41
Homilaning ona organizmi xisobiga oziqlanishi vaqtida embriondagi barcha
moddalar almashinuvi har doim ikkita manba‘dan: bachadon shilimshiq qobig‘idan va
xorion vorsinkalaridan hosil bo‘luvchi maxsus organ - yo‘ldosh yoki bola o‘rni orqali sodir
bo‘ladi. Har xil tur sutemizuvchilarning yo‘ldoshlari o‘z tuzilishi bilan xilma-xildir:
ularning tuzilishi rivojlanayotgan embrion bilan ona organizmi o‘rtasida ancha yaqin aloqa
o‘rnatilishi bilan parallel holda murakkablashib boradi. Yo‘ldosh primatlarda va odamda
eng yuqori darajada rivojlanadi. Qolgan sut emizuvchilarga kelganda, ular orasida embrion
bilan ona organizmi o‘rtasidagi o‘zaro munosabat goyat oddiy, butunlay yo‘ldosh hosil
bo‘lmaydiganlardan murakkab formalarga asta-sekin o‘tib borish kuzatiladi. Bu o‘zaro
munosabatlar xaltalilarda juda ham oddiydir. Bu hayvonlarda xorion sirti, tamoman, tekis va
bachadon shilimshiq qobig‘i bilan oddiygina yondashadi. Xaltali sutemizuvchilarda embrion
urg‘ochining bachadon bezlaridan ajratib chiqariladigan, xorion epiteliysi bilan so‘riladigan
va kindik tomirlari orqali embrion tanasiga kirib boradigan oziq moddalar xisobiga
rivojlanadi. Bu erda oziq moddalar oqib turadigan maxsus organ yo‘q. Shuning uchun
xaltalilar yo‘ldoshsiz hayvonlarga kiradi. Qolgan barcha sut emizuvchilarda embrion ona
organizm bilan yaqin aloqaga kirishadi va yo‘ldosh hosil bo‘ladi. Yo‘ldoshlar murakkablik
darajasiga qarab epitelioxorial, desmoxorial, endotelioxorial va gemoxoriallarga bo‘linadi.
Epitelioxorial yo‘ldosh yoki yarim yo‘ldosh, eng oddiy tuzilgan bo‘ladi. Bunday
yo‘ldosh cho‘chqalar, otlar, tuyalar va boshqa ba‘zi bir sutemizuvchilarda bo‘ladi. Uning
hosil bo‘lishi vaqtida xorion sirtida kichkina burtmachalar shaklida vorsinkalar paydo
bo‘ladi. Ular bachadon to‘qimalarini xech qanday emirmay uning shilimshiq qobig‘idagi
tegishli chuqurlanishlarga botganday bo‘ladi. Tug‘ish vaqtida vorsinkalar bachadonga zarar
etkazmay o‘z chuqurchalaridan chiqadi. Tug‘ish ogriqsiz va qon ketishsiz o‘tadi.
Desmoxorial yoki biriktiruvchi to‘qimali yo‘ldosh kavsh qaytaruvchilarga xosdir. U
embrion xorionining bachadon devori bilan mustaxkam aloqada bo‘lishi bilan
harakterlanadi. Xorion vorsinkalari bilan yondashgan joyda bachadon shilimshiq
qobig‘ining epiteliysi emiriladi. Tarmoqlanib ketgan vorsinkalar biriktiruvchi to‘qimaga
botadi, shunday qilib, ona qon tomirlariga yaqinlashadi.
Endotelioxorial yo‘ldosh bachadon shilimshiqli epiteliysininggina emas, balki
biriktiruvchi to‘qimaning ham emirilishi bilan harakterlanadi. Xorion vorsinkalari ona
tomirlari bilan yondashadi va ona qonidan ularning yupqa endotelial devori bilangina
ajraladi. Bunday yo‘ldosh yirtqich hayvonlarda bo‘ladi. Gemoxorial yo‘ldosh
hasharotxo‘rlarda, kemiruvchilarda, barcha primatlarda va odamda bo‘ladi. Homilaning ona
organizmi bilan aloqasi vaqtida bachadonda chuqur o‘zgarishlar sodir bo‘ladi; bezlar
yuqoladi, biriktiruvchi to‘qima va xatto tomirlar devori qisman emiriladi. Emirilgan
to‘qimalar o‘rnida tomirlardan qo‘yilgan qon bilan to‘lgan katta bo‘shliqlar hosil bo‘ladi.
Xorion vorsinkalari qon bilan yuvilib turadi va undan oziq moddalarni so‘rib oladi.
Vorsinkalarning tomirlari bilan bachadon o‘rtasida to‘ppa-to‘g‘ri aloqa vositasi bo‘lmaydi,
moddalar almashinuvi butunlay vorsinkalarning goyat yupqalashgan devori orqali sodir
bo‘ladi. Embrion bilan ona organizmi o‘rtasida yaqin aloqa bo‘lgani tufayli tug‘ish bachadon
devori anchagina qismining tortilishi bilan va mo‘l qon ketish bilan birga boradi.
Tug‘ish vaqtida homila bachadon bo‘yni orqali o‘tsa, uning qobiqlari yirtiladi va
tashqariga amnion suyuqligi oqib chiqadi va avval mo‘l bo‘lgan qon ketish asta-sekin
to‘xtaydi. Bachadonda shilimshiq qobiq epiteliysi qaytadan tiklana boshlaydi. Asta-sekin
tuxumdonda graaf pufakchalari yangidan etila boshlaydi, ovulyatsiya sodir bo‘ladi va
menstrual (hayz ko‘rish) tsikl qaytadan tiklanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: