Masalaning muhimligi atoqli entsiklopedik olimlar — Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, ibn-Sino, al-Farg’oniy kabi
tsivilizatsiyamizning zabardast namoyandalari ijodi va merosi ko’zgusida yanada yaqqolroq namoyon bo’ladi.
Zero, ular nafaqat Markaziy Osiyo, arab-musulmon tsivilizatsiyasi, balki jahon madaniyati taraqqiyotiga
nihoyatda katta hissa qo’shganlar, yurtimiz qadriyatlari ta’sirini butun olamga yoyilishida xizmat qilganlar.
Shu bilan birga, umuminsoniy madaniyatning bebaho durdonalarini yaratgan Ulug’bek, Lutfiy, Navoiy, Bobur
kabi zotlarning jahon tsivilizatsiyasiga qo’shgan xizmatlarini tilga olmay bo’ladimi?
Afsuski, tsivilizatsiyamizga xos eng yuksak qadrlash mezonlarini yaratgan o’rta asrlardagi ko’tarilish davri
temuriylar saltanatidan so’ng asta-sekin tanazzulga yuz tutdi, markazlashgan davlat parchalanib ketdi. Avval
Xiva xonligi va Buxoro amirligi, so’ngra Qo’qon xonligi vujudga keldi. Uch yuz yildan ortiqroq davrni o’z
ichiga olgan bu jarayon xonlik, amirlik, turli sulolalar, urug’lar o’rtasidagi urushlar, tinimsiz ziddiyatlar orqali
kechdi, yaxlit tsivilizatsiyamizning hamjihatligini ta’minlaydigan umumiy qadriyatlar tizimi darz ketdi, qadrlash
mezonlari ham bir qadar o’zgara boshladi.
XIX asrning o’rtalariga kelib, amirlik va xonliklarga bo’linganligiga qaramasdan, mustaqil yashagan Turkiston
chor Rossiyasi tomonidan bosib olindi, yurtimiz imperiyaning mustamlakasi bo’lib qoldi. Mustamlakachilarning
qadriyatlari va qadrlash mezonlari xalqimiz orasiga zo’rlik bilan singdirila boshlandi. XIX asrning oxirlari va
XX asr boshlarida yurtimizda «jadidlar» oqimi vujudga keldi. M. Behbudiy, So’fizoda, Avloniy, Cho’lpon, Fitrat
va boshqa jadidlar merosiga diqqat qilinsa, o’sha davrda yurtimizda ma’naviy tushunchalarning ko’lami
qanchalik keng bo’lganligini, falsafiy tilning naqadar boyligini, uning adabiyot bilan qanchaliy uyg’unligini
yaqqol ko’rish mumkin. Ularning asarlarida gohida biz allaqachon esimizdan, tilimizdan va balki dilimizdan
ham chiqarib yuborgan qadriyatlar, tushunchalarga duch kelamiz. Jadidlarning merosi xalqimiz madaniyatiga
yanada kattaroq ta’sir ko’rsatishi mumkin edi. Afsuski, bolsheviklar boshlagan siyosiy jarayonlar bu avlodning
boy merosini o’z domiga tortdi, uning taqdiri ayanchli kechdi, ta’qiqlab qo’yildi. O’tmish avlodlar ardoqlagan va
buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan sharqona qadrlash mezonlarini yuz o’ttiz yil sarobga aylantirish uchun
qilingan urinishlarning oqibatlari haligacha sezilib turadi. Faqat mustaqillik yillariga kelibgina ushbu sohada
ham ijobiy siljishlar boshlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: