Ma’naviyatshunoslik fani predmeti, boshqa fanlar bilan aloqasi.
Inson faoliyatining shunday yo‘nalishlari borki, ular ma’naviyatning turli
jihatlari va voqelik shakllarini o‘rganibgina qolmay, o‘zlari ham ma’naviy
amaliyotni, ma’naviy yaratuvchilikni tashkil etadi. Masalan, din, axloq, san’at
(adabiyot, musiqa, musavvirlik, haykaltaroshlik, me’morlik, qo‘shiq, raqs, teatr
va sh. k.), filosofiya va ilm-fan shular jumlasidan. Jamiyatdagi barcha
munosabatlar — siyosiy, huquqiy, maishiy, hatto iqtisodiy va boshqa
munosabatlar axloqiylik, insoniylik, kengroq olsak – ma’naviylik nuqtai
nazaridan baholanishi mumkin va lozim. Binobarin, insonning har qanday
faoliyati o‘zining ma’naviy tomoniga ega. Shu sababdan ma’naviyatga oid
hodisalarni ko‘plab fanlar o‘rganib kelgan. Ayni ma’naviyat yaxlit, bus – butun
tizim sifatida ham o‘rganilishi lozim. Bu vazifani ma’naviyatshunoslik fani
bajaradi.
Ma’naviyatshunoslik fani boshqa ijtimoiy – gumanitar fanlar bilan yaqindan
aloqa qiladi. Ularning xulosalarini, tadqiqotlarini tahlil qiladi, umumlashtiradi.
Ulardan foydalanish asosida o‘z predmetini, didaktik mazmunini, tushunchalar
tizimini, ilmiy apparatini, ilmiy xulosalarini shakllantiradi va mudom boyitib
boradi. Ayni paytda ma’naviyatshunoslik fani ulardan yasalgan quroq ilm emas.
U falsafiy fanlar jumlasiga kirsa-da, o‘zining aniq predmetiga, alohida tadqiqot
ob’ektiga ega. U falsafaning ilmiy usullaridan, ontologik (ontologiya — borliq
2
Биз ушбу умумлаштирувчи атама орқали маънавият масалаларини ўрганувчи барча мавжуд ва бўлажак
предметларини назарда тутмоқдамиз.
mohiyati haqidagi ta’limot), epestimeologik (bilish nazariyasi, boshqacha
atamasi — gnoseologiya), aksiologik (aksiologiya — qadriyatlar haqida ta’limot,
qadriyatshunoslik) kategoriyalaridan, tushunchalaridan, ijtimoiy filosofiya
materiallaridan, xulosalaridan o‘z predmetini o‘rganish zaruriyatiga mos ravishda
foydalanadi. Boshqa fanlar materiallaridan foydalanish xususida ham shunday
deyish mumkin.
Har bir fanning predmeti uning asosiy ijtimoiy vazifasidan kelib chiqadi.
Ularning tadqiqot ob’ektlari bir xil bo‘lishi mumkin, ammo predmeti farq qiladi.
Masalan, biologiya insonni tirik, jonli mavjudod, alohida biologik tur sifatida
o‘rgansa, tibbiyot ilmi insonni sog‘lomlik, uning tanasi a’zolari normal ishlashi,
agar kasallanib qolsa, normal faoliyatini tiklash zaruratidan kelib chiqib
o‘rganadi. Pedagogika esa insonni (bolani) unga ta’lim-tarbiya berish,
qiziqishlarini muayyan maqsadga yo‘naltirish zarurati bilan bog‘lab o‘rganadi.
Ma’naviyatshunoslik fanining predmeti — bunyodkor, izlanuvchan, o‘zini va o‘z
ijtimoiy borlig‘ini ezgulik, adolat, go‘zallik asosida qayta qurishga,
takomillashtirishga intiluvchan erkin, mustaqil fikrlovchi va ko‘ngil dunyosi boy
inson, uning tabiatga, jamiyatga, o‘z-o‘ziga nisbatan ruhoniy va amaliy
munosabatidir.
Bunday kishilarni ota-bobolarimiz fozil kishi, komil inson, ularni
voyaga yetkazadigan jamiyatni fozil jamiyat (shahar) deb ataganlar. Qisqacha
aytganda, ma’naviyatshunoslik fanining predmeti komil inson va uni voyaga
yetkazuvchi insonparvar ijtimoiy qadriyatlar va munosabatlardir.
Fanning ob’ekti esa insonning ichki aqliy va hissiy dunyosiga, erkinligiga,
irodasiga, jamiyatda tutgan o‘rniga, ijtimoiy munosabatlariga, yaratuvchilik
faoliyatiga, haqiqat va ezgulik, go‘zallik va ijodga intilishi, bu intilishlarning
natijalari va baholariga oid barcha hodisalar, mavzular, inson ruhining
tug‘yonlari, inson ongiga ta’sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy munosabatlar, muhit,
jamiyat hayotining turli sohalari bo‘lishi mumkin. Masalan, ma’naviyatshunoslik
fanining tadqiqot ob’ekti oila ma’naviyati, yoki ekologik muammolarga
shaxsning, butun jamiyatning munosabati bo‘lishi mumkin. Lekin bu
muammolarni ma’naviyatshunoslik o‘z predmeti nuqtai nazaridan o‘rganadi.
Huquqshunoslik fani oila munosabatlarini Oila kodeksi moddalaridan, talab va
me’yorlaridan, tabiat muammolarini tegishli qonunlar me’yorlaridan kelib chiqib
tahlil etsa, ma’naviyatshunoslik fani ularni va boshqa barcha masalalarni insonlar
o‘rtasidagi munosabatlarning, inson faoliyatining qanchalik oqilonalikka,
ezgulikka va go‘zallikka mosligi, insonda chin insoniy, ya’ni ma’naviy
fazilatlarni tarbiyalash va mustahkamlash lozimligidan kelib chiqib o‘rganadi.
Ijtimoiy muhitni va inson e’tiqodini, irodasini bir-biriga ijobiy yoki salbiy ta’sir
ko‘rsatishi nuqtai nazaridan tadqiq qiladi.
Boshqa birorta gumanitar fan qayd etilgan predmet nuqtai nazaridan
ma’naviyat masalalarini umumiy tarzda to‘liq qamrab olmaydi yoki ularning
muayyan tomonlarinigina o‘rganadi. Faqat falsafa umumlashgan ilmlar tizimi
sifatida ushbu masalalarga umumiy munosabatni bildirib o‘tadi. Lekin
falsafaning etika,estetika, ijtimoiy filosofiya kabi nisbatan mustaqil qismlari
ma’naviyat masalalarining o‘ziga tegishli yo‘nalishlarini o‘rganadi, boshqalarini
to‘la qamrab olmaydi. Bir qarashda yuqoridagi masalalarni o‘rganish etikaga
(axloq haqidagi fan) ham aynan xosdek tuyuladi. Bundan etika fani predmetidan
ma’naviyatshunoslik predmeti nimasi bilan farq qiladi, ular bir xil emasmi, degan
savol tug‘iladi?
Etika fanining predmeti ma’naviyatshunoslik predmetiga nisbatan sezilarli
darajada tor. U o‘rganadigan mavzularini, ob’ektini, inson ongini, madaniyatini,
xatti-harakati va faoliyatini faqat axloqiy baholar, me’yorlar, axloqiy omillar –
ezgulik va yovuzlik nuqtai nazaridan tahlil qiladi. U ijtimoiy taraqqiyot
masalalarining ko‘pchiligi bilan, masalan, ilm-fan, adabiyot va san’at
rivojlanishi, jamiyat demokratiyalashuvi kabi masalalar bilan qiziqmasligi yoki
ularning faqat axloqiy jihatlari bilangina qiziqishi mumkin. Ma’naviyatshunoslik
fani ushbu masalalarni batafsil tahlil etmasa-da, ammo chetlab ham o‘tmaydi,
ularni inson e’tiqodi, irodasi, kamoloti va jamiyat yuksalishi, ijtimoiy muhit bilan
bog‘laydi. Chunki jamiyatda sodir bo‘layotgan jarayonlar, san’at va madaniyat
rivojlanishi, ijtimoiy taraqqiyotning barcha yo‘nalishlari, demokratlashish,
fuqarolik institutlari rivojlanishi va h.k. jamiyat a’zolarining ma’naviy-madaniy
saviyasiga, ma’naviy tarbiyasiga, jamiyatdagi ma’naviy muhitga bog‘liq. Ular
o‘rtasidagi bog‘liqlik va munosabatlar ma’naviyatshunoslik fani ob’ektga
aylanadi.
Ma’naviyatshunoslik alohida fan sifatida mustaqillik davrigacha qayd
etilmas edi. Ammo u o‘rganadigan masalalar va mavzular ilm-fan e’tiboridan
mutlaqo chetda bo‘lmagan. Ular turli fanlar doirasida, jumladan ijtimoiy
filosofiya, etika, estetika, adabiyotshunoslik, san’atshunoslik, madaniyat
nazariyasi, pedagogika, psixologiya va boshqa fanlar doirasida u yoki bu darajada
o‘rganilgan. Ammo har bir fan mazkur masalalarni o‘z predmeti nuqtai nazaridan
— yo juda toraytirib (xususiy fanlar), yo juda kengaytirib (filosofiya) o‘rgangan.
Ma’naviyatshunoslik o‘z predmetiga taalluqli boshqa fanlar tadqiqotlarini,
axborotlarini umumlashtiruvchi va uyg‘unlashtiruvchi vazifani bajaradi. Shu bois
uning predmeti yuqorida zikr etilgan fanlar predmetiga nisbatan o‘ziga xosligi,
ularning aksariyatiga nisbatan kengligi va ko‘pqirraligi bilan ajralib turadi.
Qadimgi yunon ilmiy-falsafiy qarashlarida inson ma’naviy hayoti uch
guruhga bo‘lingan — aql (tafakkur), iroda va tuyg‘u. Aqlni (tafakkurni) mantiq
fani, irodani etika fani tadqiq etgan. XVIII asrga kelib estetika fani vujudga
kelgan. U inson tuyg‘ulari va kechinmalarini go‘zallikka munosabat nuqtai
nazaridan o‘rgana boshlagan. Ilgari ushbu masalalar umumiy filosofiya fani
doirasida bilish nazariyasi, etika, poetika, ritorika va sh.k. fanlar tomonidan
o‘rganilgan. Psixologiya ushbu masalalarni boshdanoq mushtarak tarzda, ammo
mavzu doirasini toraytirib va xususiylashtirib, uni inson ongining tashqi ta’sirga
javobi (reaksiyasi) tarzida o‘rgangan.
Ma’lumki, Yevropa falsafasi «axloq», «ruh», «iroda», «go‘zallik» kabi
tushunchalarni tadqiq etishda ulkan natijalarga erishgan, teran tadqiqotlarni
amalga oshirgan bo‘lsa-da, u ma’naviy hayotni yaxlit holda emas, bo‘lib
o‘rganish an’anasiga sodiq qolgan. Chunonchi, Gegel ta’limotida “g‘oya”
Shopenhauer ta’limotida «iroda» substansional (borliqning o‘zagi o‘laroq)
ahamiyat kasb etadi va butun tarixiy jarayonning faol sub’ekti sifatida namoyon
bo‘ladi. Bunday hol ularning ta’limotiga yaqqol (Shopenhauer) yoki noyaqqol
(Gegel) mistik sifat baxsh etadi. Gegel barcha moddiy va ideal hodisalarni —
tabiat, inson, jamiyat, davlat, axloq, huquq, san’at, ong, tafakkur, tushuncha
kabilarni absolyut (mutlaq) g‘oyaning o‘zgacha borlig‘i, moddiylashgan muqobil
shakli deb hisoblaydi. Gegel ularning barchasini mutlaq g‘oyaning o‘z-o‘zidan
taraqqiy etishi, o‘zining qarama-qarshi, inkor shakliga aylanishi kabi o‘zi taklif
etgan dialektikaning qonunlariga bog‘lab o‘rganadi.
Sharq ilmida esa ma’naviy hayotga ko‘proq mushtarak hodisa sifatida
qaralgan. G‘arbdagidan farqli o‘laroq, «ruh», «iroda», «axloq» (odob) va boshqa
ko‘plab tushunchalarni alohida har tomonlama tadqiq etish unchalik urf
bo‘lmagan. Ko‘proq qisqacha ta’rif berish, eng muhim belgilarni e’tirof etish
bilan cheklanilgan. Lekin bundan Abu Hamid G‘azzoliy, Aziziddin Nasafiy kabi
(XI-XIII asr) ayrim olimlar istisno. Islom mamlakatlarida yillar o‘tishi bilan
ma’naviyatni o‘rganishda mistik unsurlar kuchaya borgan. Bunday yondashuv
oxir-oqibat ma’naviyatning mohiyatini ilohiy irodaga, g‘ayritabiiy qobiliyatga va
shuurga bog‘lashga olib kelgan. Ma’naviyatni o‘rganadigan, tahlil qiladigan,
umumlashtiradigan ilmiy tushunchalar, atamalar tizimini rivojlantirishga, har bir
atamani ilmiy tahlil qilishga yetarli e’tibor berilmagan. Hattoki tasavvuf
doirasidagi har xil tariqatlar bir hodisani yoki jarayonni ifodalashda turli
atamalardan foydalanganlar. Bu o‘rta sharqda XIV-XV asrlarda uzil-kesil
shakllangan an’ana edi.
Mustaqil O‘zbekistonda ma’naviyatga iqtisodiyot qatorida ustuvorlik
berilishi uni har tomonlama va maxsus o‘rganishni kun tartibiga qo‘ydi.
Ma’naviyat to‘g‘risida aniq va nisbatan mukammal tasavvurlargina milliy
manfaatlarimizni, yutuq va kamchiliklarimizni teranroq tushunib olib,
O‘zbekistonni taraqqiy etgan davlatlar qatoriga olib chiqishda ma’naviy
omillardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Ma’naviyatshunoslik ijtimoiy-gumanitar fanlarning deyarli hammasi bilan
aloqa qiladi. U falsafiy fanlardan yana dinshunoslik fani bilan yaqindan
bog‘langan. Din uzoq tarixiy davrlar davomida odamlar e’tiqodini,
dunyoqarashini belgilagan. Jamiyat mafkurasiga, axloqiga, san’atiga, iqtisodiy,
huquqiy, maishiy ongiga, odamlarning o‘zaro munosabatlariga, urf-odatlariga to
kapitalizm qaror topib industrial jamiyat vujudga kelgan davrgacha hal qiluvchi
ta’sir ko‘rsatgan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda hozirgacha dinning ta’siri
kuchli. Shu bois ma’naviyatning kelib chiqishi, taraqqiyot bosqichlari va
qonuniyatlarini o‘rganishda dinshunoslik fani materiallariga murojaat etmaslik,
ularni hisobga olmaslik mumkin emas.
Lekin ta’kidlash joizki, ma’naviyat hatto qadimgi ibtidoiy jamiyatda ham
faqatgina diniy tasavvurlar va qarashlar bilan bog‘liq holda rivojlanmagan. U
ibtidoiy raqslar, asotirlar (mifologiya), ertaklar, rivoyatlar, qoya sur’atlari, oilaviy
munosabatlar, urf-odatlar shaklida ham rivojlangan, insonning ilk nodiniy
ijodkorlik faoliyatidan oziqlanib kelgan. Bu tendensiya muttasil kuchayib borgan.
Ma’naviyatshunoslik folklor va adabiyotshunoslik, tilshunoslik, san’atshunoslik
va keng ma’nodagi madaniyatshunoslik, tarix, ijtimoiy psixologiya fanlari
hisobidan aniq dalillar va ma’lumotlar bilan boyiydi, o‘z predmeti yo‘nalishida
ularni to‘ldiradi va boyitadi.
