19.3. Investitsiya strategiyasini shakllantirish va loyiha strategiyasini
ishlab chiqish.
Investitsiya faoliyatida strategik yo’nalishlarni ishlab chiqish, bu faoliyatni
amalga oshirish siyosatiga asoslanadi.
Korxona investitsiya faoliyatida strategik yo’nalishlarni ishlab chiqishda
quyidagi vazifalar hal qilinadi:
1. Korxona rivojlanishida investitsiya turlarining o’zaro nisbatini aniqlash;
2. Korxona investitsion faoliyatining tarmoq yo’nalishini belgilash;
3. Investitsiya faolyatining hududlar yo’nalishi belgilash.
Korxona rivojlanishida investitsiya turlarining o’zaro nisbatini aniqlash, bu
korxona faolyati funksional yo’nalishi bilan o’zaro bog’liq. Ko’p xollarda
investorlar o’zlarining investitsion faoliyatini fond bozorida amalga oshiradilar.
Bunda investorlar uchun qimmatli qog’ozlar bozorida o’z mablag’larini
investitsiya qilish yaxshi samara berishi mumkin. Ularning uzoqqa mo’ljallangan
investitsion faoliyatining
asosiy shakli aksiya, obligatsiyalar va boshqa xil
qimmatli qog’ozlar bo’lishi mumkin.
Bu vaqtda ba’zi bir korxonalar (investorlar) real investitsiyalarga mablag’lar
sarflashni o’zlari uchun maqsad qilib qo’yishadi. Bu esa kelajakda korxona asosiy
fondlarini yangilash, texnik qayta jixozlash bilan yangi raqobatbardosh mahsulotlar
ishlab chiqarishga zamin yaratadi.
Bu esa korxonaning yangi tovar va hududiy bozorlarga kirishga imkon
beradi.
Bunday korxonalarning moliyaviy investitsiya faoliyatidagi ishtirokini qisqa
muddatli, ya’ni vaqtinchalik bo’sh mablag’larini bu investitsiya turiga qisqa
muddatli yo’naltirish yoki ma’lum bir korxona moliya-xo’jalik faoliyati ustidan
nazorat o’rnatishga yo’naltirilgan bo’ladi.
Korxona rivojlanishida investitsiya turlarining o’zaro nisbati, kompaniya
yoki korxona hayotiy sikl bosqichlariga bog’liq bo’ladi.
Iqtisodiyotning umumiy holati barqaror bo’lmaganda, inflyatsiya darajasi
yuqori bo’lsa, soliq siyosati doimo o’zgarib tursa,
unda real investitsiyalar
samaradorligi keskin kamayib ketadi va shu bilan birga investitsion risk oshib
ketadi. Bunday holatda qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalar samarali
hisoblanadi.(shu shart bilanki, agar bu investitsiyadan olingan daromad darajasi,
inflyatsiya darajasidan yuqori bo’lsa).
Bu shartlarni hisobga olgan holda korxona investitsion strategiyasi har bir
bosqichi bo’yicha investitsiya turlarining o’zaro nisbati differensiyalanib turadi.
Korxona yoki kompaniya investitsion faoliyatining tarmoq yo’nalishini
belgilash investitsiya strategiyasini ishlab chiqishning eng qiyin va og’ir vazifasi
hisoblanadi.
Korxonaning
investitsiya faoliyatini, uning umumiqtisodiy rivojlanish
strategiyasi bilan bog’liqlikda bosqichma-bosqich olib borishni taqazo etadi.
Birinchi bosqichda, investitsiya faoliyatining tarmoq konsentratsiyasi
(markazlashuvi) yoki diversifikatsiyasi maqsadliligi ko’rib chiqiladi.
Qoidaga ko’ra korxona investitsiya faoliyatinig boshlang’ich bosqichi
investor uchun yaxshi tanish bo’lgan bir tarmoqqa konsentratsiya qilish bilan
bog’liq bo’ladi. Ko’pgina G’arb davlatlari kompaniyalari amaliyoti shuni
ko’rsatadiki, ular o’z strategiyasi yo’nalishlarini ko’p
tarmoqli emas, balki bir
tarmoqqa konsentratsiya qilish orqali boshlang’ich yaxshi samaraga erishganlar.
Ko’p xollarda kompaniyalar o’z investitsion faoliyatini ilk marta amalga oshirishda
bir tarmoq bo’yicha barcha resurslarini konsentratsiya qilishmoqda, ya’ni xozirgi
kunda ko’p korxonalar kompyuter texnikalar ishlab chiqarish, kompyuter dasturlari
yaratishga sarf etmoqdalar. Lekin, shuni unutmaslik kerakki,
bunday investitsion
faoliyat strategiyasi korxonani bankrot holatiga olib kelishi mumkin. Shuning
uchun ko’p xollarda kompaniyalar o’z investitsion strategiyasi yo’nalishlarini
ishlab chiqishda, investitsiya faoliyatini tarmoqlar bo’yicha diversifikatsiya qilib
beradilar.
Ba’zi yirik kompaniyalar investitsiya faoliyatini muvofiqlashtirish
maqsadida strategik xo’jalik markazlari tuzmoqdalar. Bunday xo’jalik markazlari
birinchi marta AQShning “Djeneral Elektrik” kompaniyasida paydo bo’ldi.
Kompaniya investitsion faoliyat strategiyasi yo’nalishlarini ishlab chiqishda,
kompaniya investitsiya faoliyatining hududlari yo’nalishi ham hisobga olinadi.
Chunki, bunday kompaniyalar iloji boricha yuqori riskli investitsion faoliyat
olib bormaydilar.
Kompaniyalar investitsion faoliyat strategiyasi hudud yo’nalishlarini ishlab
chiqishda, mamlakat hududlari bo’yicha investitsiyalarni jalb etish bo’yicha shart-
sharoitlar hisobga olinadi.
Investitsion faoliyat yo’nalishlarini hududiy belgilash. Bu 2 (ikki) shart bilan
bog’liq. Birinchi shart kompaniya xajmi hisoblanadi. Bu kompaniya o’z faoliyatini
investorlar yashab turgan hududda (bir hudud doirasida) amalga oshirishi
tushuniladi. Ikkinchi sharti kompaniya faoliyatining davomiyligi hisoblanadi, ya’ni
kompaniya o’z faoliyatini 1
ta hududda amalga oshira turib, uni ko’zda tutgan
maqsadini uzoqqa mo’ljallanganligi tushunish mumkin bo’ladi, ya’ni bir hududda
uzoqroq faoliyat yuritish hisoblanadi. Bu esa o’z navbatida kompaniyaning
investitsion va xo’jalik faoliyati yo’nalishlari samaradorligini oshirish imkoniyatini
beradi.
Investitsion faoliyatning tarmoq yo’nalishlarini belgilash jarayoni har bir
tarmoq rivojlanish prognozlari bahosini olgan holda investitsion faoliyatini
diversifikatsiya qilish hisoblanadi.
Kompaniya investitsiya resurslarini tashkil etish strategiyasini ishlab chiqish
alohida bosqichlar bo’yicha amalga oshiriladi, bu jarayon 22-rasmda o’z aksini
topgan.