4.Iqtisodiy va ijtimoiy kengash
Iqtisodiy va ijtimoiy kengash asosiy iqtisodiy idora hisoblanadi. BMTning iqtisodiyotga tegishli barcha masalalarini ko`radi va tartibga soladi. Kengash 54 ta a’zodan iborat bo`lib, uch yil muddatga saylanadi va ularning har biri bir ovozga egadir. Ko`rilgan masalalar oddiy ko`pchilik ovoz berish yo`li bilan hal etiladi. Kengash BMTning iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi faoliyati uchun javobgardir.
Kengashning asosiy vazifasi xalqaro miqyosda iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal etish va davlatlar uchun tegishli tavsiyanomalarni ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish yo`l-yo`riqlarini ko`rsatishdan iborat.
Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash bir yilda bir marta o`zining sessiyasini o`tkazadi. Sessiya navbati bilan besh hafta davomida Nyu-York va Jeneva shaharlarida ishlaydi. Sessiyalar orasida uning qo`mitalari va komissiyalari muntazam ish olib boradilar va Kengash sessiyasiga hisobotlar, ma’ruzalar va tegishli hujjatlar tayyorlaydilar. Kengash tarkibida uning yordamchi idoralari sifatida 9 ta: statistika, aholining joylanishi va rivojlanishi, sotsial ishlar bo`yicha, giyohvandlik ishlari bo`yicha, jinoyatning oldini olish va jinoyat qonunchiligi, fan va texnika kabi komissiyalar faoliyat ko`rsatadi.
5.Xalqaro sud
Xalqaro sud Gaaga (Niderlandiya) shahrida joylashgan. Uning statusi, ya’ni vazifasi va huquqlari Nizomda belgilangan. Unga a’zo davlatlar va a’zo bo`lmagan davlatlar ham murojaat qilishlari mumkin. Sharti shuki, har bir davlat uchun Xavfsizlik Kengashining tavsiyasiga binoan Bosh Assambleya ruxsat berishi kerak. Sudga jismoniy shaxs, ya’ni yakka tartibda fuqarolar murojaat qila olmaydilar. Xavfsizlik Kengashi va Assambleya har qanday huquqiy xarakterdagi masala yuzasidan tushunchalar, sharxlar olishi mumkin.
Xalqaro sud 15 ta saylangan a’zolardan iborat. Ular mutaxassisliklariga ko`ra Assambleya va Xavfsizlik Kengashlari tomonidal 9 yil muddatga saylanadilar va qayta saylanishlari mumkin. Har uch yilda ularning uchdan bir qismi yangidan saylanib turadi.
6.Kotibiyat
Kotibiyat turli davlatlar vakillaridan tashkil topgan bo`lib, Nyu-York va boshqa a’zo davlatlarning shaharlarida ham ish yuritadi. Vazifasi BMTning siyosatini, iqtisodiy, ijtimoiy faoliyatini joylarda amalga oshirishdan iborat. Kotibiyat juda ko`pchilikni tashkil etadi. Ular 170 dan ortiq mamlakat vakillaridan, 14000 kishidan iborat. Bularning barchasiga Bosh kotib rahbarlik qiladi. U Xavfsizlik Qo`mitasi tavsiyasiga binoan Assambleya tomonidan 5 yil muddatga saylanadi, qayta saylanishi mumkin. Bosh kotiblik lavozimiga tajribali, dono siyosatchi, diplomat shaxs saylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |