Abu Ali Ibn Sino
(980–1037) buyuk alloma va mutafakkir. U Buxoro
yaqinidagi Afshona qishlogʻida tugʻilib, Hamadon shahrida vafot etgan. Ibn
Sinodan qolgan ma‘naviy meros taxminan 280 nomdan ziyoddir. Ular
tibbiyot, falsafa, mantiq, psixologiya, axloq, musiqa, farmakologiya va
boshqa sohalarga bagʻishlangan. Olimning ―Shifo kitobi‖, ―Tib qonunlari‖,
―Bilimlar kitobi‖, ―Tabiat durdonasi‖ kabi asarlari mashhurdir. Ibn Sino
asarlari Ovroʻpoda XII asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilina boshlangan.
Xususan, «Tib qonunlari» asarining oʻzi lotinchada 30 martadan ortiq nashr
qilindi. «Kitob ush-shifo»ning koʻp boʻlimlari, mantiq, musiqa, yerning
tuzilishi, geologik jarayonlar, metafizikaga oid qismlari ham lotinchada nashr
etildi. Soʻngti ilmiy tadqiqotlar Ibn Sinoning Sharq adabiyotiga ham ta‘sir
koʻrsatganligini, chuqur falsafiy mazmunni ifodalovchi ruboiy va falsafiy
qissalar janrining taraqqiyotiga turtki berganligini koʻrsatadi.
Ibn Sino dunyoqarashi Farobiy asarlari ta‘sirida shakllandi, u ijtimoiy-
falsafiy masalalarda Farobiy qarashlarini davom ettirdi, Sharq ilmini yangi
tabiiy-ilmiy fikrlar bilan boyitib tizimlashtirdi va yangi bosqichga koʻtardi.
Uning fikricha, falsafaning vazifasiga mavjudotni — barcha mavjud
narsalarni, ularning kelib chiqishi, tartibi, oʻzaro munosabati, biridan
ikkinchisiga oʻtishini har tomonlama tekshirish uchun zaruriyat, imkoniyat,
82
voqelik, sababiyatlarini asos qilib oldi. Borliqqa boʻlgan qarashlarida Ibn
Sino barcha mavjud narsalar ikkiga boʻladi: zaruriy vujud (vujudi vojib) va
imkoniy vujud (vujudi mumkin). Zaruriy vujud hech narsaga bogʻliq
boʻlmagan bir butunlikni tashkil etuvchi Xoliqi olamdir. Shuningdek vujudi
vojib kosmologik ongni ham tashkil etib olami kabirni oʻzida ifoda etadi.
Qolgan hamma narsalar imkoniy tarzda mavjud boʻlib, zaruriy vujud –
Ollohdan kelib chiqadi. Vujudi vojib va vujudi mumkin – sabab va oqibat
munosabatidadir. Bu jarayon emanatsiya – tajalli tarzida, ya‘ni quyoshdan
chiqayotgan nur shaklida amalga oshadi. Shu tartibda imkoniyat shaklidagi
mavjud boʻlgan aql, jon (nafs) va jism, ular bilan bogʻliq holda osmon
sferalari kelib chiqadi. Bular hammasi substansiya – javhardir. Bundan
tashqari borliqda aksidensiya-oraz ya‘ni narsalarning tashqi koʻrinishini
belgilovchi, narsalarning belgilari, rang, hajmi, hidi va boshqa xususiyatlarii
mavjud. Jism shakl va moddadan tashkil topadi. Xudo abadiy, uning oqibati
boʻlmish materiya ham abadiydir. Uning oʻzi boshqa konkret jismlarning
asosidir. Narsalarning konkret koʻrinishlari, shakllari oʻzgaradi, lekin
ularning moddiy asosi yoʻqolmaydi.
Materiya‘ning eng sodda, boʻlaklarga boʻlinmaydigan shakli toʻrt
unsur: havo, olov, suv, tuprokdan iborat. Ularning turlicha oʻzaro birikuvi
natijasida murakkab moddiy narsalar tashkil topadi. Murakkab narsalar
oʻzgarib, turli shakllarga ega boʻlishi mumkin, lekin ularning moddiy asosi
boʻlgan toʻrt unsur yoʻqolmaydi, abadiy saqlanadi. Ibn Sino falsafasida
ma‘lum darajada inson vujudga kelishi haqidagi evolyusion ta‘limot
mavjuddir. Uning fikricha, avval togʻ-toshlar, soʻng oʻsimlik, hayvonot va
tabiat rivojining eng mukammal namunasi sifatida inson vujudga kelgan.
Inson boshqa barcha hayvonot olamidan soʻzi, tili va aqli, tafakkuri bilan
farq qiladi.
Inson bilimlari narsalarni bilish yordamida vujudga keladi. Bilish hissiy
bilish va tushunchalar yordamida fikrlashdan tashkil topadi. «Sezish — bu
shunday ta‘sirki, u tashqi narsalarning oʻzi boʻlmay, balki bizning
hislarimizda vujudga keladi. His moddiy obrazning oynasi boʻlib, moddiy
shakllarning boʻyi, eni bilan birga ifodalanganligi sababli, ularni inson
moddiy asossiz in‘ikos eta olmaydi va jismlarni bilolmaydi»,- deb yozadi Ibn
Sino. Inson tafakkuri turli fanlarni oʻrganish yordamida boyiydi, rivoj topadi.
Bunda, xususan, u mantiq ilmiga katta e‘tibor beradi. Aql har qanday
bilishning va amaliy faoliyatning mezoni sifatida talqin etiladi. «(Aql)
tarozisida oʻlchanmagan har qanday bilim, — deb yozadi ibn Sino, — chin
boʻlolmaydi, demak, u haqiqiy bilim emas». Ibn Sino ijodida fanning
strukturasini tekshirish, ilmlarning tartibini aniqlash, ularni tasnif qilishga
e‘tibor alohida oʻrin egallaydi. Bu masalada ham olim Farobiy boshlab
bergan fanlar tasnifi haqidagi masalani yanada taraqqiy ettirishga harakat
qiladi. Ibn Sinoning falsafiy sistemasini ifodalovchi asarlarida («Kitob ush-
83
shifo», «Kitob un-najot», «Donishnoma») falsafiy bilimlar: mantiq, fizika,
matematika, metafizika tartibida beriladi. Bulardan mantiq — bilishning
metodi, mavjudotni oʻrganish, u haqida fikr yuritishning ilmiy usuli sifatida
talqin etiladi. Ibn Sino mantiq ilmini tadqiq etishga katta e‘tibor beradi, unga
maxsus risolalar bagʻishlaydi. Xususan, u mantiqiy usullar, ta‘riflash, hukm,
xulosa chiqarish, isbotlash masalalarini oʻrganishga katta hissa qoʻshdi,
mantiq fanini Farobiydan soʻng bilishning toʻgʻri metodi sifatida
rivojlantirdi.
Ibn Sino ilmni nazariy va amaliy ilmga boʻladi.Nazariy ilmlar haqiqatni
bilishga, amaliy ilmlar yaxshi ishlarni bajarishga qaratilgan.
Falsafaning nazariy qismi quyi darajadagi ilm, ya‘ni tabiatshunoslik,
oʻrta darajadagi ilm — matematika va oliy darajadagi ilm — metafizikaga
boʻlinadi.
Falsafaning amaliy qismi ham uchga boʻlinadi:
a) shaxs haqidagi ilm;
b) insonning oʻzaro munosabatlari haqidagi ilm;
c) davlatni, mamlakatni boshqarish haqidagi ilm. Nazariy-falsafiy
ilmlarga kiruvchi har uch turdagi ilmlar asosiy va yordamchi boʻlaklarga
ajraladi; tabiatshunoslik ilmlari astrologiya, meditsina, alkimyo kabi yetti xil
tarmoqni oʻz ichiga oladi. Matematika esa arifmetika, geometriya,
astronomiya, musiqa nomi bilan 4 tarmoqqa boʻlinadi. Asarda 29 ilm
tarmogʻi tilga olinadi.Ibn Sino oʻz dunyoqarashida panteistik prinsipga
asoslanadi: Tangri va borliq bir-biriga zid, bir-birini inkor etuvchi narsalar
emas, aksincha, ular bir butun holda mavjudotni tashkil etadi. Abadiylik
Tangriga xos. Tangri va tabiat ma‘lum pogʻonalar yordamida bogʻlanadi.
Uzun va yaxlit zanjirning bir tomonida yaratuvchi Tangri — zaruriy vujud,
ikkinchi chekkasida tabiat yotadi. Ibn Sino haqiqiy axloqiy fazilatlarga va
ideal jamoaga shu mavjud dunyoda erishuv mumkin, jamiyatda insonlar
oʻzaro yordam asosida yashashlari kerak deb ta‘kidlaydi. Jamiyat
kishilarning oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinadigan adolatli qonunlar
yordamida boshqarilishi lozimligini ta‘kidlaydi. Jamiyat a‘zolarining
hammasi bu qonunga itoat etishlari, qonunni buzish va adolatsizlik
jazolanishi, basharti podshoning oʻzi adolatsizlikka yoʻl qoʻysa, xalqning
unga qarshi qoʻzgʻoloni toʻgʻri va jamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmogʻi
lozim.
Ibn Sino Zakariya ar-Roziy va Beruniy kabi jahon falsafiy tafakkuri
tarixida birinchilardan boʻlib kuzatuv va tajriba metodiga alohida e‘tibor
qaratdi. Mutafakkir oʻz asarlarida ilm va axloq-odob uygʻunligi, inson
kamoloti, baxt-saodat, ijtimoiy adolat, kishilarning oʻzaro hamkorligi,
hukmdorning burchi toʻgʻrisida qiziqarli gʻoyalarni ilgari surgan. Uning
ta‘kidlashicha, barchani bir xil ijtimoiy mavqega erishtirib boʻlmaydi. Aslida
ular uchun muayyan sharoit yaratib bermoq lozim. Barchaning boy va
84
mansabdor boʻlishi yoki hammaning qashshoq boʻlishi jamiyatning tanazzuli
va inqirozidir. Lekin inson oʻzgalarga mehr-oqibatli, gʻamxoʻr boʻlmogʻi,
kerak vaqtda nochorlarga saxovat va muruvvat qoʻlini uzatishi zarurdir
.
Do'stlaringiz bilan baham: |