Ma’naviyat qotib qolgan hodisa emas. U jamiyat va inson bilan, ijtimoiy
amaliyot bilan birga takomillashadi, rivojlanadi, o‘zgaradi. Unga davlat siyosati,
ijtimoiy tabaqalar, sinflar millatlar, xalqlar, mamlakatlar, madaniyatlar
o‘rtasidagi munosabatlar, aloqalar muayyan tarzda ta’sir ko‘rsatadi. Ma’naviy
qadriyatlar turli ijtimoiy tabaqalar, qatlamlar, guruhlar tomonidan bir xil
o‘zlashtirilmaydi, bir xil baholanib, bir xil tushunilmaydi. Ushbu masalalarni
o‘rganish uchun turli ijtimoiy guruhlar qiziqishlarini yaxshi bilish, sotsiologik
tadqiqotlar o‘tkazish zarur. Demak, ma’naviyatshunoslik nazariy va amaliy
sotsiologiya bilan aloqa o‘rnatadi, uning usullaridan, xulosalaridan foydalanadi.
Davlat siyosatining, partiyalar o‘rtasidagi mafkuraviy kurash yoki sheriklikning,
xalqaro iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalarning ma’naviy
jarayonlarga ta’sirini siyosatshunoslik fani yordamisiz teran tushunish qiyin.
Ushbu fan ham ma’naviyatshunoslikni ko‘plab aniq dalillar, teran xulosalar bilan
boyitadi.
Ma’naviyatning predmetlashgan shakli madaniyat – adabiyot va san’at
asarlari, badiiy obraz, inson tili, xulq-atvori ideal shakli – axloqiy estetik, ilmiy,
huquqiy, siyosiy g‘oyalar, tushunchalar,– hammasini o‘ziga xos ramz, belgi, deb
hisoblash mumkin. Har qanday so‘zning o‘zi – ramz: yo biror tushunchani, fikrni,
yo hayotda ob’ektiv mavjud predmetni, hodisani ifodalaydi. So‘z bilan
ifodalanadigan tushuncha va real predmet o‘rtasida hech qanday bevosita
o‘xshashlik, bog‘liqlik yo‘q. So‘z ifodalanuvchi narsaning faqat nutq yoki imlo
(yozuv) yordamidan foydalanilgan belgisidir, xolos. Shu sababdan turli sharoitda
yashagan, bir-biriga qardosh bo‘lmagan etnoslar ularni turli so‘zlar orqali
belgilagan. Agar so‘z predmetga bevosita bog‘liq bo‘lganida, muayyan predmetni
barcha xalqlar bir xil atar edilar. Shunday qilib, tilni o‘ziga xos belgilar va ramzlar
tizimi, deyish mumkin. Har qanday g‘oya, me’yor, ijtimoiy mo‘ljal va ideal –
ramz. Ularni har kim, har bir tarixiy davr o‘zicha tushunadi, talqin qiladi. Tilning,
g‘oya va obrazning, badiiy asarning belgilik (ramziylik) xarakterini va bu bilan
bog‘liq
barcha
murakkab
masalalarni
semiotika
fani
o‘rganadi.
Ma’naviyatshunoslik semiotika, semaseologiya fanlari ma’lumotlaridan,
talqinidan, ba’zan ilmiy uslublaridan foydalanadi.
Va, nihoyat, ma’naviyatshunoslik fani bizning ijtimoiy hodisalarni
shunchaki anglab olishimizgagina, tor ma’nodagi ma’rifiy vazifalargagina xizmat
qilib qolmay, mustaqil O‘zbekistonning barkamol avlodini tarbiyalashga o‘z
hissasini qo‘shish maqsadini oldiga qo‘yadi. Bu mazkur fanning pedagogika va
pedagogik psixologiya fanlari bilan aloqa qilishini taqozo etadi. Yuqoridagi
mulohazalardan ma’naviyatshunoslikka gumanitar fanlar tizimida o‘z predmetiga
ega mustaqil fan sifatida qarash lozimligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotidagi
ahamiyati ayon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |