Ta`sirlanuvchanlik atrof-muhitning etarli darajadagi keskin o`zgarishlariga javob qaytarish xususiyati bo`lib, barcha hujayralarga xosdir. Tashqi muhitni ta`sirlanishga sabab bo`ladigan o`zgarishlari ta`sirlovchi (qitiqlovchi) deyiladi. Ta`sirlanish va ta`sirga javob qaytarish hujayraning energiya sarflashi bilan amalga oshadi. Bu energiya dissimilyatsiya natijasida hosil bo`ladi, binobarin, hujayra ta`sirga moddalar almashinuvining kuchayishi bilan javob beradi.
Moddalar almashinuvining kuchayishi natijasida hujayra qo`zg`algan holatga o`tib, protoplazmada hujayraning faol holatini ta`minlovchi vaqtinchalik o`zgarishlar yuz beradi. Qo`zg`algan sekretor hujayra ta`sirga sekret ajratish, muskul hujayra - qisqarish bilan javob beradi va hokazo. Ta`sirning yo`nalishi unga bo`ladigan javob reaksiyasining yo`nalishini belgilaydi. Erkin harakatlanuvchi hujayralar ta`sir manba`iga yaqinlashadi yoki undan uzoqlashadi, ya`ni musbat yoki manfiy taksis namoyon qiladi. Yorug`lik ta`siriga nisbatan fototaksis, issiqlikka (haroratga) nisbatan - termotaksis, kimyoviy moddalarga nisbatan xemotaksis yuz beradi.
Hujayraga uni halokatga olib kelmaydigan eng kuchli ta`sirlovchi ta`sir qilganda paranekroz holati kuzatiladi. Paranekroz chaqiradigan ta`sirlovchidan kuchliroq ta`sirlovchi ta`sirida hujayra nobud bo`ladi. Paranekroz hujayraning hayot faoliyatini vaqtincha susaytirib, uni emirilishdan saqlaydi. Katta kuchga ega yoki uzoq davom etadigan ta`sirdan plazmolemma o`z normal o`tkazuvchanligini tezda tiklay olmay hujayra kritik holatga tushadi. Sitoplazmaga Na+ ionlari va boshqa zararli moddalarning kirishi davom etadi. Hujayraning hayot faoliyati buzilib, mitoxondriyalar emiriladi. Hujayra energiyani glikoliz hisobga ola boshlaydi. Natijada batamom oksidlanmagan mahsulotlar (sut kislotasi) to`planadi va hujayrada atsidoz yuz beradi. Sitoplazmaning kolloid holati o`zgarishi donador distrofiyaga sabab bo`ladi. Lizosomalarda kislotali fosfataza faollashib hujayraning oqsillari parchalanadi (proteoliz). Proteoliz natijasida ammiak miqdori odatdagidan 10 martagacha ortadi. Suv to`planishi natijasida sitoplazmaning tiniqligi yo`qoladi. Shunday qilib, hujayraning strukturasi buziladi.
Paranekroz hujayraning juda muhim foydali reaksiyasi bo`lib, uni ta`sirlovchining emiruvchi ta`siridan saqlaydi. Funksiyaning to`xtashi va parchalanish jarayonlarining kuchayishi natijasida hujayra parchalangan elementlardan xoli bo`lish, ularni yangilari bilan almashtirish va odatdagi holatga qaytish uchun etarli energiya to`playdi. Paranekroz qaytar hodisadir.
Hujayralarning ta`sirlovchi ta`sirga javobi faol harakat tarzida bo`lishi mumkin. Hayvon hujayralariga amyobasimon, tukchalar va xipchinchalar yordamida harakatlanish va qisqarish (muskul to`qima uchun) xosdir. Amyobasimon harakat harakatlanishning eng sodda turi bo`lib, u maxsus organellalar ishtirokisiz, protoplazmaning o`zi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda hujayra vaqtincha hosil bo`ladigan protoplazmatik o`simtalar (psevdopodiyalar - yolg`on oyoqchalar) yordamida harakatlanadi. Harakatning tezligi bir daqiqada 0,5-1,0 mm atrofida bo`ladi. Amyobalar, murakkab hayvonlarda biriktiruvchi to`qimalarning ayrim hujayralari (leykotsitlar) amyobasimon harakatlanadi. Maxsus harakat organellalari - tukchalar va xivchinlar yordamida harakatlanish hayvonot olamida ancha keng tarqalgan. Tukchalar infuzoriyalarda, ko`p hujayralilarning ayrim to`qimalari hujayralarida (masalan, oliy hayvonlarning nafas va jinsiy yo`llarini qoplovchi epiteliy hujayralarida), xivchinchalar xivchinchalilar sinfi vakillarida, ko`p hujayralilarning urug` hujayralarida mavjud bo`ladi. Ular sitoplazmaning ixtisoslashgan o`smalaridir. Tukchalar va xivchinchalarning tuzilishi sentrosoma bilan bog`liq holda yuqorida bayon qilindi. Harakatlanishning bu turi hujayraning nisbatan katta tezlikda harakat qilishini ta`minlaydi.
Muskul to`qima yordamida harakatlanish bu to`qima elementlarining qisqarishiga asoslangan bo`lib, faol harakatlanishning eng murakkab va mukammal turidir. Muskul to`qima elementlari, ulardagi harakat apparatining tuzilishi va qisqarishning gistofiziologiyasi keyinroq (III bobda) yoritiladi. Hujayralar harakatining barcha turlari oqsil molekulalarining xossalari bilan bog`liq bo`lgan umumiy molekulyar zaminga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |