PEDAGOGIKA
2015, 4-son
119
ILM VA TA’LIMGA BAXSHIDA UMR
To‘xtaxo‘jayeva Minavvar Xo‘jayevna 1930-yil
2-dekabrda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan.
Oilaviy muhit, maktab uni ilmga va olgan bilimini
yosh qalblarga yetkazishga chorladi. U o‘qituvchilik
sohasiga doir dastlabki tahsilni 1948-1952-yillarda
Toshkent xotin-qizlar pedagogika bilim yurtida oldi va
uning dastlabki pedagogik faoliyati Toshkent shahridagi
23-maktabda boshlandi. Bo‘lajak olima o‘z ustida tinimsiz
ishlashi va tajribali pedagoglar faoliyatini o‘rganishi
natijasida tuman hamda shahar o‘qituvchilar ilmiy
anjumanlarida o‘ziga xos ma’ruzalari bilan qatnasha boshladi. Bu yo‘l uni oliy
ta’lim dargohlarida ta’lim olish sari yetakladi.
1952-1957-yillarda u Toshkent shahar kechki pedagogika institutining
filologiya fakultetida tahsil oldi. Ilmiy tadqiqotga butun e’tiborini qaratgan
Minavvar Xo‘jayevnani 1961-yilda Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston
pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutiga ishga taklif etishdi. 1967-yilda esa u
nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Yosh avlodga yuksak
talablar darajasida ta’lim berishni o‘ziga maqsad qilib olgan Minavvar
Xo‘jayevna Respublika oliy rahbar-xodimlar maktabida tinglovchilarga rus
tilidan saboq bera boshladi.
Minavvar Xo‘jayevna 1971-yildan boshlab ilmiy-pedagogik faoliyatini
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida davom ettirdi. Dastlab
rus tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi, so‘ngra rus tilshunosligi kafedrasida
mudiralik qildi. Minavvar Xo‘jayevna uchun bu oliy dargohda ilm qilish, talaba-
yoshlarga saboq berish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Shu o‘rinda bir
narsani ta’kidlab o‘tish kerakki, u paytlarda kafedralarda fanlar bo‘yicha o‘quv-
me’yoriy hujjatlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari yetishmas, borlari ham talab
darajasida emas edi. Iste’dodli olima uzoqni ko‘zlab ish qilishga harakat qildi va
kafedraning salohiyatini ta’minladi, zarur o‘quv adabiyotlarini yaratishda o‘zi
ham ishladi, boshqa professor-o‘qituvchilarni ham ishlata oldi.
Eng muhimi, Minavvar Xo‘jayevna talaba-yoshlarga chiroyli, ularni
qiziqtirgan ma’no va mazmunga boy ma’ruza o‘qishni kanda qilmadi. Ayni
zamonda doktorlik dissertatsiyasini ham jadallashtirdi va 1984-yilda u “Ikki tilli
o‘quv lug‘atlarining lingvo-didaktik asoslari” mavzusidagi doktorlik
dissertatsiyasini himoya qildi. 1985-yilda esa Minavvar Xo‘jayevna professorlik
unvoniga tasdiqlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: