har qanday ramzlarning qolgan barcha elementlari umumiydir: moddiy
ifodalovchi, ma’no va obraz shular jumlasidandir. Faoliyatning hissiy idrok
etiladigan har qanday elementi moddiy ifodalovchi bo’lishi mumkin. Masalan,
so’zda bu ovoz yoki grafik tasvir, lekin bunday ifodalovchi vazifasini imo-ishora,
mehnat amali yoki boshqa har qanday shunga o’xshash signal ham bajarishi
mumkin.
Ma’noda insoniyatning o’tmishdagi tajribasi mujassamlashadi. Har qanday
ramz ma’nosi insoniyat uchun umumiy xususiyat kasb etadi, ayrim turdagi
narsalar, aloqalar, munosabatlar yoki harakatlarning shartli, konvensional
mustahkamlangan ifodasi hisoblanadi. Inson faoliyat jarayonida madaniy
ramzlarning ma’nolarini anglab yetar ekan, o’zini qurshagan dunyoni boshqacha
idrok eta boshlaydi, chunki unda har qanday hodisani uning so’zdagi ifodasi bilan
bog’lashga ehtiyoj va qobiliyat yuzaga keladi. Ma’nolar inson ongida dunyoni aks
ettiradi.
Obraz – narsa yoki hodisaning o’ziga xos ma’nosi bo’lib, u har qanday
ramzning haqiqiy ma’nosidan ancha farq qilishi mumkin. Masalan, «tuz» so’zi
hamma uchun ayni bir ma’noni anglatadi – u barcha odamlar ovqatga qo’shib
iste’mol qiladigan moddani ifodalaydi. Ammo kimyogar, yozuvchi yoki oshpaz
uchun «tuz» so’zi butunlay boshqacha ma’no kasb etishi mumkin. Oshpaz tuzda
ovqatga xushxo’r bo’lishi uchun solinadigan qo’shilmani ko’radi, kimyogar tuz
deganda ionli tuzilish xos bo’lgan kimyoviy birikmalar turkumini tushunadi va h.k.
Xullas, har qanday so’z ko’plab ma’nolarga ega bo’ladi. Obraz – haqiqiy ma’no va
ayrim ma’noning shaxs manfaatlari va ehtiyojlari, uning tuyg’ulari va mayllari
mujassamlashgan o’ziga xos sintezidir.
Inson faoliyati o’z tabiatiga ko’ra madaniydir, til ramzlari esa madaniyatning
muhim boyligi hisoblanadi. Inson faoliyat jarayonida tashqi madaniy ramzni
o’zlashtirar ekan, nafaqat rang-barang mehnat qurollaridan foydalanishni, balki
ularning boshqalar va o’zi uchun ahamiyatini anglashni ham o’rganadi. Madaniyat
ramzlari psixologik vositalar hisoblanadi: inson mehnat qurollaridan ularning asl
mazmuniga muvofiq foydalanish orqali tabiat dunyosini o’zgartirishi mumkin.
Ammo mehnat qurollari inson uchun muayyan ahamiyat kasb etadigan ramzlar
ham sanalgani bois, odamzot ularning yordamida o’z ruhiy funksiyalari – zehni,
irodasi, tafakkurini ham boshqaradi. Ayni shu sababli insonning tabiiy iste’dodi
aynan faoliyatda namoyon bo’ladi, uning qobiliyatlari shakllanadi va ehtiyojlari
qondiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: