Kutubxonachi.uz
121
— Vijdon bilan vijdonning farqi bor, — kesib gapirdim men.
— Bunaqangisini birinchi bor eshityapman.
— Falsafiy munozarani vaqti bemalol bo‘lganlarga qoldiraylik. Seni bu yerga safsata sotish uchun olib
kelishmagan. Kelgan joyingga qarab tuyog‘ingni shiqillatib qol. Sen bilan gaplashadigan gap qolmadi.
Men tugmachani bosdim. Uni olib ketish uchun kelishdi.
— Xayr, — dedi u ketayotib.
Indamadim.
Eshik yopildi. Men yozuv stolimga qaytib keldim. Boshqa ishlar, boshqa tashvishlar bilan o‘ralashib
qoldim.
Lekin o‘sha ko‘ngilsiz hodisa hech ham miyamdan chiqmas edi. O’sha “haqiqatparvar”ni kelgan
joyiga, zonasiga (Kostroma atroflari shekilli) jo‘natib yuborish haqida ko‘rsatma kerak edi, u o‘sha yerda
o‘zini kim deb bilsa, bilavermaydimi. Lekin bu ishni keyinga qoldirdim. Ishlar, qo‘ng‘iroqlar, suhbatlar
orasida o‘sha mahkuma yodimga tushaverar, uni unutishga o‘zimni hech ham majbur qila olmas edim,
lekin hech kimga hamkasblardan birontasiga, hatto ancha yaqin bo‘lgan xodimga ham mening jahlimni
chiqargan va hamon dilimni achitayotgan voqea haqida bir og‘iz so‘z ochganim yo‘q.
Juda g‘alati ahvolga tushib qoldim, o‘zimni-o‘zim tanimay qoldim. Men nima uchundir uning ishi bilan
yaxshiroq, batafsilroq tanishishga qaror qildim. Bunaqasi qaerdan chiqdi? U asli kim? Nima uchun
qamalgan? Qaysi modda bilan ayblangan? Miyasi mundayroqlarni zonalarda ushlab o‘tirishmasa kerak.
Bu bebosh juvon kim o‘zi? Uni qanday umidsizlik shamoli haydab kelgan, uning miyasida qanday fikrlar
va so‘zlar jo‘sh urmoqda? Erk berib qo‘ysang bormi, seni vijdon azobiga solish, ko‘nglingga alag‘dalik
urug‘ini sochish uchun, azob-uqubatdan qon yutib emaklab qolishing uchun hali ko‘p vaysashi mumkin
edi.
Vijdonlilik da’vosini qilganlarning qat’iy nuqtai nazaridan boshqa hech vaqosi bo‘lmasligi mumkin va
ularning hujumkorligi shundan. Biroq vijdon, eng avvalo, ichki mustaqillikni talab qiladi, aks holda uni
eski-tuski narsalar kabi bozorda sotish va sotib olish mumkin bo‘lardi. Sirasini aytganda dunyoda vijdon
tushunchasidan ham ko‘ra siyqasi chiqqan narsa bo‘lmasa kerak. O’sha mahkuma bu yerga Amerikani
qaytadan kashf qilish uchun kelganmidi? Jinoyatchiga, hukm qilingan xiyonatkorga vijdon haqida
gapirishni kim qo‘yibdi.?!
Shunday deb o‘ylar edimu baribir o‘zimdan nafratlanardim. Sen o‘zingni oqlamoqchisan, kimning
oldida va nima uchun oqlamoqchi bo‘lasan?! Sen ojiz ekansan. Bo‘lmasa nima uchun hamon o‘sha
juvonni o‘ylayapsan?
Men uning hujjatlarini yana bir bor varaqladim. Lopatina Runa Fedulovna, sovetlarga qarshi
materiallarni saqlagani va tarqatgani uchun 158-moddaga binoan hukm qilingan. A-ha, mana endi
tushunarli, qanday parranda ekanligi parvozidan ma’lum ediku? Albatta, albatta, bundaylar hech
qachon tinib-tinchimaydi, to‘ymaydi, o‘zining kim ekanini bildirib qo‘yish uchun ular har doim
norozilik bildirishlari kerak, bu gal qaerga bosh suqishni topganga o‘xshaydi… Eri yo‘q, ajrashgan.
Bunday palid ayol bilan kim ham yashardi. Ajablanishga o‘rin yo‘q ekan.
Keyin boshqa ishlar bilan chalg‘ib ketdim va faqat xizmat hujjatlari uchun mo‘ljallangan po‘lat
sandiqlarda saqlanishi kerak bo‘lgan qog‘ozlarni uyga olib ketmaslik uchun ishdan qoldim. Runa
Lopatinaga oid barcha qog‘ozlarni boshdan-oyoq o‘qib chiqdim. Umuman olganda qandaydir
boshqacha, hayotga o‘z nuqtai nazari bilan qaraydigan juvon ekan, bunday shaxslar, odatda, keskin
chora-tadbirlar tarafdorlari bo‘lgan guruhlarda, ma’naviy, siyosiy doiralarda, hukumatga qarshi
muxolifatchilar orasida hamma zamonlarda bo‘lib kelgan. Bundaylar orasida har xil odamlar bo‘lishi
mumkin. O’zlarini xaloskorlar deb biladigan va g‘oya yo‘lida o‘z muxlislarining barchasini qurbon qilishga
tayyor turadiganlari ham bo‘ladi. Lekin Runaning bunga nima aloqasi bor? Barcha ma’lumotlarga
qaraganda, u so‘qqabosh idealist. Yanayam kim biladi deysiz. Uni bir marta ko‘rib, undan bor-yo‘g‘i bir
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |