Odatda psixologiyada ixtiyorsiz harakatlar anglanilgan yoki etarli darajada
anglanmagan istak, xohish, tilak, mayl, ustanovka va shu kabilarning ichki turtki ta‘sirida
paydo bo‘lishi natijasida ro‘yobga chiqariladi. Mazkur istak va uning boshqa shakllari
impulsiv (lotincha impulsus ixtiyorsiz qo‘zg‘olish ma‘nosini anglatadi) xususiyatiga ega
bo‘lib, inson tomonidan anglanilmaganligi uchun ma‘lum ob‘ektga
qaratish yuzasidan
rejalashtirilmagan, hatto ko‘zda tutilmagan bo‘ladi. Insonning favquloddagi vaziyatda
yuzaga keladigan sarosimalik affekti, dahshat, hayajonlanish, ajablanish, shubhalanish va
shunga o‘xshash boshqa mohiyatli, har xil shakldagi xatti-harakatlari ixtiyorsiz
turkumdagilarga yorqin misoldir. Undagi atamalar ma‘nosi, aks etish imkoniyati bundan
oldingi hissiyot to‘g‘risidagi ma‘lumotlarda keng ko‘lamda bayon qilingan.
Boshqa kategoriyada taalluqli harakatlar ixtiyoriy harakatlar deb nomlanib, ular
maqsad ko‘zlash, maqsadni anglashni va uni amalga oshirishni ta‘minlovchi
operatsiyalar, usullar va vositalarni shaxs o‘z miyasida tasavvur qilishni, samaradorligini
taxminan baholashni taqozo etadi. O‘zining mohiyati bilan tafovutlanib turuvchi ixtiyoriy
harakatlarning alohida guruhini irodaviy harakatlar deb ataluvchi turkum tashkil qiladi.
Psixologik ma‘lumotlarga asoslangan holda ularga quyidagicha ta‘rif berish mumkin:
«Maqsadga erishish yo‘lida uchraydigan qarama-qarshiliklarni bartaraf qilish jarayonida
zo‘r berish bilan uyg‘unlashgan, muayyan maqsadga yo‘naltirilgan ongli harakatlar
irodaviy harakatlar deyiladi».
Shaxsning irodaviy faoliyati o‘z oldiga qo‘ygan anglangan maqsadlarni bajarishdan,
amalga oshirishdan iborat sodda shakldagi harakatlarning majmuasidan iborat emas. Zo‘r
berishni taqozo etmaydigan ish harakati (masalan,
shkafdan choynak olish, sochiqni
qoziqqa ilish va hokazolar) bilan irodaviy faoliyat tarkiblari o‘rtasida keskin tafovut
mavjud. Irodaviy faoliyat o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, uning mohiyati shundan
iboratki, bunda shaxs o‘z oldiga qo‘ygan va unga muhim ahamiyat kasb etuvchi
maqsadlariga o‘zi uchun kamroq qiymatga molik xatti-harakat motivlarini bo‘ysundiradi.
Ustivor (etakchi) motivlar qo‘shimcha ko‘makchi motivlarni muayyan yo‘nalishga
safarbar qilib, umumiy maqsadga xizmat qildiradi.
Irodaviy faoliyat mohiyati shunda ko‘zga tashlanadiki, bunda shaxs o‘zini o‘zi
boshqaradi, o‘zini qo‘lga oladi, o‘zining xususiy ixtiyorsiz impulsiv tomonlarini nazorat
etadi, hatto zarurat tug‘ilsa, u holda ularni tamoman yo‘qotadi ham.
Iroda paydo
bo‘lishining bosh omili-inson tomonidan faoliyatning turli tarkiblarining irodaviy
harakatlarni tizimli tarzda tatbiq etilishi bunday ish-harakatlarda ong bilan
mujassamlashuvchi shaxsning faolligidir. Irodaviy faoliyat shaxs tomonidan keng
qo‘lamda anglanilgan va ruhiy jarayonlarni amalga oshirish xususiyati bo‘yicha irodaviy
zo‘r berishni talab qiladigan aqliy amallarni taqozo etadi. Bunday aqliy amallar
favquloddagi vaziyatni baholash, kelgusida amalga oshirishga mo‘ljallangan harakatlar
uchun vositalar va operatsiyalar tanlash, maqsad ko‘zlash va unga erishishning usullarini
saralash, ularni tatbiq etish uchun muayyan qaror qabul qilish kabilar bo‘lib hisoblanadi.
Ushbu amallarning barchasi irodaviy faoliyatning operatsional tomoni deb baholanadi.
Insoniyatning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotining yirik namoyandalari ijodiy faoliyatiga
taalluqli ma‘lumotlar, qarorga kelish namunalari ularning ijtimoiy-psixologik
qiyofalarini aks ettirish imkoniyatiga egadir. Masalan,
buyuk sarkarda Amir Temur
Ko‘ragoniyning «Kuch adolatdadir» degan hikmati, Alisher Navoiyning «Zanjirband
sher-engaman der» hitobi, CHo‘lponning «Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir»
chaqirig‘i javobgarlikni yuksak his etgan holda xalqining xohish irodasini ifoda qilib,
qat’iy irodaviy xatti-harakatlarini amalga oshirganlar, shu bilan birga ular o‘zlarining
ma‘naviy, qadriy, ruhiy qiyofalarini chuqur va ko‘pyoqlama ochib berishga musharraf
bo‘lganlar. Ijtimoiy tarixiy sahifalarimizda, yaqin o‘tmishimizda
va istiqlol davrida
ko‘plab vatandoshlarimiz irodaviy xatti-harakatlarining namunaviy ko‘rinishlarini
namoyish qilganlar, bular rasmiy manbalarda va badiiy adabiyotlarda keng ko‘lamda
yoritilgan.
Yuqoridagi mulohazalardan tashqari, irodaviy faoliyatning o‘ziga xos psixologik
xususiyatlari ham mavjuddir va ular muayyan tavsiflarga asoslanib talqin qilinadi.
Irodaviy faoliyatni yoki alohida iroda aktini (latincha actus harakat degan ma‘noni
anglatadi amalga oshirishishning xususiyatlaridan biri-bu bajarilayotgan harakatlarning
erkin ekanligini shaxs tomonidan anglash (bunday qilsa ham bo‘ladi yoki unday qilsa
ham) iboratligidir. Ushbu jarayonda shaxs hech bir narsani uddasidan chiqmaydigan yoki
vaziyatga to‘la-to‘kis tobelik qiladigan, qolaversa yuzaga
kelgan sharoit talablariga
so‘zsiz, zaruriy bo‘ysunadigan kechinmalar hukm surmaydi. Shuning uchun shaxs
tomonidan qarorga kelishning erkinligi, mustaqilligi bilan uyg‘unlashgan kechinmalar
hukm surishi mumkin, xolos. Mazkur qarorga kelishdagi erkinlik hissi insonning o‘z
niyatlari bilan harakatlari ro‘yobga chiqishiga nisbatan mas’uliyat yoki javobgarlik
tuyg‘usining kechishi bilan izchillik kasb etadi.
Irodaviy faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan tashkil topgandir; 1)
irodaviy harakatlarni shaxs hamisha ularning sub‘ekti
sifatida amalga oshiradi; 2)
irodaviy akt, harakat shaxs to‘la-to‘kis mas’ullikni zimmasiga olgan ish, amal sifatida
ichdan (ichki dunyosida) kechiriladi; 3) irodaviy faoliyat tufayli inson ko‘p jihatdan
o‘zini o‘zi shaxs sifatida anglaydi; 4) irodaviy faoliyat sababli shaxs o‘z hayot yo‘li va
taqdirini o‘zi belgilashini tushunib etadi va hokazo. Shu bilan birga irodaning
faollashtiruvchi va jilovlab turuvchi (tormoz qiluvchi)
funksiyalari birgalikda
(hamkorlikda) hukm sursagina, faqat shundagina shaxsning o‘z maqsadiga erishish
yo‘lidagi to‘siqlarni engishni kafolatlashi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: