7.5. Estetik tarbiyaning maqsad va vazifalari.
Estetik qadriyatlar, ideallar, ommaviy madaniyat kabi masalalar keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar tomonidan muhokama qilinayotganligini guvohi bo’lmoqda.
Jamiyat a’zolarining estetik madaniyati masalalari barcha davrlarda o’z dolzarbligini yo’qotmagan. Demak, bugungi kunda ham yoshlarni estetik jihatdan tarbiyalash o’z dolzarbligini yo’qotgani yo’q.
Estetik tarbiya – shaxsni tabiat va jamiyatdagi go’zalliklarni ideal nuqtai nazardan idrok etishga o’rgatadi. Estetik tarbiya – o’quvchilarda estetik bilim, ko’nikma, malakalarni shakllantirishni, hamda estetik his-tuyg’u, qiziqish, ehtiyoj, baho berish kabi xislatlarni tarbiyalash masalalarini o’z ichiga oladi. Estetik tarbiya mohiyati asosan quyidagilarni o’z ichiga oladi:
– tabiat va voqelikdagi go’zalliklarni idrok etish va zavqlanish;
– san’at asarlarini to’g’ri tushuna bilish va baholash;
– o’zining qobiliyat va iste’dodlarini namoyon etishga intilish;
– hamma narsada, ya’ni tabiatda, munosabatda, mehnatda, go’zallik uchun kurashish;
-xunuklik va tartibsizlikka murosasiz bo’lish.
Shunday qilib, estetik tarbiya —bu san’at va hayotdagi go’zalliklarni tushunish va his eta olish qobiliyatlarini shakllantirish, san’at sohasidagi qobiliyatlarni rivojlantirish, estetik bilim va his-tuyg’uni shakllantirish jarayonidir.
Estetik tarbiyaning maqsadi shaxsda estetik madaniyatni shakllantirish hisoblanadi.
Estetik tarbiyani tashkil etishda quyidagi vazifalar hal qilinadi:
– o’quvchilarga ijtimoiy voqelik, tabiat va mehnat munosabatlari, turmush
go’zalliklari, ularni anglash to’g’risidagi bilimlarni berish;
– o’quvchilarni badiiy-estetik madaniyatini boyitish;
– o’quvchilarda musiqiy, badiiy ziyraklikni, ijodiy tafakkurni rivojlantirish;
– o’quvchilarda ijtimoiy voqelik, tabiat va mehnat munosabatlari, turmush
go’zalligini anglash, his qilish qobiliyatini tarbiyalash;
– o’quvchilarda mavjud go’zalliklarni qadrlash hissi, estetik didni shakllantirish, go’zallikka muhabbat uyg’otish;
– o’quvchilarda go’zallikni yaratish ehtiyojini qaror toptirish, estetik qobiliyat va madaniyatni shakllantirish.
Estetik madaniyat elementlari quyidagi komponentlardan iborat.
Estetik qarash – estetik ongning g’oyaviy negizi, tabiat, hayot, san’at mohiyati haqidagi estetik fikr-mulohazalar va g’oyalar tizimi. Estetik idrok –ijtimoiy voqelik, buyum, hodisalarning go’zalligini ongda yaxlit aks etishi bo’lib, u go’zallik his etilganda yuzaga keladi va aniq maqsadga yo’naltiriladi. Estetik ong –shaxsga nazariy tushunchalar berish asosida predmet, buyum, voqelik va hodisalar mohiyatini estetik baholay olish imkonini yaratadigan his-tuyg’ular, sezgilar, tasavvur va qarashlar shakli. Estetik ong – estetik his-tuyg’u, estetik idrok, estetik bilim, estetik mulohaza, estetik baho, estetik did, estetik ideal kabilardan tarkib topadi.
Estetik faoliyat ko’nikmalari deb estetik ehtiyojlarni qondirish yo’lida muayyan xatti-harakatni amalga oshirishga imkon beradigan ko’nikmalarga aytiladi.
Estetik madaniyat – go’zallikni his etish, undan zavqlanish, mavjud go’zalliklarni asrash va boyitish yo’lida o’zlashtirilgan bilim, amalga oshiriladigan estetik faoliyat sifat darajasini belgilovchi ko’rsatkich.
O’quvchilarni estetik madaniyatliligini quyidagi mezonlarga ko’ra aniqlash mumkin:
-estetik bilimlarning tarkib topganligi;
-estetik madaniyatning tarbiyalanganligi;
-estetik va madaniy meros namunalaridan xabardor bo’lish;
-estetik tuyg’uning rivojlanganligi;
-ijtimoiy hayot, tabiat va mehnat go’zalliklarini his etish;
-go’zallikka intilish ehtiyojining rivojlanganligi;
-estetik idealning shakllanganligi;
-fikrlash, faoliyat, xatti-harakat va tashqi ko’rinishda go’zal bo’lishga
intilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |