Sening go’zalliging o’zi hayotdir, Umr bag’ishlaydi har bir yurakka36. Ma’lumki, Nil toshqini qadimgi Misr farovonligining asosi bo’lgan. Farovonlik esa, ular fikricha, go’zallikdir. SHuning uchun misrliklar Nilni ilohiy daryo sifatida talqin etadilar. Unga atalgan alqovlarning birida u barcha go’zallliklarning bunyodkori deb ta’riflanadi: Er yayraydi u yoyilgan chog’ida, Quvonadi bor jonzot. Barcha tishlar ochilar, YAraqlaydi har bir tish37 To’kin rizqu non keltirib, u butun Go’zallikni yaratar.
Qadimgi Misr san’atining juda ko’p turlari ana shu manfaatli go’zallik asosida vujudga kelgan. Chunonchi, ma’budlar uchun qurilgan ibodatxonalar, ma’budlarning va o’limidan keyin ma’budga aylangan fir’avnlarning haykallari ulardan shafqat, mo’l hosil, rizq-ro’z so’rash maqsadida bunyod etilgan bo’lsa, xalq amaliy san’ati buyumlari esa kundalik hayotni go’zallashtirish uchun xizmat qilgan. Ayni paytda ba’zi san’at turlari manfaastiz go’zallikning namunasi sifatida diqqatni tortadi. Ayollarning go’zal bezaklari, taqinchoqlari, diniy-badiiy qissalar, ertaklar shular jumlasidan. Misrdagi eng qadimgi badiiy ijod yodgorliklari V-IV ming yilliklarga borib taqaladi. Ular sopol idishlardir. Ularning qo’lda ishlanganligini sezish qiyin emas: shakllari va yuzasi notekis, ba’zan oddiy handasaviy naqsh bilan bezatilgan. Keyinchalik kulolchilik dastgohida ishlanib, ularda murakkab suvratlar va chizmalar aks ettirilgan. Qadimgi Misrda me’morlik yuksak taraqqiyot va texnik mukammallikka erishgan. Qadimgi podsholar davrida Misr me’morligining o’ziga xos ajralib turuvchi ulkan monumentalligi ishlab chiqilgan. Bu borada ehromlar alohida o’rin tutadi. Ular orasida Xufu ehromi o’zining mahobati bilan ajralib turadi; balandligi 146,6; to’rt tomoni enining uzunligi (asosi) 233 metr. Xufu ulug’vorlikning ajoyib namunasi. Ehrom deyarli yaxlit tosh inshoot sifatida shunday aniq hisob-kitoblar bilan qurilganki, u qadimgi Misrda matematika yuksak darajada rivojlanganligidan ham dalolat beradi. Qadimgi Misr haykallari xuddi me’morlikdek, badiiy ijodning haqiqiy noyob asarlari hisoblanadi. Ayniqsa, Luvr muzeyida saqlanayotgan mirza Kanning haykali o’zining realizmi bilan kishini hayratga soladi. Mirza chordana qurib o’tiribdi. U tizzalarida yozish uchun tayyorlangan papirus varag’ini, o’ng qo’lida qamish qalamni tutib turibdi. Uning katta quloqlari ding – eshitib bajo keltirishga o’rgangan. Ko’zlari alohida diqqatga sazovor – ular bir necha xil materialdan yasalgan: kosasi – brinch, unga ko’z oqini anglatuvchi ganch bo’lagi va tagiga silliqlangan yog’och qo’yilgan, billur qorachiq joylashtirilgan. Natijada tamomila tirik odam ko’zlaridek tasavvur uyg’otadi. Me’mor Raxotep va uning xotini Nefret haykali ham o’zining yumshoq tasviri, ranglari, inja nafosati bilan har bir tomoshabinga nafosat zavqini beradi. Bu haykallarning ko’pchiligi qadimgi yunon mumtoz haykaltaroshligi namunalaridan qolishmaydi, balki ko’z ifodasining berilishi bilan ulardan ko’ra jonli ko’rinish kasb etadi va qadimiy go’zallik namunasi sifatida kishini o’ziga rom etadi. Yana bir ajoyib go’zallik namunasi bo’lmish qadimiy haykal bu –Axatetondagi haykaltarosh Tutmosning ustaxonasidan topilgan Nefertiti –Shohoyim boshining tasviri. Shohoyim qiyofasida nazokat, shohona g’urur va nafislik o’zining beqiyos ifodasini topgan. Nefertitining boshi xuddi noyob gulga o’xshaydi, u nozik gulbandga – bo’yinga nisbatan bir oz og’irroqday tuyuladi. SHohoyim qiyofasida tengsiz ayol go’zalligi va latofatini ko’rish mumkin. Qadimgi Misr madaniyati taraqqiyotida faqat estetik g’oyalargina emas, balki nafosat mezonlari ham muhim o’rin egallaganligi shubhasiz. Bu qonun-qoidalar yig’indisini ma’lum ma’noda nafosatshunoslik risolalari deb atash mumkin. Afsuski, ular bizgacha etib kelmagan. Faqat bir risolaning nomigina saqlanib qolgan: ibodatxona kutubxonasi ro’yxatida «Devoriy rangtasvir va mutanosiblik qonuni bo’yicha tavsiya» degan nom uchraydi. Qadimgi Misr so’z san’ati taraqqiyotida mirzalarning xizmati buyukdir. Biz so’z san’ati degan iborani ishlatdik. Zero quyidagi parcha qadimgi misrliklar badiiy adabiyotni boshqa san’atlar qatoriga kiritib, fikr yuritganliklaridan dalolat beradi. Chunonchi, «Pxatotep o’gitlari» deb atalgan qadimiy (bundan to’rt ming yillar avvalgi) she’riy matnda qo’yidagi satrlarni uchratish mumkin: