108
tushunchalarga yaqin turishi qayd etilgan [Hornby, 1974: 176]. “Konsept – bu inson ongidagi
madaniyat yigʻindisi; insonning mental dunyosiga madaniyat tarzida kirgan narsa; madaniyat
boyliklarining ijodkori. Konsept – oʻsha jamiyatning ideologiyasi”dir [Stepanov, 1997: 40].
V.N.Teliya “Konsept – bilimning hajmini kengaytirishga
qaratilgan, biz obyekt haqida bilgan,
tasavvur qilgan narsa” ‒ degan mulohazani bildiradi [Teliya, 1996: 97]. G.G.Slishkin fikricha,
“qanchalik konseptni ifodalovchi belgilar potentsial boʻlsa, shunchalik konsept qadimiy boʻladi
va oʻsha til jamoasida uning qimmati ortadi” [Slishkin, 2000: 97]. V.A.Maslova esa bu atamani
nisbatan keng tarzda “Konsept – bu lingvomadaniy oʻziga xoslik qayd etilgan va muayyan
etnomadaniy gʻoyalarini u yoki bu tarzda tavsiflovchi semantik tuzilmadir” ‒ deb talqin qiladi
[Maslova, 2008: 50].
Oʻzbek tilshunosligida ham bu masalaga e’tibor qaratilgan, jumladan, “konsept – bu
ongimizdagi bilimlar majmuasi, u haqdagi obrazlar va unga boʻlgan ijobiy, salbiy, neytral
munosabatlar, ya’ni baholashlar; konsept – obyektga boʻlgan shaxsiy munosabat” [Yusupov,
2011: 50] sanaladi. Demakki, konsept kognitiv tilshunoslikdagi tayanyach atamalaridan biridir.
Bu soʻz aslida lotincha “conceptus” boʻlib, “tushuncha” soʻzining sinonimi sifatida
foydalanilmoqda. Bu termin matematik mantiq, madaniyatshunoslik, psixologiya kabi fanlarda
ham faol qoʻllanadi. Konsept lingvistik kategoriya sifatida tushuncha kategoriyasini til tizimida
namoyon etuvchisidir. Konsept –
til vositalari, leksik-semantik paradigmalar orqali namoyon
boʻladi, ya’ni konseptning umumiy mazmunini bir markazga birlashgan semantik maydon hosil
qiluvchi leksik birliklar tashkil etadi. Konsept tafakkur birligi hisoblanib, uning asosida
tushuncha, ma’no va obraz yotadi.
Kognitiv tilshunoslikdagi bu qarashlar atoqli otlar tizimi tahliliga joriy qilinsa,
nominatsiya tamoyillarini belgilash, atoqli otlar tadriji, obyekt ‒ nominator ‒ nom munosabatlari,
mikro va makro onomastik birliklar kabi koʻpgina masalalarga bir qadar oydinlik kiritishga
xizmat qiladi.
Avvalo, onomastika nuqtai nazaridan konsept va tushuncha farqlanadimi?
Bizning
xulosalarimizga koʻra, konsept ‒ atoqli ot anglatgan ma’no (obyekt) xususidagi umumiy
tasavvur, tushuncha ana shu ma’nodan anglashiladigan xususiy tasavvur, har bir shaxs
tafakkuridagi shakli. Masalan,
Buxoro
toponimi konsept sifatida juda keng tushunchalar
majmuidir (viloyat, shahar, koʻcha va hokazo). Ana shu konsept asosida “Buxoroda
ziyoratgohlar koʻp” jumlasidan kimdir Buxoro shahrida, kimdir Buxoro viloyatida ziyoratgohlar
koʻpligini anglaydi. Haqiqatan, “tushuncha” soʻzining umumiste’moldagi ma’nosiga nazar
soladigan boʻlsak, bu termin obyekt haqidagi xususiy tasavvur, har bir shaxsning tafakkuridagi
mahdud, chegaralangan qismni anglatishi ma’lum boʻladi. Masalan, iqtisod nazariyasi nutqai
nazaridan “pul”ga berilgan izoh konsept boʻladigan boʻlsa, har bir shaxsning oʻz
tafakkur
koʻlamidan kelib chiqqan holda pul haqidagi qarashi tushuncha sanaladi. Shu kabi mulohazalar
konsept va tushuncha oʻrtasidagi muhim farqlar quyidagilardan iboratligini qayd etishga imkon
beradi:
1.
Konsept atoqli ot haqidagi umumiy tasavvur, tushuncha ‒ xususiy tasavvur.
2.
Atoqli ot tilda konsept, nutqda tushuncha sifatida namoyon boʻladi.
3.
Onomastik birliklar tahlilida atoqli otlar koʻpincha konsept sifatida tahlil qilinadi.
Antropotsentrik tahlil imkon qadar konsept majmuiga kirgan koʻproq tushunchalarni qamrab
olishi lozim.
Kognitiv tilshunoslikning asosiy jihatlariga e’tibor qaratish atoqli otlarni antropotsentrik
paradigma asosida izchil tahlil qilishga imkoniyat beradi. Xususan, atoqli otlar nominatsiya
tamoyillarini belgilashda har bir tip nomlarga oʻz xususiyatlaridan kelib chiqqan holda
yondashish talab etiladi. Masalan, antroponimlarda nomning apellyativ ma’nosi aniq va ravshan
koʻrinib turgan holda unga asos nominatsiya tamoyilini qat’iy belgilash imkoni yoʻq. Masalan,
Komron
ismining yuzaga kelishi qaysidir oʻrinda, apellyativ ma’nosiga asoslanib (shodlik,
quvonch), orzu-umid ifodasi, qaysidir oʻrinda yaqinlar sharafiga nomlash, qaysidir oʻrinda ism