www.ziyouz.com
kutubxonasi
183
— Dushmanlar to‘sgan bu yo‘lni qo‘yib, ular o‘ylamagan bir yo‘l bilan bizni Makkaga
kirgiza oladigan bir kishi bormidur? — deb so‘radilar.
Anda Aslam qabilasidan bir kishi turib:
— Yo Rasulalloh, mundoq yo‘lni men bilurman, — deb o‘nqirlik, og‘ir bir yo‘lga boshlab,
shu yurganicha Makka shahrining ost tomonidagi bir tekis joyga chiqarib qo‘ydi. Bu
kelishlarida dushmanni tashqari qoldirib, Makkani bosib olishlari mumkin edi. Shu bois
Xolid ibn Valid bu ishdan xabar topishi bilan chopganicha kelib Qurayshga bildirdi.
Ular ham shoshilishib qoldilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u joydan
ko‘chib Hudaybiyaga kirish oldida Saniyatul-muror degan yerga kelganlarida shoshib
kelayotgan tuyalari birdaniga cho‘kib oldi. Har qancha urib-tortib ko‘rsalar ham tuya
o‘rnidan turmadi.
Anda sahobalar:
— Yo Rasululloh, Qasvo charchamishdur, — dedilar. Bu tuyaning oti Qasvo edi.
Rasululloh aytdilar:
— Bu tuya charchagan emasdur, mundog‘ odati ham yo‘q edi. Lekin Abrahaning filini
cho‘ktirib to‘xtatgan Xudo, buni ham cho‘ktirdi. Agar Quraysh xalqi Haram hurmatini
saqlash uchun meni har qanday ishga taklif qilsalar, agar u ishda Baytulloh ta’zimi
topilur ekan, albatta, men uni qabul qilgayman, — dedilar.
Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu yurganlaricha to‘g‘ri bosib Makkaga
kirsalar edi, keyinlaridan Quraysh mushriqlari kelib, o‘rtada qonli qirg‘in bo‘lib ketishi
mumkin edi. Ana unda Haram hurmati ham buzilur edi. Payg‘ambarimizning tuyalari
cho‘kkanlikdan ilhomlanib, Makka shahri ichiga kirishdan to‘xtadilar.
Shu bahona bilan Alloh taolo Haram hurmatini va har ikki tarafni bu qirg‘indan o‘zi
saqladi. Yo‘q esa, dushmanning tashqari qolganini ko‘rgach, shahar ichiga bosib kirish
Rasululloh ko‘ngillariga kelgan edi.
So‘ngra Rasululloh yuqorigi so‘zlarni aytganlaridan keyin cho‘kib yotgan tuyalarini «chu-
chu» deyishlari bilan darhol sakrab turdi. Makka yo‘lidan orqalariga qaytib, Hudaybiya
degan joyga tushdilar. Bu yer ersa Makkadan Madinaga ketarda yarim kunlik yo‘ldur.
Rasululloh yo‘l chalg‘itib Makka tomoniga o‘tganlarini anglashib, Quraysh xalqi ham
shoshilinch bilan qaytishib Makka yo‘llarini to‘sishga kirishdilar. Shu orada Makka
atrofidagi qabilalardan Xuzo’a qabilasining raisi Budayl ibn Varqo bir necha qabila
boshliqlari bilan kelishib Rasulullohga uchrashdi. Umra niyati birla Baytullohni ziyorat
qilishga kelganlarini ularga gapirdilar. Buni anglagach, u yerdin turishib Quraysh qo‘shini
ustiga kelishdi. Bularning raislari bilan ko‘rishgandan so‘ngra Budayl ibn Varqo aytdi:
— Ey Quraysh xalqi, Muhammad to‘g‘risida ko‘p shoshqinlik qilmanglar. Aning bu kelishi
urush uchun emas, balki Baytullohni ziyorat qilish uchun kelmishdur.
Lekin uning so‘ziga ular quloq solmadilar, chunki bu kishi iymon keltirmagan bo‘lsa ham,
Rasulullohga tarafdor edi. Shuning uchun ular:
— Agar Muhammad Ka’ba ziyoratiga kelgan bo‘lsa ham bundoq shon-shavkat bilan
shahrimizga kirishi to‘g‘ri emasdur. Chunki butun arablar oldida bizga nomus bo‘lg‘udek
so‘zga qolurmiz. Agar Muhammad kuch bilan kirmoqchi bo‘lar ekan, bir qatra qonimiz
qolguncha unga qarshi tururmiz, — deb bu ishga norozilik bildirdilar.
So‘ngra o‘z taraflaridan Xulays ibn Alqama degan kishini vakil qilib, Rasulullohga
yubordilar. Bu kishi esa Qurayshning ittifoqdoshlari Ahobish qabilasining raisi edi.
Muning kelayotganligini Rasululloh yiroqdan ko‘rib aytdilarkim: «Bu ersa diniy odatlarni
bek hurmat qiladirgan kishidur. Qurbonlikka atalgan tuyalarni to‘pi bilan haydab
«Labbayka» qichqirib, uni qarshi olinglar», deb buyurdilar. Shunday qilib edilarki, muni
ko‘rib:
— Subhonalloh, mundoq kishilarni qanday qilib Baytulloh ziyoratidan to‘sgali bo‘lg‘ay?
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |