10
BOSHLANG‘ICH SINF O‘QISH DARSLARIDA DIDAKTIK O‘YINLARDAN
FOYDALANISH
Boboyeva Gulchiroy Ahadjonovna,
Namangan viloyati, Chortoq tumani,
16 - maktabning boshlangich sinf 2-toifali o‘qituvchisi,
tel: +998 94 5041983
Annotatsiya: Didaktik o‘yinlar boshlang‘ich sinflarda ta’limning samarali borishiga
o‘quvchilarning o‘quv-bilish faoliyatini muvaffaqiyatli boshqarishga ham katta yordam beradi,
ya’ni didaktik o‘yinlar vositasida nazariy bilimlar oson egallanadi, o‘quvchilarning bilim olishga
qiziqishlari ortadi.
Kalit so‘zlar: didaktik o‘yin, boshlang‘ich sinf, qiziqarli, dunyoqarash, ta’lim
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini o‘qitishda o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirish,
bilimlarni keng va oson o‘zlashtirish maqsadida pedagogik texnologiyalarning usul, vosita va
shakllarini to‘g‘ri tanlab, ulardan foydalanish muhim sanaladi. O‘qish darslarini tashkil etishda
pedagogik texnologiyalarning ko‘pgina metodlaridan foydalaniladi. Bola hayotida bog‘chadan
so‘ng maktabning dastlabki davrlari muhim o‘rin tutadi. Shu bois boshlang‘ich ta’lim davri
ta’lim jarayonidagi eng mas’uliyatli davrdir. Bu paytda bolaning savodi chiqishi bilan birga,
uning dunyoqarashi shakllanadi, tafakkur qilish malakasi rivojlanadi. Bu davrda bolaning zehnini
o‘stirishga qaratilgan har bir mashg‘ulot bola aqlining tarkib topishi va rivojlanishiga katta ta’sir
ko‘rsatadi. Shuning uchun ham bu davrda, avvalo, ta’lim jarayonini qiziqarli, ta’sirli qilib tashkil
etishga, motiv hosil qilish va uni rivojlantirishga e’tibor qaratish lozim. Chunki bu muddat bolaning
o‘yin faoliyatidan aqliy faoliyatga, ya’ni o‘quv faoliyatiga o‘tganligi bilan xarakterlanadi. Bolaning
o‘quv faoliyatini rivojlantirishda turli o‘yinlardan foydalanish katta ahamiyat kasb etadi. Bolalar
o‘yin orqali o‘z bilimlarini mukammallashtiradilar va uni chuqur o‘zlashtiradilar. Shu jihatdan
qaraganda, ta’lim jarayonida qo‘llanadigan didaktik o‘yinlarning roli beqiyosdir.
Didaktik o‘yinlar ta’lim jarayoni samaradorligini oshiradi, ta’lim jarayonida o‘quvchilar
faolligini, o‘qish motivlarini rivojlantiradi. O‘qish motivlari ta’lim jarayonini pedagogik
texnologiyalar asosida tashkil etishda ham muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa qiyin o‘zlashtiruvchi
o‘quvchilarning bilish imkoniyatlarini oshirishga bunday o‘yinlar samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining har bir darsni tashkil etish uchun turli didaktik o‘yinlardan
foydalanishlari yaxshi samara beradi.
Masalan, «Davom ettir» o‘yini: O‘qituvchi matn mazmunini hikoya qilishni boshlaydi,
bir o‘quvchi uni davom ettiradi. Bunda o‘quvchilarda ijodkorlik, mustaqil fikrlash qobiliyati
rivojlanib, bayon yoki insho kabi ijodiy ishlar yozish ko‘nikmasi rivojlanadi va so‘z boyligi
ortadi. Bundan tashqari, ularda o‘ziga ishonch hissi shakllanib boradi. Masalan: «Bugun men
barvaqt maktabga kelayotganimda ... ».Shu taxlitda barcha o‘quvchilarni matn hikoyasiga
qatnashtirish mumkin.
«Tez javob»: O‘qituvchi yoki boshlovchi o‘quvchilar qatori oralab yurib, o‘quvchilardan birini
turg‘izadi va biror tur nomini aytadi. O‘quvchi shu turga kiruvchi so‘z topib aytishi lozim. Javob
uchgacha sanaguncha aytilishi kerak. Javob berolmagan o‘quvchi o‘yindan chiqadi. O‘yin toki
bir o‘quvchi qolguncha davom ettiriladi. Bunday o‘yin davomida o‘quvchilarda hozirjavoblik,
mustaqil fikrlash malakasi rivojlanib, atrof-muhitni sinchkovlik bilan kuzatishga o‘rganadi,
atrofdagi sodir bo‘ladigan voqea va hodisalarga qiziqishi ortadi. Bu o‘yindan dars davomida
o‘tilgan mavzuga bog‘lab, darsning mustahkamlash qismida yoki dam olish daqiqalarida
foydalanish mumkin.
O‘qituvchi: «Hayvon».
O‘quvchi: «It».
O‘qituvchi: «O‘quv quroli».
O‘quvchi: «Daftar».
O‘qituvchi: «Sinf jihozi».
O‘quvchi: «Parta».
O‘qituvchi: «Ertaklar».
O‘quvchi: «Zumrad va Qimmat» va hakozo.
97
10
«O‘qib ko‘r-chi». O‘qituvchi o‘quvchilarga yozma va bosma harflar bilan katta-katta
qilib yozilgan so‘zlarni ko‘rsatadi. O‘quvchilar o‘qiydilar. Tez va to‘g‘ri o‘qigan o‘quvchilar
rag‘batlantiriladi. Shu xildagi o‘yinlar vositasida o‘quvchilarning o‘qish texnikasi shakllantiriladi.
Bu o‘yinni «Alifbe» davrida ham qo‘llash mumkin. Uni undosh tovushlar hali o‘rganilmagan
davrda faqat tovushlar, keyinroq esa bo‘g‘inlar, so‘zlar, gaplar vositasida o‘tkazish mumkin.
«Bu meniki». O‘qituvchi harf yozilgan kartochkalarni o‘quvchilarga tarqatadi. Har bir
kartochkada har xil harf yozilgan bo‘ladi. Shundan so‘ng o‘qituvchi so‘zlarni o‘qiy boshlaydi.
O‘quvchilar qo‘llaridagi kartochkada yozilgan harf bilan boshlanadigan so‘zni eshitishlari
bilanoq «Bu meniki» deb javob berishlari shart. O‘qituvchi so‘zlarni tezroq o‘qiydi, o‘quvchilar
ziyraklik bilan tinglaydi.
«Jonli hikoya». O‘qituvchi so‘zlar yozilgan qog‘ozlarni o‘quvchilarga tarqatib, hikoya o‘qib
beradi (Qog‘ozlarda yozilgan so‘zlar birgalikda shu hikoyani hosil qiladi). O‘qituvchi hikoyani
ikkinchi marta o‘qib berganda o‘quvchilar qo‘llaridagi qog‘ozlarni shunday ketmaketlikda
joylashtirishlari kerakki, qog‘ozlardagi yozilgan so‘zlar bir butun gapni, gaplar esa hikoyani
hosil qilsin. Bu o‘yinni o‘tkazishda darslikdagi hikoyalar yoki darslikdan tashqari hikoya va
ertaklardan foydalanish mumkin.
Shu kabi o‘yinlardan foydalanish orqali o‘qituvchi o‘quvchilarning o‘qish motivini
rivojolantiradi va ularning dunyoqarashlarining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi, o‘quvchilarda
topqirlik, chaqqonlik, bilimdonlik kabi sifatlarni rivojlantiradi, xulqiga ta’sir ko‘rsatadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Aliev A. O‘quvchilarning ijodkorlik qobiliyati. –Toshkent: O‘qituvchi, 1991.
2. Babanskiy Yu.K. Hozirgi zamon umumiy ta’lim maktabida o‘qitish metodlari. -
Toshkent:O‘qituvchi,1985.
3. G‘afforova T., Nurullaeva Sh., Haydarova O. Boshlang‘ich sinflar uchun ona tili va
o‘qishdan didaktik materiallar. –Toshkent: Ilm ziyo, 2004.
98
Do'stlaringiz bilan baham: |