Kutubxonachi.uz
124
O’sha kechani men akademiklar uchun mo‘ljallangan dang‘illama hovlimda o‘zimni qayoqqa qo‘yishni
bilmay o‘tkazdim. Bu hovli Stalin o‘zining atom bombalar yasaydigan komandasiga tortiq qilgan uylardan
biri edi. Devorlari nihoyatda qalin, derazalari katta, shiplari juda baland uylar. Xo‘sh, qanday qilib men
bu yerga kelib qoldim? Umuman men bu yerga nimaga keldim va nima uchun bu yerda yashayapman?
O’sha kechasi tashlandiq ekanligim yana esimga tushdi. Men ortiqchaman, mening o‘zim
ikszurriyotman, men insoniyat orasida “qora tuynukman”. Dunyoda mendan kim baxt ko‘rdi, kim? Qaysi
ayol men bilan uchrashganida hayotdan mamnun bo‘lganini izhor qildi? Orqa-oldiga qaramasdan qochib
qolgan Yevgeniyami? U, o‘sha ajoyib aktrisa men bilan yashab nima ko‘rdi? Iltifotsizlik, e’tiborsizlik,
shafqatsizlik, o‘z erining qo‘li bilan qilingan abortlarnimi? hayot yo‘lida chaqmoqday to‘qnashib g‘oyib
bo‘lgan ayollar ham men bilan uchrashuvlarini nogohoniy baxt onlari deb eslamagan bo‘lsalar kerak.
Mening butun ko‘rgan-kechirganlarim bo‘m-bo‘sh, g‘amnok tuyuldi...
Birdan xayol oti meni yana o‘sha ayol, bugungi o‘sha mahkuma Runa, runik davrlardan qolgan ismli
juvon sari eltdi. Nega men o‘sha ayol haqida o‘ylayapman? Shu soatda u nimalarni boshidan kechiryapti
ekan? Qiynalayotgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, o‘zini qiynoqqa solayotgan, miyasida g‘ujg‘on
o‘ynayotgan yovuz fikrlardan xoli bo‘lish uchun sochini tarab yoyayotgandir. Qamalmasdan oldin u
sochini boshqacha tarab yurgan bo‘lsa kerak, uning sochlari quyuq va jingalak bo‘lgan, zonadagiday
yelkasiga siqib turmaklab yurmagan. Professorning “ko‘zini ochib” qo‘yaman deb, o‘zini yana qiyin
ahvolga soldi, o‘zining hayotini yanada mushkullashtirdi. Nahotki, u hammasini bila turib qilgan bo‘lsa?
U bugungi uchrashuvimiz haqida nimalarni o‘ylayaptikin? Ehtimol u qaysi bir masalalarda haqdir, lekin
birgina vijdon bilan, ezgu niyatlar bilan dunyoni to‘ldirib bo‘lmaydi-ku! Quyosh tagida tobora ko‘proq
joy olish uchun orzumand bo‘lgan insonning vahshiyona nafsini qondirib, o‘zgartirib bo‘lmaydi, agar
odamlarning ishtahasi shunday bo‘laversa bormi, ko‘p o‘tmasdan odamlarga quyosh ham ozlik qiladi,
lekin yana ham xavflisi shuki, u, ya’ni inson boshqa kishilar ustidan tag‘in-da ko‘proq va tag‘in-da
kuchliroq hukmronlik qilish kasaliga mubtalo bo‘ladi. Shuning uchun ham yangi odamlar – ikszurriyotlar
kerak... u ayol bo‘lsa ularning yo‘liga qarshi chiqmoqchi, ularning hayotga, hokimiyatga, urushga kirib
kelishiga monelik qilmoqchi bo‘ladi. Buni tushunish mumkin, lekin bu qudratni yengadigan hech qanday
kuch yo‘q...
* * *
Keyinchalik men behuda bo‘lsa ham tez-tez o‘z-o‘zimga savol berardim: nima uchun o‘sha kechasi
butunlay o‘zim bilan o‘zim bo‘lib qoldim? Boshqa kunlari tinchlik bermaydigan bironta majlis ham, yig‘in
ham, uchrashuv ham va boshqa siyosiy voqea yoki kundalik to‘s-to‘polon ham bo‘lmadi...
Men o‘sha kechasi qiynalib chiqdim va hech ham o‘zimga kela olmadim. Meni o‘sha mahkuma Runa
dovdiratib qo‘ydi va g‘aflatda qoldirdi – axir tevaragimizdagi bironta kishi ishimizga shubhalangan emas
yoki menga shunday tuyuldimikin?..
Lekin u o‘zini ham ayamadi, o‘zini namoyishkorona qurbon qildi! Shunday qilib bo‘ladimi? Nima uchun
u meni mirshab va prokuror rolida nojo‘ya harakatlar qilishimga majbur etadi? Nahotki u mening
aybimni yuzimga aytish uchungina o‘zini yana bir necha yil ozodlikdan mahrum etishga jur’at qilgan
bo‘lsa?! To‘g‘ri, uni ham tushunsa bo‘ladi, o‘z mavqeini, ko‘nglidagi haqiqatni aytib olishni maqsad qilib
qo‘ygan ekan, shundan boshqa yo‘l yo‘q edi-da. U buni ko‘chada, majlisda, ayniqsa, xorijiy muxbirlarga
ochiqchasiga hammaning oldida oshkora aytish imkoniyatiga ega emas. U zonaga mixlab tashlangan...
Endi bo‘lsa uni yangi jazo xavfi kutmoqda. Yaxshiyamki, ikkalamizning oramizda nima gap o‘tganini
hech kim bilmaydi, yaxshiyamki, men bu haqda biron tirik jonga lom-mim degan emasman,
yaxshiyamki, uni takror chaqirish haqida ko‘rsatma berdim. Ha, ertaga, kunduz soat ikkida uni olib
kelishadi. Hali hamma narsa boy berilgani yo‘q, hamma ko‘priklar kul qilib kuydirilganicha yo‘q. Ehtimol,
uni yana sudlanishdan qutqarib qolish mumkin bo‘lar.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |