www.ziyouz.com
kutubxonasi
93
Quraysh raislaridan bir qancha atoqlik kishilarning borligini bildirdi. Buni eshitganlarida,
Payg‘ambarimiz sahobalariga qarab: «Makka shahri sizlarga jigarporalarini taqdim
qilmishdur», deb bu urushda zafar topishga ishorat qildilar.
Shuning bilan yurib-o‘tirishib, kechga yaqin Badr vodiysining Madina tomon qirg‘og‘iga
kelib tushdilar. Biroq bu tushgan yerlari sho‘rlik, suvdan yiroq cho‘l yer edi. Ichishga suv
topolmay, chanqoqlik bularga g‘alaba qildi. Buning ustiga shu kecha bir necha
sahobalarga junublik yetgan edi. Ertalab uyqudin turgan vaqtlarida ba’zilari junub,
ba’zilari tahoratsiz edilar. G‘usl, tahorat qilishga yetarlik suvlari ham yo‘q edi. Shuning
uchun ularning ko‘ngillarida turlik vasvasalar paydo bo‘ldi. Dushmanni ko‘rmasdan
ilgariyoq: «Chanqoqlik bizni halok qilgudek ko‘rinur, shuning ustiga agar dushman
hujumiga uchrar bo‘lsak, holimiz nechuk bo‘lur?» — degan so‘zlar tarqalib, askar ichiga
qo‘rqunish tushdi.
Mana shu chog‘da Allohning fazli karami bilan havo o‘zgarib, yomg‘ir yog‘a boshladi,
ko‘p vaqt o‘tmay soylar to‘la suv bilan silkinib oqqali turdi. Barchalari g‘usl tahorat
oldilar, O‘zlari ichib, qonishib, ot-ulovlarini sug‘orib, suv idishlarini to‘lg‘azdilar.
Ko‘ngillarida g‘am bo‘lib turgan vasvasalarining barisi ko‘tarildi. Changib, to‘zib turgan
tuproqlar bosilib, oyoq osti toptaldi. Urush maydoniga kirganda bahodir yigitlarning
oyoqlari toyilmas bo‘ldi. Bu yomg‘ir yog‘ishi musulmonlarga naqadar foydalik bo‘ldi esa,
kofirlarga shul qadar ziyonlik edi. Chunki alarning maqsadlari, shul kuniyoq ul joydin
ko‘chganlaricha, Budrning suv quduqlariga ega bo‘lish edi. Yurar yo‘llari loy, botqoq
bo‘lganlikdan, yo‘lda bir kun kechikib qoldilar. Oldingi o‘ylagan maqsadlari qo‘lga kirmay
qoldi.
Payg‘ambarimiz bo‘lsalar shu kechani toat-ibodat bilan o‘tkazdilar. Butun askarlarga
zafar belgisi bo‘lib, tun bo‘yi alarni rohat uyqusi bosdi. Shuning uchun: «Iymoni kuchlik
kishilarga urush ustida uyqu kelur, namoz ichida uxlaganlar, dilida nifoq borligidan
bo‘lur», dedilar. Shuning bilan Rasululloh, tong yorishi bilan: «Mo‘minlar, namozga,
namozga», deb qichqirdilar. YOmg‘irdan daldalanib, har yerda yotgan sahobalar
yig‘ilishib kelib, Rasululloh orqasida namoz o‘qidilar. Namozdan keyin sahobalarga
qarab, urush haqida qisqacha bo‘lsa ham, o‘tkir va’z so‘zladilar. Shundoqkim, Allohga
hamdu sano aytgandin so‘ngra:
— Ey mo‘minlar, Alloh taolo hoziru nozir, doim sizlarga qarab turadur. Urush maydonida
bahodirlik ko‘rsatib, dushmanga qarshi chidamlik bilan turishinglarni Alloh suyadur,
urush ustida qilich ostida Allohni yod qilib, sabr bilan turish har mo‘minning tutgan po‘lat
qalqonidur. Bundan ajralmagan kishilar dushman ustidan albatta zafar topadilar. Bu
o‘rinda bir necha soat sabr qilguvchilar, dunyo sharafiga ega bo‘lib, umr bo‘yicha
qayg‘u-hasratdin o‘zlarini, avlod-nasllarini qutqarg‘aylar. Shuni bilinglarkim, Allohning
yordami sabr qiluvchilar bilandur, — deb so‘zlarini tamomladilar.
So‘ngra Rasululloh Badrdagi suv quduqlarini dushmandin ilgariroq egallash uchun
ildamlab yo‘lga tushdilar. Aytganlaridek, Qurayshdan ilgariroq manzilga yetib, Madina
tomonidin borishdagi birinchi quduq boshiga tushdilar. Anda ansor sahobalaridin Hubob
ibn Munzir:
— YO Rasulalloh, bu joyga agar sizni Alloh tushirgan bo‘lsa, bu yerdan ilgari-keyin
ketmagimiz yo‘qdur. Agar bu joyga o‘z fikringizcha tushgan bo‘lib, urushda hiyla kerak,
desangiz, bu o‘rin bizga qulay emas, — dedilar.
Anda Payg‘ambarimiz:
— Bu haqda menga Allohdin vahiy kelmadi, o‘z xohishimcha bu joyga tushdim, urush
demak, makr-hiyla bilan bo‘lur. Agar biz uchun biror foydalik ish topgan bo‘lsang, qani
so‘zla, uni qabul qilurmiz, — dedilar.
Anda Hubob ibn Munzir:
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |