www.ziyouz.com kutubxonasi
49
KARAVOT
G’anijonning xotini tug‘may yurib-yurib birdaniga qo‘chqorday o‘g‘il tug‘ib berdi.
G’anijon xotini homilador bo‘lganda ham, bolani ko‘tarib yurganda ham, oy-kuni
yaqinlashib qolganda ham bunga qishloqda har kuni, har yerda bo‘layotgan va
bo‘ladigan hodisa deb qaragan edi. Biroq bolaning yer yuziga tushuvi uning uchun hech
qachon, hech yerda ko‘rilmagan va ko‘rilmaydigan hodisaday tuyuldi; nazarida butun
qishloq ko‘pdan beri shu kunga mahtal bo‘lib, hozir faqat shu to‘g‘rida gapirayotganday,
har bir suyunchi olib kelgan va har bir «qulluq bo‘lsin» degan kishi shuni tasdiq
qilayotganday bo‘lar edi. U «dadasi» degan so‘zni birinchi marta eshitganida bu so‘z
qaerinidir qitiqladi, qaerigadir issiqqina tegab, butun vujudi yayrab ketdi.
Mana shu G’anijon o‘g‘ilchasiga karavot olgani rayon markaziga bordi, ko‘ziga eng
chiroyli ko‘ringan karavotchani oldi va otiga o‘ngarib qaytib kelmoqda edi.
Yo‘l bo‘yidagi ariqlar afti burishganicha muzlab qolgan, daraxtlar cho‘ltoq suggurgiga
o‘xshaydi. Havo, kuni bo‘yi zo‘r berib loaqal to‘rttagina qor tashlamaganidan xunob
bo‘lganday, qovog‘i soliq. Shuning uchun, hali kun botmagani holda, qosh qoraygan.
Qisqasi, kishining bahrini ochadigan hech narsa yo‘q. Shunday bo‘lsa ham, G’anijon
gasht qilib, otning oyoq tashlashi va suvluqning shiqillashi maqomiga ashula aytib borar
edi:
Hoy-hoy, mening yorimsan,
Tanimdagi jonimsan,
Qorong‘u kechalarda
Yondirgan chirog‘imsan...
Paxtaobod qishlog‘ining chiqaverishida yo‘l bo‘yida o‘tirgan kimdir qo‘lini ko‘tarib
G’anijonga bir nima dedi. Shu onda orqadan gurillab avtomobil kelib qoldiyu, G’anijon
uning nima deganini eshitmadi. Ot avtomobildan hurkib, xiyla yergacha surib ketdi.
G’anijon qaytib kelgani erindiyu, keta berdi. Biron kilometr yo‘l bosganidan keyin, shu
yaqin o‘rtadan miltiq tovushi chiqdi. Tepalikdagi baqaterakdan gurr etib ko‘tarilgan bir
to‘p qarg‘a «qa-qug‘» deganicha har tomonga uchib ketdi. Qarg‘alarning qag‘illashi
G’anijonga sovuqni va yo‘l bo‘yida o‘tirib qo‘lini ko‘targan haligi kishini eslatdi. Kim ekan
u, shu sovuqda ko‘chada o‘tirgan? Nega qo‘lini ko‘tardiyu, nima dedi? Bemahalda yo‘lga
chiqqan biron yo‘lovchi ekanu, «otingga mingashtirib ol» dedimikin? Unday bo‘lsa, nega
o‘rnidan turmadi?
G’anijon beixtiyor orqasiga qaradiyu, yana yo‘lida davom etdi; biron ashula
boshlamoqchi bo‘lgan edi, yo‘l bo‘yida o‘tirgan kishi sira nazaridan ketmay, hech narsa
esiga kelmadi.
Nega yo‘l bo‘yida o‘tiribdi? «Mingashtirib ol» demoqchi bo‘lsa, nega o‘rnidan turmadi? Yo
kasalmikin? Agar shunday bo‘lsa, yaxshi bo‘lmadi. Hali ham qaytish kerak. Bordiyu,
askarlikdan bo‘shab kelayotgan biron invalid bo‘lsa-chi?
G’anijon darhol otining boshini burib orqaga chopdi; o‘sha odam o‘tirgan joyni tusmol
bilan topdi. Bu yerda hech kim yo‘q edi. Tovush chiqardi. Hech kim javob bermadi. Shu
atrofni ko‘p qidirdi, topolmadi. Negadir «o‘sha odam albatta invalid» degan fikrga keldi.
Nazarida, u oqsoqlanib, qishloqqa kirib borayotganday bo‘ldi. Ot qo‘yib qishloqqa kirdi.
Bir necha kishini to‘xtatib so‘radi. Hech kim «o‘sha odam men» yoki «shunday odamni
ko‘rdim» demadi. G’anijon «piyoda jo‘nagan ekan, ko‘rmabman» degan gumon bilan
orqaga qaytdi; yaqin ikki kilometr yergacha yo‘lning ikki tomonini sinchiklab ko‘zdan
kechirib ot chopdi; yana qaytdi...
Shunday qilib, G’anijon uyiga yarim kechasi keddi. Uning avzoyi shunday ediki, xotini
qo‘lidagi chiroyli karavotchaga ham qaramay:
Dahshat (hikoyalar to’plami). Abdulla Qahhor
Do'stlaringiz bilan baham: |