Hayrat ul-Abror (III- qism)
Alisher Navoiy
56
http://ziyonet.uz/
Mendek oshuftahol, shaydoyi odam bu orzuni xayolimga keltirganimda, bir necha kun
yashirin ranj chekdim; obi hayot istab, jonimni qiynadim. Kitob yozish uchun qalam
yoʻnib, qalam uchun qogʻozlarni tayyorladim. Sahifa boʻylab qalamim naqshlar chizib,
ovozini nay ovozidek baland etdi. Nay kuylab qanday avjga chiqsa, mening qalamim oʻz
kuyini undan ham oshirib yubordi. Nay ovozini eshitib, soʻfiylar toʻdasi zikrga tushib
ketganlari singari, bu qamish qalamim ovozi kesak uylarga, hatto toʻqqiz osmon
gumbaziga ham yetib bordi, odamzod orasiga gʻavgʻolar soldi. Malaklar orasida ham
shovqinlar koʻtarildi. Odamzod eshitib, dardi oshib, dard bilan yoqasini chok-chok qildi.
Malaklar eshitgach, jonsiz boʻlib, yarador boʻlgan qush kabi qanotlari osilib qoldi. Uning
kuyidan xush boʻlsa ham, noxush boʻlsa ham, baribir, mamlakat ham, malaklar ham
xayajondadir.
Endi zebo yuzli bir gulrux xat va xol bilan naqshlangan va suratlangan ekan, osmon
pardozchisi oʻz ishini tamomlagach, u oʻn toʻrt kunlik oydek toʻlaligi ila namoyon boʻldi.
Shu’lasidan sharqu gʻarb yorishib, yeru koʻkka yana toʻpolon tushdi. Charx kotibining
qalami sinib, uni siyoxdonning ostiga tashlab qoʻydi. Osmon xazinachisi oldimga kelib,
quyosh bilan birga boshimdan aylana boshladi. Boshimdan sochish uchun joni bilan birga
toʻqqiz dasturxon yulduzni naqd keltirdi. Malaklar ustidan pullar, naqd durru gavharlarni
sochdi. Mening hurmatimni qilib u gard singari yerdan koʻtarildi, boshimdan aylanib,
oyogʻimni oʻpdi.
Oldimga yuzlab boylikni qator qilib, hammasini oyogʻim ostiga sochqi etdi. Boshim
ustidan konidan keltirgan la’llarni sochdi; oldimga Ummonidan durlarni toʻkdi.
Bu hayratda men fikrlab qoldim; hatto bu fikrlashda hayron boʻlib qoldim. Ushbu
varaqlarni mening qalamim (peshonamdagi) yozigʻlar kabi qoraytirgan ekan, ular bu
qadar izzatga arzimaydilar, balki bu izzatning mingdan biriga loyiq emas. Ular, u
aytganday, yomon ham emas. Yaxshidirlar, lekin maqtagunday emas. Ma’nosi yaxshi
boʻlsa, tarkibi yoʻq; koʻrinishi yoqimli boʻlsa, tartibi yoʻq.
Ularni yozishga koʻngul ketgandan keyin oʻn bayt ham yozmay, koʻngul qorongʻilashdi.
Chunki boshimda qiladigan ishim koʻp edi. Bosh qashishga ham vaqtim yoʻq edi. Osmon
varagʻi tun qorasini zirnix bilan yuvgan vaqtdan boshlab, har tomonga tong nur sochib,
toza supurgi bilan kecha qorongʻiligini supura boshladi. Tun oʻzining anbar sepilgan
lattasini yashirarkan, tong oʻzining zarli bayrogʻini tikdi. Bu bayroq endi oʻzini yoʻqlik
mamlakatining bayrogʻi deb e’lon qilgunga qadar, shorn qoraga qizil rangni qoʻshib, nur
harflarini qoraytirgunga qadar, osmon yulduzlarini zohir etib, qora choyshabini durlar
bilan bezagunga qadar men shu orada ezilib, xalqning jabru jafosiga giriftor boʻlaman.
Xalqning yetkazgan azobidan bir dam menga tinchlik yoʻq; odamlarning jabridan bir
nafas oromim yoʻq. Bu xastaning gʻamli uyiga (arz bilan) kelgan odamning ketish
yodidan butunlay koʻtarilib qoladi. Bir guruhi ketib ulgurmasdan, albatta boshqa ikki
guruhi kirib keladi. Ular buzilgan koʻnglimga oʻt yoqib, ertalabdan-kechgacha jonimni
oladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |