladi.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida ichki ishlar organlarining moliyaviy ta’minot xizmatlari tomonidan pensiya tayinlash to’g’risida tegishli shaklda xulosa tayyorlanadi.
Pensiya tayinlash to’g’risidagi xulosa ichki ishlar organi rahbari, uning o’rinbosari yoki vakolat berilgan mas’ul xodim tomonidan tasdiqlanadi.
Xulosa xizmat muddatini o’taganligi, nogironlik hamda boquvchisini yo’qotganlik pensiyasini tayinlash uchun asos bo’ladi.
Pensiya tayinlash to’g’risidagi xulosa tasdiqlangandan so’ng, pensiyaga oid hujjatlar yig’majildini qayd etish kitobiga yozib qo’yiladi.
Pensionerning doimiy yashash joyi o’zgarganda, uning arizasiga muvofiq, pensiyaga oid hujjatlar yig’majildi yangi yashash joyi bo’yicha tegishli ichki ishlar organlarining moliyaviy ta’minot xizmatlariga yuboriladi.
Ichki ishlar organlarining moliyaviy ta’minot xizmatlaridan kelib tushgan pensiyaga oid hujjatlar yig’majildlari, pensiya to’g’ri tayinlanganligi tekshirilgandan so’ng, Pensiyaga oid hujjatlar yig’majildini qayd etish kitobiga yozib qo’yiladi.
Ilgari to’xtatilgan pensiya to’lovlari tiklangan taqdirda pensiyaga oid hujjatlar yig’majildlari unga yangi tartib raqam berish orqali Pensiyaga oid hujjatlar yig’majildini qayd etish kitobiga tegishli yozuv kiritiladi.
Pensiyalar quyidagi muddatlarda tayinlanadi:
xizmat muddatini o’taganligi bo’yicha pensiya — xizmatdan bo’shatilgan kundan e’tiboran, ammo pul ta’minoti to’langan kundan ortiq bo’lmagan muddatga qadar;
nogironlik pensiyasi — TMEK tomonidan nogironlik belgilangan kundan boshlab, agar nogironlik xizmatni o’tash davrida yoki xizmatdan bo’shatilgan kundan boshlab uch oy ichida belgilangan bo’lsa yoki nogironlik ushbu muddatdan so’ng belgilangan bo’lsada, u xizmat vazifalarini bajarish paytida yaralanish, kontuziya, mayib bo’lish va kasallanish tufayli kelib chiqqan bo’lsa;
boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi — mehnatga layoqatsiz oila a’zolariga boquvchisi vafot etgan kundan boshlab, ammo pul ta’minoti yoki pensiya to’langan kundan ortiq bo’lmagan muddatga qadar, ota-onasi yoki turmush o’rtog’iga, boquvchisini yo’qotganlik oqibatida pensiya olishga huquqi paydo bo’lganda, pensiya tayinlash uchun murojaat etgan kundan boshlab.
Maxsus va harbiy unvonlardan mahrum qilingan shaxslar hamda ularning oila a’zolariga pensiyalar Pensiya jamg’armasi tuman (shahar) bo’limlari tomonidan belgilangan tartibda tayinlanadi.
Pensioner hisoblab chiqilgan umumiy xizmat yili va pensiya miqdoridan norozi bo’lgan taqdirda, uning arizasiga asosan, uning umumiy xizmat yili va pensiya miqdori qayta hisoblab berilishi mumkin.
Dafn marosimi uchun nafaqa tayinlashda arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ichki ishlar organlarining moliyaviy ta’minot xizmatlari pensiya ta’minoti bo’limi xodimi tomonidan belgilangan tartibda o’rganib chiqiladi va nafaqa to’lovi amalga oshiriladi.
Pensioner vafot etgan taqdirda uning oila a’zolariga yoki pensionerning dafn marosimini o’tkazgan shaxsga vafot etgan kundagi ikki oylik pensiyasi miqdorida dafn marosimi uchun nafaqa tayinlanadi.
Pensiya va nafaqa doimiy yashash joyi bo’yicha ichki ishlar organlari moliyaviy ta’minot xizmatlarining pensiya ta’minoti bo’limlari tomonidan to’lanadi.
Pensiya va nafaqa bank plastik kartochkalari yoki omonat hisob raqamlariga o’tkazilgan holatlarda, pensioner pensiya olish joyi bo’yicha ichki ishlar organlarining moliyaviy ta’minot xizmatlariga ariza bilan murojaat etadi va unga bank plastik kartochkasi yoki omonat hisob raqamining ochilganligi to’g’risidagi ma’lumotnoma, tijorat banklari va mijoz o’rtasida tuzilgan shartnoma nusxalari ilova qilinadi.
Ichki ishlar organlari xodimlarining pensiya va nafaqa to’lovlari uchun naqd pul mablag’lari Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari va tijorat banklari tomonidan ta’minlanadi.
Pensiya ichki ishlar organlari tomonidan etkazib berish (topshirish) davri bo’yicha tegishli oyning 27-sanasidan kechiktirilmay amalga oshiriladi.
Dafn marosimi uchun nafaqa to’lovi pensioner vafot etgan kunidan boshlab olti oy muddat ichida ko’rsatilgan hujjatlarni taqdim qilgan shaxsga to’lanadi.
Xizmatdan pensiyaga chiqish munosabati bilan bo’shatilayotgan xodimlarga bir marta to’lanadigan nafaqa puli mazkur Yo’riqnomaning 2ilovasiga muvofiq xulosa asosida xodimning oxirgi ish joyidan to’lanadi.
Tugallanmagan oy uchun to’lanishi lozim bo’lgan pensiya miqdori jami pensiya miqdorini shu oyning kalendar kunlar soniga bo’lish hamda hosil bo’lgan summani o’tgan kunlar soniga ko’paytirish orqali aniqlanadi.
Misol uchun:
Pensiya oluvchiga 20 iyundan boshlab 900 000 so’m miqdorida pensiya tayinlandi. Bunda 11 kun uchun, ya’ni 20 — 30 iyun kunlari uchun pensionerga quyidagi miqdorda pensiya to’lanadi:
900 000 so’m / 30 (kun) x 11(kun) = 330 000 so’m.
Pensioner pensiya olish uchun ichki ishlar organlariga murojaat qilganda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari (fuqarolik pasporti yoki uning o’rnini bosuvchi boshqa hujjatlar (fuqarolik pasportini yo’qotgan fuqarolarga ichki ishlar organlari tomonidan berilgan vaqtinchalik ma’lumotnoma) va pensiya guvohnomasi (zarur bo’lganda) taqdim etishi lozim.
Pensiya va nafaqa tegishli ichki ishlar organlarining g’aznachisi tomonidan pensionerning shaxsini tasdiqlovchi hujjati va pensiya guvohnomasini (zarur bo’lganda) tekshirgan holda to’lov qaydnomasi yoki chiqim kassa orderiga muvofiq to’lanadi.
Pensiya summasi bir necha oy uchun bir vaqtda to’langan taqdirda jami pensiya summasi uchun bitta chiqim kassa orderi tuzilib, unda har bir oy uchun pensiya miqdori alohida ko’rsatiladi.
Pensiya va nafaqa to’lovlari uchun mablag’larni bank plastik kartochkalariga o’tkazish ichki ishlar organlari tomonidan ularga xizmat ko’rsatuvchi tijorat bankiga taqdim qilinadigan to’lov topshiriqnomasi va unga ilova qilinadigan to’lov qaydnomalar (qog’oz shaklida va elektron ko’rinishda) asosida amalga oshiriladi.
To’lov topshiriqnomasi va to’lov qaydnomasi (qog’oz shaklida va elektron ko’rinishda) taqdim qilingan sanadan keyingi kundan kechiktirmasdan mablag’lar xizmat ko’rsatuvchi tijorat banki tomonidan pensioner yoki nafaqa oluvchiga ochilgan 22618 — «Jismoniy shaxslarning plastik kartochkalari bo’yicha majburiyatlari» hisobvarag’iga o’tkazib beriladi.
Bank plastik kartochkalari orqali pensiya (to’liq miqdorda) oladigan pensioner har olti oyda pensiya to’laydigan ichki ishlar organlariga kelish yo’li bilan o’zining pensiya summasini olish huquqini tasdiqlashi zarur.
Pensioner belgilangan muddatda ichki ishlar organlariga kelmagan taqdirda tegishli ichki ishlar organlari xodimlari o’n kun mobaynida:
uning tirik ekanligi;
ishga joylashganligi;
yashash joyi o’zgarganligi yoki chet elga ketganligi;
jazoni o’tash joylarida ekanligi;
keksalar va nogironlarning internat uylarida (pansionatlarida) yashayotganligi holatlarini aniqlash uchun pensioner yashaydigan joyga boradilar.
Olinadigan pensiyaga pensionerning huquqi tasdiqlangan taqdirda pensiyani to’lash navbatdagi olti oyga davom ettiriladi.
Pensionerning huquqlari tasdiqlanmagan taqdirda, pensiyani to’lash fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish tegishli organi vakillari va qo’shnilar ishtirokida tegishli ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tuzilgan to’lanayotgan pensiyani to’lashga va uning miqdori asoslanganligiga ta’sir ko’rsatuvchi holatni tasdiqlaydigan dalolatnoma asosida to’xtatib turiladi.
Ko’rsatib o’tilgan dalolatnoma asosida tegishli ichki ishlar organi pensiyani to’lashni to’xtatib turish (to’xtatish) yoki uning miqdorini o’zgartirish to’g’risida tegishli qaror qabul qiladi.
Bir oydan ko’p bo’lmagan muddat uchun pensiya to’lovini muddatidan oldin amalga oshirish pensionerning arizasiga asosan ichki ishlar organlari rahbarlarining ruxsati bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
pensioner sanatoriy-kurort muassasalariga davolanish uchun bormoqchi bo’lganida (yil davomida bir marotaba);
pensionerning mulkiga zarar etkazuvchi favqulodda holatlar sodir bo’lganda;
pensionerning oila a’zolari (yaqin qarindoshlari) vafot etganda va bu haqda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan berilgan tegishli hujjat taqdim qilinganda.
Pensiya to’lash qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bo’yicha amalga oshirilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasidan tashqarida rasmiylashtirilgan ishonchnomaga ushbu hujjatni rasmiylashtirgan davlatning vakolatli davlat organi tomonidan apostil qo’yilishi lozim, bundan Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo’yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar konventsiyasining (Minsk shahri, 1993 yil 22 yanvar) ishtirokchisi bo’lgan davlatlari — Mustaqil davlatlar Hamdo’stligiga a’zo davlatlar mustasno. Bunda ishonchnoma bergan shaxs pensiya to’laydigan ichki ishlar organlariga bir yilda kamida bir marta kelib tayinlangan pensiyaga bo’lgan o’z huquqini tasdiqlashi kerak.
Ishonchli vakil pensiya to’lashga ta’sir etishi mumkin bo’lgan, o’ziga ma’lum barcha holatlar to’g’risida ichki ishlar organlariga xabar berishi shart.
Ishonchnoma asosida pensiya to’lashda ichki ishlar organlarining g’aznachisi pensiya oluvchi shaxsning chiqim kassa orderidagi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatdagi imzolarini o’zaro solishtiradi.
Bir necha oyga berilgan ishonchnoma orqali pensiya to’lovi amalga oshirilganda chiqim kassa orderida ishonchnoma mavjudligi va uning amal qilish muddati ko’rsatib o’tiladi. Ishonchnoma pensionerning pensiyaga oid hujjatlar yig’majildida saqlanadi.
Bir martalik ishonchnoma orqali pensiya to’langanda, ishonchnoma chiqim kassa orderiga ilova qilinadi.
Doimiy yashash uchun O’zbekiston Respublikasi tashqarisiga ketishgacha tayinlangan pensiya (O’zbekiston Respublikasi pensiya ta’minoti to’g’risida xalqaro shartnomalar tuzgan davlatlar bundan mustasno) ichki ishlari organlarining moliyaviy ta’minot xizmatlariga ketish to’g’risida ariza berilgan kundagi pensiya miqdori hisob-kitobidan kelib chiqib, O’zbekiston Respublikasi tashqarisiga jo’nab ketishdan olti oy avval O’zbekiston Respublikasi milliy valyutasida to’lanadi.
Pensiya to’lanadigan olti oylik davr O’zbekiston Respublikasi tashqarisiga doimiy yashash uchun ketishdan avvalgi olti oy uchun pensiya to’lash uchun arizada ko’rsatilgan sanadan boshlab hisoblab chiqiladi.
O’zbekiston Respublikasi pensiya ta’minoti to’g’risida xalqaro shartnomalar tuzgan O’zbekiston Respublikasi tashqarisidagi davlatga doimiy yashash uchun ketilgan kungacha tayinlangan pensiya turar joyidan ro’yxatdan chiqqan oyning oxirigacha to’lanadi.
O’zbekiston Respublikasi tashqarisiga doimiy yashash uchun ketayotgan fuqarolarga pensiyani to’lash uning arizasi va «Doimiy yashash joyidan ro’yxatdan chiqarildi» degan belgi bo’lgan shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida to’xtatilishi mumkin.
Quyidagi hollarda tayinlangan pensiyalarni to’lash tuxtatiladi:
pensioner vafot etganda;
tayinlangan pensiyaga huquqlar yo’qolganda;
doimiy yashash uchun O’zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketganda;
xorijiy davlatda bo’lgan davrida pensiya (ijtimoiy nafaqa) olganligi holati aniqlanganda.
Tayinlangan pensiyani to’lash:
pensiya to’lash muddati tamom bo’lganda; pensioner ozodlikdan mahrum etilganda;
pensiyani to’lashni to’xtatib turish to’g’risida pensioner tomonidan
ariza bilan murojaat qilinganda to’xtatib turiladi.
Pensiyani to’lash pensioner yoki uning vasiysi tegishli ichki ishlar organiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgan va ariza bilan murojaat qilgan taqdirda qayta tiklanadi.
Pensionerning sud hukmi bo’yicha ozodlikdan mahrum etish joylarida bo’lgan vaqti uchun pensiya to’lanmaydi. Pensioner sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o’tab, undan ozod bo’lgandan keyin pensiyani to’lash ichki ishlar organiga ariza berilgan kundan boshlab tiklanadi.
Agar nogiron pensioner tayinlangan muddatda qayta tibbiy ko’rikdan
o’tish uchun TMEKga uzrli sabablarsiz (nogironlik muddati tugagan kundan bir oy muddat mobaynida) kelmasa, unga pensiya to’lash to’xtatib turiladi, u yana nogiron deb e’tirof etilgan taqdirda to’xtatib turilgan kundan boshlab tiklanadi. Qolgan holatlarda pensiya murojaat qilingan sanadan boshlab to’lanadi.
Uzrli sababga ko’ra qayta tibbiy ko’rikdan o’tish muddati o’tkazib yuborilgan taqdirda, pensiyani to’lash to’lov to’xtatib turilgan kundan boshlab qayta tekshirish kunigacha, biroq, agar TMEK uni bu davrda nogiron deb e’tirof etsa, 3 yildan ortiq bo’lmagan muddatga amalga oshiriladi. Bunda agar qayta tekshirish chog’ida nogiron nogironlikning boshqa guruhiga (yuqoriroq yoki pastroq guruhga) o’tkazilgan bo’lsa, u holda ko’rsatib o’tilgan vaqt uchun pensiya oldingi guruh bo’yicha to’lanadi.
Pensionerga hisoblab chiqarib qo’yilgan, lekin uning tomonidan o’z vaqtida talab qilib olinmagan pensiya puli pensiyani olish maqsadida murojaat etilganidan oldingi o’n ikki oydan oshmagan davr uchun to’lanadi.
Ichki ishlar organi moliyaviy ta’minot xizmatining aybi bilan o’z vaqtida olinmay qolgan pensiya puli o’tgan davr uchun muddati cheklanmagan holda to’lanadi.
Bunda o’tgan davr uchun to’lovlar bir yo’la tegishli oylar uchun hisoblab chiqarib qo’yilgan va olinmagan pensiyaning summalariga mos miqdorda to’lanadi.
Ishlab turgan pensionerlarga pensiya to’lash Ishlovchi pensionerlarga pensiya to’lash tartibi to’g’risidagi nizomga (ro’yxat raqami 2222, 2011 yil 30 aprel) muvofiq amalga oshiriladi.
Pensiya miqdori o’zgarishiga yoki pensiya to’lash to’xtatilishiga sabab bo’ladigan holatlar yuz bergan taqdirda (ishga kirish, oila a’zolari tarkibining o’zgarishi, to’liq davlat ta’minotiga o’tish va shu kabilar) pensiya oluvchi o’n kun muddatda bu haqda o’ziga pensiya to’laydigan tegishli ichki ishlar organiga ma’lum qilishi shart.
Bunda pensiyani qayta hisoblash mazkur holatlar vujudga kelgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi.
Yuqorida ko’rsatib o’tilgan holatlar boshlanganligi to’g’risida ichki ishlar organlariga o’z vaqtida xabar berilmasligi munosabati bilan pensiyaning noqonuniy summasi pensioner yoki qonuniy vakil (ota-ona), shuningdek ishonch bildirilgan (pensionerning vafoti holati qasddan yashirilgan taqdirda) tomonidan qaytarilishi lozim.
Pensionerga berilishi kerak bo’lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya summasi meros tarkibiga kiritilmaydi va boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslar doirasiga tegishli oila a’zolariga to’lanadi. Ota-onalar, eri (xotini), shuningdek pensioner vafot etgan kunda u bilan birga yashagan oila a’zolari, agar ular boquvchisini yo’qotganlik bo’yicha pensiyasi bilan ta’minlanadiganlar doirasiga kirmagan taqdirda ham ushbu summalarni olish huquqiga ega.
Pensioner vafot etgan oy uchun olingan pensiya summasi oilaning ko’rsatib o’tilgan a’zolariga uning vafotigacha ushbu oyning kunlari uchun to’lanadi.
Oilaning bir necha a’zolari murojaat qilgan taqdirda, ularga berilishi kerak bo’lgan pensiya summasi ular o’rtasida teng taqsimlanadi.
Ko’rsatib o’tilgan summa, uning uchun pensioner vafot etgandan so’ng olti oydan kechikmay murojaat qilingan taqdirda to’lanadi.
Pensiyalardan quyidagi hollarda chegirmalar qilinadi:
sudning hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari va hukmlari (mulkiy undirishlar borasida), notarial idoralarning ijro varaqalari hamda O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ijrosi sud hal qiluv qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladigan boshqa hal qiluv qarorlari va qarorlar asosida;
ichki ishlar organlarining qaroriga binoan pensionerga u tomonidan qilingan suiiste’molliklar (qasddan noto’g’ri hujjatlarni taqdim etish, boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi tayinlangan oila a’zolari tarkibidagi o’zgarishlar haqida ma’lumotlar taqdim etmaganligi) natijasida yoxud hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida pensiya miqdoridan ortiqcha pullar to’langan taqdirda.
Pensiyalardan yuqorida ko’rsatib o’tilgan hollardan tashqari boshqa hech qanday chegirmalar qilish mumkin emas.
Pensiyadan chegirmalar qilish miqdori pensionerga to’lanishi lozim bo’lgan puldan hisoblab chiqariladi.
Ixtiyoriy ravishda to’lanayotgan aliment miqdori va chegirma qilish muddatiga o’zgartirish kiritish yoki bekor qilish pensionerning arizasiga asosan amalga oshiriladi.
Pensiyaga oid hujjatlar yig’majildiga pensiyadan alimentlarni chegirma qilish to’g’risida tegishli yozuvlar kiritiladi. Ushbu yozuvlar ichki ishlar organlari moliyaviy ta’minot xizmatlari boshliqlari yoki ularning o’rinbosarlari tomonidan ko’rib chiqiladi va imzolanadi.
Aliment pullari pochta orqali yuborilganda, pochta xarajatlari aliment to’lovchi hisobidan qoplanadi.
Ijro hujjatida pensiyadan chegirmalar turi ko’rsatilmagan hollarda bu haqda Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) bo’limlariga yozma ravishda xabar beriladi.
Bir nafar pensionerga nisbatan bir nechta ijro hujjatlari kelib tushganda pensiyalardan chegirmalar O’zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to’g’risida»gi Qonunining 80-moddasiga muvofiq navbat tartibida amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to’g’risida»gi Qonunining 79-moddasi ikkinchi qismiga asosan har bir keyingi navbatdagi talablar o’zidan oldingi navbatdagi talablar to’liq qondirilgandan keyin qanoatlantiriladi.
Undirilgan summa bir navbatdagi barcha talablarni to’la qanoatlantirish uchun etarli bo’lmasa, ular har bir undiruvchiga tegishli summaga mutanosib ravishda qanoatlantiriladi.
Undiruv qaratilgan pensionerning doimiy yashash (pensiya to’lash) joyi o’zgarganda ijro hujjati yuborilgan manzil to’g’risida Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) bo’limlari xabardor qilinadi.
Ijro hujjatlari hamda pensionerlarning arizalari bo’yicha pensiyadan chegirma qilish mazkur Yo’riqnomaning 33-bandida nazarda tutilgan hollarda to’xtatiladi.
Bunday hollarda pensiyadan chegirma qilish bo’yicha ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) bo’limlariga qaytariladi, ariza esa pensiyaga oid hujjatlar yig’majildiga tikiladi.
Pensiya va nafaqa to’lovi uchun xarajatlar hisobi ichki ishlar organlari tomonidan O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida byudjet tashkilotlari uchun belgilangan tartibda buxgalteriya hujjatlari va pensionerning pensiyaga oid hujjatlari yig’majildlarida yuritiladi.
Ichki ishlar organlari tomonidan pensiya va nafaqa to’loviga oid oylik, choraklik va yillik hisobotlar O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakl va muddatlarda taqdim etiladi.
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan pensiya va nafaqa to’loviga oid oylik, choraklik va yillik hisobotlar O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.