Klinik manzarasi. Metil spirti bilan zaharlanishning klinikasida
bir necha davrlar farqlanadi: boshlang‘ich yoki mastlik davri,
yashirin (1–2 soatdan bir kungacha), intoksikatsiya davri, tuzalish
davri. Og‘irlik darajasiga qarab esa yengil, o‘rtacha yoki oftalmik
va og‘ir ko‘rinishlari farqlanadi.
Yengil zaharlanish o‘tkir gastrit (ko‘ngil aynishi, qusish, qorinda
og‘riq) hamda miya faoliyati bilan bog‘liq (lanjlik, bosh og‘rig‘i,
bosh aylanishi, fikrlashdagi sustkashlik) ko‘rinishda o‘tadi. Bunda
oshqozon-ichak tizimidagi o‘zgarishlar, jumladan, qorinda og‘riq
turishi va gastrit belgilari metil spirti bilan zaharlanishga xos
bo‘lgan belgi hisoblanadi. Bu o‘zgarishlarga, ko‘pincha, ko‘rishdagi
buzilishlar (ko‘z oldida «tuman», «donachalar» «qorong‘ulik» paydo
bo‘lishi) qo‘shimcha bo‘ladi. Ko‘z qorachig‘i kengayib ketadi,
qorachiqning yorug‘likka reaksiyasi kamayadi. Ko‘z qorachig‘i
bilan bog‘liq belgilar metil spirti bilan zaharlanishga xos belgilar
hisoblanib, bu belgilar ko‘rishda o‘zgarishlar paydo bo‘lishidan
oldin – yashirin davrda paydo bo‘ladi.
Yengil zaharlanishning davomiyligi 3–5 kunni tashkil qiladi.
Biroq behollik ancha muddat saqlanib turadi.
O‘rta darajada zaharlanishda yuqoridagi belgilarning barchasi
paydo bo‘ladi. Biroq eng asosiy belgi ko‘rishdagi o‘zgarishlar bilan
bog‘liq bo‘ladi. Ko‘zdagi o‘zgarishlar ko‘rlikka ham sabab bo‘lishi
mumkin.
Ba’zi hollarda metil spirti ichib qo‘ygan odam bu kuniga ko‘zi
ko‘rmaydigan holatda uyg‘onadi. Oradan 3–4 kun o‘tib ko‘rish
tiklana boshlaydi. Ba’zi hollarda, hatto to‘liq tiklanadi. Biroq bu
tuzalish jarayoni barqaror bo‘lmay biroz muddatdan so‘ng ko‘rish
yana yomonlashishi mumkin.
Og‘ir darajada zaharlanganda zaharlanish belgilari juda tez
rivojlanadi. Bunda qisqa muddatli yashirin davrdan so‘ng kuchli
holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin, bel va boldir sohalarida
kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Keyin uyqu bosib jabrlanuvchi hushidan
ketadi. Nafas olish buziladi. Ko‘karish paydo bo‘lib, yurak-tomir
77
tizimi faoliyati buziladi. Natijada toksik shok rivojlanadi. Ba’zi
hollarda mushaklar tortishishi mumkin.
Jabrlanuvchi ko‘zdan kechirilganda qorachiqning kengayib
ketganligi, yorug‘likka reaksiyasi sustligi, teri qizarib yoki
ko‘karib ketganligi, nafas yetishmasligi, tomirning tez urishi, qon
bosimining tushib ketganligi aniqlanadi. Intoksikatsiya og‘ir kechsa
1–2-kunning o‘zidayoq nafas va qon aylanishidagi buzilishlar
hisobiga o‘lim sodir bo‘ladi. Intoksikatsiya kuchli rivojlanmagan
hollarda faoliyatning asta-sekin tiklanishi kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |