12.2. Takroran jinoyat sodir etish
Takroran jinoyat sodir qilish bir qancha jinoyatlar tizimida o'ziga xos xususiyatlarga ega bo'lib, O'zbekiston
Respublikasining 1994-yilda qabul qilingan yangi Jinoyat kodeksida ilk bor mustahkamlangan. O'zbekiston
Respublikasi Adliya vazirligining bergan ma'lumotlariga ko'ra, takroran jinoyat sodir etish turli davrlarda barcha
jinoyatlarning 25-30 % ni tashkil etgan.
75
Takroran sodir etilgan jinoyatlar jamiyat uchun xavfli harakatlardan bo'lib, takroran jinoyat sodir qilish jinoyat
huquqi instituti sifatida chuqur tarixga ega. Takroran jinoyat sodir etish va uni sodir etganlik uchun javobgarlik
to'g'risidagi dastlabki manbalar Rim huquqida uchraydi. Qadimgi Fransiya, Germaniya va boshqa davlatlar
qonunchiligida ham bu ma'lumotlar bor. Katolik Cherkov huquqida esa, takroriy jinoyat «tuzalib, qayta ochilgan va
tuzalishi juda qiyin bo'lgan yara»ga o'xshatilgan.
Musulmon huquqida ham takroran jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlik to'g'risidagi ma'lumotlar mavjud
bo'lib, Qur'onda bunday harakatlar sodir etganlarga og'ir jazo tayinlash nazarda tutilgan. Unga ko'ra, takroran jinoyat
sodir etish deganda, bir qilmishni ikki yoki bir necha marta sodir etilishi tushunilgan. Bunda shaxsning birinchi jinoyati
uchun jazoga tortilganligining ahamiyati bo'lmay, bir jinoyatni jazo qo'llanilgandan keyin sodir etganligi muhim
bo'lgan, xususan, shaxs o'g'irlik jinoyatini birinchi marta sodir etganida qo'li kesilgan bo'lsa, ikkinchi marta qattiqroq
jazo chorasini, chap oyog'i to'pig'idan kesilib, qaynatilgan yog'ga botirilishiga sabab bo'lgan, shundan so'ng ham tuzalish
yo'liga kirmasa, qozi tomonidan tavba muddati belgilab hibs etilgan.
Sobiq ittifoq davridagi Jinoyat qonunchiligida ham takroran jinoyat sodir etganlik uchun jazo choralari
belgilangan. 1926-yildagi Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi 36 ga yaqin moddalarida takroran jinoyat sodir etish,
jinoyatni kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi sifatida nazarda tutilgan. 1959-yilgi Jinoyat kodeksining 125-moddasi
eslatmasida 125, 126 va 129-moddalarda nazarda tutilgan takroran jinoyat sodir etish deganda, shu moddada yoki
kodeksning bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyat-lardan birini ilgari ham sodir etgan shaxs tomonidan sodir
etilgan harakat tushunilgan
1
.
Amaldagi 1994-yil qabul qilingan Jinoyat kodeksining 32-mod-dasi, 1-qismiga ko'ra, kodeksda alohida
ko'rsatilgan hollarda esa, «Ushbu kodeks «Maxsus» qismining aynan bir moddasida, qismida, kodeksda alohida
ko'rsatilgan hollarda esa, turli moddalarda nazarda tutilgan ikki yoki bir necha jinoyatni shaxs turli vaqtlarda sodir
etgan, ammo ularning birortasi uchun ham sudlangan bo'lmasa, takroran jinoyat sodir etish, deb topiladi». Bu yerda
shaxs tomonidan turli vaqtlarda bir xil jinoyatlarni sodir etil-ganligini tushunish lozim. Takroran jinoyat sodir etish faqat
shaxs-ning bunday jinoyat turini vujudga keltirgan, huquqiy mohiyatga ega bo'lgan birorta ham jinoyat uchun jazoga
mahkum etilmagan hollarda vujudga keladi.
Takroran jinoyat sodir qilish deganda, xuddi shunday jinoyatni ikkinchi, uchinchi va hokazo marta sodir qilish
tushuniladi. Respublikamizning amaldagi jinoyat qonunida ushbu masala o'zining to'g'ri yechimini topgan. Unga ko'ra,
shaxs aynan bir xil jinoyatni ikki yoki bir necha marta sodir qilganda ham takroran jinoyat sodir etish, deb
hisoblanaveradi.
Jinoyat kodeksining 32-moddasida mustahkamlangan talabdan kelib chiqib, takroran jinoyat sodir etishning
quyidagi belgilarini ko'rsatish mumkin:
1) takroran jinoyat sodir etish bir necha jinoyat sodir etishning shakli bo'lib, unga ko'ra shaxs javobgarlikka tortiladigan
aynan bir-biriga o'xshash bo'lgan ikki yoki bir necha jinoiy qilmishni sodir qiladi;
2) sodir etilgan qilmishlar jinoyat qonuni «Maxsus» qismining aynan bir moddasida, qismida, kodeksda alohida
ko'rsatilgan hollarda esa turli moddalarida nazarda tutilgan qilmishlarni ham qamrab oladi;
3) sodir etilgan jinoiy qilmishlarning birortasi uchun ham shaxs sudlangan bo'lmasligi;
4) jinoyat takroran sodir etilgan, deb hisoblanishi uchun ular turli vaqtlarda sodir qilingan va mustaqil jinoyat tarkibini
tashkil qilishi.
Bir shaxs tomonidan Jinoyat qonuni «Maxsus» qismining aynan bir moddasida, qismida nazarda tutilgan ikki
yoki bir necha jinoiy qilmishning sodir etilishi takroran jinoyat sodir etishning asosiy jinoyat huquqiy belgilaridan biri
bo'lib, bunda shaxs tomonidan sodir qilingan har bir jinoiy qilmish amaldagi Jinoyat qonunining 14-moddasiga
muvofiq, yagona mustaqil jinoyat sifatida baholanadi. Ushbu jinoyatlar mustaqil ravishda alohida kvalifikatsiya qilinadi
va alohida sanksiyaga ega bo'ladi. Shuning bilan birga Jinoyat kodeksining 32-moddasi, 1-qismiga ko'ra, nafaqat,
tugallangan jinoyatlar, balki, tamom bo'lmagan, ya'ni jinoyatga tayyorgarlik ko'rish va jinoyatga suiqasd qilish,
ishtirokchilikda sodir qilingan jinoyatlar ham takroran jinoyatlarni tashkil qilishi mumkin. Ammo bunda sodir etilgan
barcha jinoyatlar Jinoyat kodeksining bitta moddasi yoki bitta moddasining bitta qismida nazarda nazarda tutilgan
belgilarga ega bo'lishi kerak.
Jinoyat kodeksining 32-moddasi, 1-qismida: «Tamom bo'lgan jinoyat ham, jazoga sazovor bo'lgan jinoyatga
tayyorgarlik ko'rish yoki jinoyat sodir etishga suiqasd qilish ham, shuningdek, ishtirokchilikda jinoyat sodir etish ham
takroran jinoyat sodir etish, deb topiladi», deyilgan.
Jinoyat kodeksining 32-moddasi, 1-qismi mazmuniga ko'ra, shaxs sodir qilingan jinoyatlardan birortasi uchun
ham sudlanmagan bo'lishi kerak, ya'ni takroran jinoyatlarni tashkil qiluvchi qilmishlarning har biri shaxs sudlangunga
qadar sodir etilgan, sud tomonidan muhokama qilinmagan bo'lishi lozim. Jinoyat kodeksining 77-moddasi, 2-qismiga
ko'ra, jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan, deb hisoblanadi. Shunga
ko'ra agar shaxs sodir etgan ikki jinoyatdan biri uchun sudlanganligi tegishli tartibda olib tashlanmagan, tugallanmagan
bo'lsa, uning harakatini takroran jinoyat sodir etish, deb topish mumkin emas.
Shaxsning sodir qilgan jinoyatlarini takroran jinoyat sodir etish, deb topishning uchinchi sharti shaxsni dastlabki
sodir etgan qilmishi uchun javobgarlikdan ozod qilish muddati o'tib ketmagan bo'lishi kerak. Bu yerda javobgarlikka
tortish muddatining o'tib ketganligi tufayli javobgarlikdan ozod qilish (64-modda), shaxs yoki qilmishning ijtimoiy
76
xavflilik xususiyatini yo'qotganligi tufayli javobgarlikdan ozod qilish yoxud yarashganligi munosabati bilan jinoiy
javobgarlikdan ozod qilish, 66-moddada kasalligi tufayli javobgarlikdan, 67 va 75-moddalar amnistiya akti yoki avf
etish asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilish nazarda tutilgan.
Oldingi jinoyati uchun shartli hukm qilish qo'llanilgan bo'lsa, takroran jinoyat sodir etish, deb hisoblanmaydi.
Chunki shaxs Jinoyat kodeksining 72-moddasi, 8-qismiga muvofiq, sinov muddati davomida yangi jinoyat sodir etsa,
sud unga nisbatan Jinoyat kodeksining 60-moddasi bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash uchun belgilangan
qoidalarga asoslangan holda jazo tayinlaydi. Shuning uchun bu hoi takroran jinoyat sodir etish tushunchasini istisno
etadi.
Oldingi jinoyati uchun hukm qilingan shaxs yangi jinoyat sodir qilsa, faqat har ikki jinoyat qasddan sodir
qilingan taqdirdagina 56-moddaning, 1-qismi, «n» bandida nazarda tutilgan og'irlash-tiruvchi holatlarni tashkil etadi va
ushbu holda Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi «takroran sodir qilinsa» bandi bilan kvalifikatsiya qilinmaydi. Chunki
shaxs sodir etgan jinoyatini takroran sodir etish, deb topish uchun, jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish muddati o'tib
ketmagan bo'lib, shundan keyingina bir xil jinoyatni turli vaqtlarda sodir qilgandagina va ularining birortasi uchun
sudlangan bo'lmasa, jinoyat takroran sodir qilingan, deb hisoblanadi.
Javobgarlikka tortish yoki tortmaslik masalasini hal qilishda javobgarlikka tortish muddati Jinoyat kodeksining
64-moddasida ko'rsatilgan muddatdan oshib ketmagan bo'lishi kerak. Agar jinoyatlar o'rtasidagi vaqt Jinoyat
kodeksining 64-moddasida nazarda tutilgan muddatdan oshib ketgan bo'lsa, qilmishni takroran sodir etilgan, deb
hisoblab bo'lmaydi va shaxs javobgarlikka tortish muddati o'tib ketmagan jinoyati uchungina javobgar bo'ladi.
Agar shaxs takroran sodir qilingan jinoyat deb hisoblanishi mumkin boigan jinoyatlarni sodir etgan bo'lib, bu
jinoyatlardan biri hukm chiqarilgunga qadar, ikkinchisi esa, hukm chiqarilgandan keyin aniqlangan bo'lsa, takroran
jinoyat sodir qilish, deb hisob-lashga asos bormi, degan savol tug'iladi.
Jinoyat kodeksining 59-moddasi, 3-qismida «agar ish bo'yicha» hukm chiqarilgandan keyin mahkumning
birinchi ish bo'yicha chiqarilgan hukmigacha yana boshqa jinoyatda aybli ekanligi aniqlansa ham jazo o'sha tartibda —
jinoyatlar jami bo'yicha jazo tayinlanadi. «Bunday holda jinoyatlar majmuyi bo'yicha sud tomonidan tayin-langan jazo
muddatiga birinchi hukm yuzasidan jazoning o'talgan qismi ham qo'shiladi», deyilgan.
Qonun mazmuniga ko'ra jinoyatlar majmuyi uchun jazo tayinlashning ushbu qoidalari o'z navbatida takroran
jinoyat sodir etishga nisbatan ham qo'llanishi mumkin. Bunday holda jinoyat-laming har ikki aynan bir xil jinoyatlar
bo'lganligi va jinoyatlarning biri uchun sudlanmay qolishiga sabab huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning jinoyatning
o'z vaqtida fosh etilmaganligi sababli bo'lishi mumkin.
Takroran jinoyat sodir qilishni bunday turlarga ajratish 1959-yilda qabul qilinib, 1995-yilning 1-apreliga qadar
amalda bo'lgan Jinoyat kodeksi asosida ishlab chiqilgan edi. Jinoyat huquqida takroran jinoyat sodir etishni bunday
turlarga bo'linishi amaldagi Jinoyat kodeksiga to'g'ri kelmaydi. Chunki umumiy takroran jinoyat sodir qilish deganda,
turli vaqtlarda Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi turli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilish
tushiniladi. Bu holat o'z navbatida jinoyatni kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi bo'lib hisoblanmaydi, balki ayrim
hollarda Jinoyat kodeksining 56-moddasi, «a» bandida ko'rsatilganidek, jazoni og'irlashtiruvchi holat bo'lishi mumkin.
Maxsus takroran jinoyat sodir qilish deganda, Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi bitta moddasi yoki o'sha moddaning
yoxud modda qismining zaruriy belgisi sifatida ko'rsatilgan holatlar nazarda tutiladi. Ya'ni maxsus takroran jinoyat sodir
qilishda bir xil jinoyatni kamida ikki marta sodir qilish tushuniladi.
Jinoyat kodeksining 32-moddasi, 1-qismiga binoan alohida ko'rsatilgan hollarda «Maxsus» qismning turli
moddalarida nazarda tutilgan ikki yoki bir necha jinoyatni shaxs turli vaqtlarda sodir etgan, ammo ularning birortasi
uchun ham sudlangan bo'lmasa, takroran jinoyat sodir etish deb topiladi. Takroran jinoyat sodir etish, deb hisoblashning
bunday qoidalari Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi bir qancha moddalarida nazarda tutilgan. Masalan, Jinoyat
kodeksining 104-moddasi, 2-qismi, «b» bandi, 105-mod-daning 2-qismi, «k» bandi, 118-moddaning 2-qismi, «b» bandi,
164-moddaning 3-qismi, «a» bandi va boshqa qator moddalar.
Agar oldin Jinoyat kodeksining 119-moddasida nazarda tutilgan, jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan so'ngra
118-moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etsa, keyingi jinoyati takroran jinoyat, deb topiladi. Tadqiqotchi F.
Tohirov odam o'ldirishdan oldin terrorizm, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti hayotiga tajovuz qilish va hokazo
jinoyatlar sodir etilgan bo'lsa, qilmish takroran odam o'ldirish kabi baholanishi kerak, deb ta'kidlaydi
1
.
Takroran jinoyat sodir etishning subyekti bir shaxs boigani holda, jinoyat qonuni bilan qo'riqlanadigan turli xil
ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazilishi mumkin. Ya'ni tajovuz obyekti turlicha bo'lishi mumkin. Obyektiv tomondan
esa, ushbu jinoyat aynan bir-biriga o'xshash jinoyatlarni, qonunda alohida ko'rsatilgan hollarda esa, turli jinoyatlarni
sodir etishda ifodalanadi. Shu bilan birga takroran jinoyat sodir etish jinoyatlarni tashkil qiluvchi qilmishlarning har biri
Jinoyat kodeksining 14-moddasiga ko'ra ijtimoiy xavfliligi, huquqqa xilofligi, aybning mavjudligi, jazoga sazovorligi
bilan xususiyatlanadi. Shujumladan, ularning barchasida yuqorida ta'kidlanganidek, jinoyat tarkibining barcha
alomatlari bo'ladi. Shaxs, garchi, har biri mustaqil bo'lgan, lekin aynan bir-biriga o'xshash yuqoridagidek jinoyatlarni
sodir etgani hollarida uning qilmishi Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi «takroran sodir qilinsa» bandiga asoslanib
jazo tayinlanadi.
Bu borada takroran jinoyat sodir etishning bir qator huquqiy belgilari bilan birga uning subyektiv tomonidan
to'g'ri aniqlash muhimdir. Takroran jinoyat sodir etishning subyektiv tomoni, shaxsning sodir qilgan ikki yoki undan
77
ortiq qilmishi va ularning oqibatlariga nisbatan ruhiy munosabatida ifodalanadi. Ushbu jinoyatni tashkil qiluvchi jinoiy
qilmishlar o'z navbatida ayb shaklining yagonaligi bilan xususiyatlanadi. Ya'ni takroran jinoyat sodir etish, deb topish
uchun shaxsning sodir qilgan ikki yoki bir necha jinoyati aybning qasd shakliga ega bo'lishi kerak. Jinoyat qonunida
takroran jinoyat sodir etish, deb topishning zaruriy belgisi sifatida 38 ga yaqin jinoyat tarkiblarida nazarda tutilgan
bo'lib, ularning barchasi qasddan sodir etiladigan jinoyatlardir. Qolaversa, jinoyat qonuniga ko'ra, ilgari ham qasddan
jinoyat sodir etgan shaxsning takroran yoki qasddan yangi jinoyat sodir etishi jazoni og'ilashtiruvchi holat sifatida
(Jinoyat kodeksining 56-moddasi, 1-qismi, «n» bandi) qaraladi. Ehtiyotsizlikdan sodir etiladigan jinoyatlarda shaxsning
o'z talab va niyatlarini jinoyat sodir qilish orqali qondirish to'g'risida gap bo'lishi mumkin emas. Bu jinoyatlar ko'proq
vaziyatning va shaxs harakatining u yoki bu variantini tanlashga jiddiy yondashishi bilan bog'liq bo'ladi.
Takroran sodir etiladigan jinoyatlarni subyektiv tomonida uni o'z navbatida tashkil etuvchi har bir jinoyat qasd
qilish, mustaqil ravishda shakllanadi. Ammo bu holatda ular o'rtasida ichki bog'liqlik bo'lmaydi, degan tushunchani
anglatmaydi. Takroran jinoyat sodir etish, deb topilgan barcha jinoyatlar bir-biriga bog'liq bo'ladi. Takroran jinoyat
sodir etishning subyektiv tomoni uning barcha belgilari bilan o'ziga xos huquqiy ahamiyatga ega bo'lib, jinoyatni to'g'ri
kvalifikatsiya qilish va adolatli jazo tayinlashda muhimdir.
Takroran jinoyat sodir etish o'z navbatida yuqoridagi belgilariga ko'ra davomli, uzoqqa cho'zilgan, retsidiv
jinoyatlardan farq qiladi. Takroran sodir etilgan jinoyatni davomli jinoyatdan farq qilish lozim. Davomli jinoyat
tushunchasi Jinoyat kodeksining 32-mod-dasi, 3-qismida ifodalangan. Bu jinoyatlar o'rtasidagi asosiy farq sodir etilgan
jinoyatning subyektiv tomoniga to'g'ri keladi, lekin obyektiv belgilari mos tushadi. Davomli jinoyat deganda, yagona
maqsad yo'lida amalga oshiriladigan umumiy qasd doirasida birlashgan ikki va undan ortiq ijtimoiy xavfli harakatlar
tushuniladi. Takroran jinoyat sodir etish esa, doimo yangi qasd orqali amalga oshiriladi. Davomli jinoyatda qasdni
amalga oshirish vaqti oralig'ida doimo muayyan vaqt mavjud bo'ladi. Davomli jinoyatning o'ziga xos xususiyati
shundan iboratki, barcha qilmish jinoyatlarning o'zaro bog'liqligi, har bir butunni tashkil qilishda namoyon bo'ladigan
barcha epizodlarning yagonaligidadir. Davomli jinoyatning boshlanishi bir davom etadigan jinoyatdan iborat bo'lgan
qator o'xshash harakatlarning dastlabkisini sodir etishdir. Demak, davomli jinoyatlar quyidagi o'ziga xos belgilarga ega
bo'ladi:
a) bir xildagi harakatlarning majmuyi;
b) barcha harakatlar aynan bitta obyektga qaratilgan bo'ladi; d) ularning hammasi bitta maqsad yo'lida birlashgan va
shuning uchun ham bir butunlikni tashkil qiladi.
Jinoyat kodeksining 32-moddasi, 4-qismida uzoqqa cho'zilgan jinoyat tushunchasi bayon etilgan, unga ko'ra
vazifalarni uzoq vaqt mobaynida bajarmaslikdan iborat bo'lib, bir jinoyatning uzluksiz tarkibini tashkil qilgan jinoyatlar
tushuniladi. Shundan kelib chiqib uzoqqa cho'zilgan jinoyat jinoiy tajovuzning muayyan vaqt davomida uzluksizligi
bilan ta'riflanadi. Uning xususiyati muayyan harakat yoki harakatsizlikning amalga oshirish vaqtidan boshlab shaxsning
qonunda ko'rsatilgan jinoyatni tugallangan bosqichidagi o'z majburiyatlarini bundan buyon ham uzluksiz bajarmasligi
bilan ifodalanadi. Bunday jinoiy holat ikki:
a) ixtiyoriy;
b) majburiy sababga ko'ra tugatiladi.
Ixtiyoriylik shaxsning o'z tashabbusi bilan harakatsizlikka chek qo'yishda ifadalanadi. Majburiylik jinoyatning
bajarishni bundan keyin ham davom ettirishga monelik qiladigan hodisaning boshlanishidan iboratdir. Uzoqqa
cho'zilgan jinoyatning tamom-lanishi shaxsning qonunda ko'rsatilagan majburiyatlarini bajar-maslikni boshlagan
vaqtdan vujudga keladi, bundan keyingi nisbiy muayyan vaqtda ham u mazkur talablarini bajarmaslikda davom etsa,
bunday holatning ichki yagonaligi o'zaro bog'liqligidan tarkiblarning ko'pligi vujudga kelmaydi.
Yuqorida tahlil etilgan masala bo'yicha quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin, takroran jinoyat sodir etish
tushunchasining Jinoyat kodeksiga kiritilishi:
1) Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan holatlarda jazoni og'irlash-tiruvchi holat sifatida olinadi;
2) jinoyatni kvalifikatsiya qilishda bevosita ta'sir qilishi;
3) jinoyatni kvalifikatsiya qilishning zaruriy belgisi bo'lib hisoblanishi kabi huquqiy ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |