O‘ZBEKISTON
RESPUBLIKASI
OLIY VA O‘RTA MAХSUS TA’LIM VAZIRLIGI
O‘RTA MAХSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MARKAZI
SH.H. USANOV, M.X. TINIBEKOV
HARBIY TOKSIKOLOGIYA
ASOSLARI
Kasb-hunar kollejlari uchun o‘quv-qo‘llanma
TOSHKENT
«NISO POLIGRAF»
2017
UO‘K 68
KBK 68ya721
H 29
Ta q r i z c h i l a r :
A. Nurmatov – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar
vazirligi Radiatsion, kimyoviy va tibbiy biologik (bakteriologik)
muhofaza boshqarmasi boshlig‘i;
F. Abidova – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar
vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti dotsenti, kimyo fanlari
nomzodi.
Ushbu o‘quv qollanmada zaharli moddalarning turlari, ulardan
zaharlanganda yuzaga chiqadigan belgilar, zaharlanganlarga yordam
berish va ziddi zahar qo‘llash turlari «Zaharlovchi moddalarning
tasniflanish», «Kimyoviy hujum vositalari», «Zaharlovchi
moddalarning ta’sir mexanizmi», «Qisman va to‘liq maxsus ishlov
o‘tkazish qoidalari» kabi qator mavzularda yoritilgan.
Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ilmiy-metodik
birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi
Kengash tomonidan nashrga tavsiya etilgan.
ISBN 978-9943-5081-1-8
© Sh.H. Usanov, M.X. Tinibekov, 2017
© «NISO POLIGRAF», 2017
3
KIRISH
Zaharli gazlardan harbiy maqsadlarda foydalanish g‘oyasi
mashhur nemis kimyogari V. Nernst tomonidan XIX asrda
ilgari surilgan. XIX asrning ikkinchi yarmida Yevropada kimyo
sanoatining rivojlanishi bu g‘oyani amalga oshirish imkonini
bergan. Biroq uzoqni ko‘ra biluvchi siyosatchilar, huquqshunoslar,
olimlar ta’siri ostida 1899-yilning 29-iyul kuni Gaagada imzolangan
Konvensiya zaharli moddalarni jang maydonida qo‘llashni butunlay
taqiqlagan. Ushbu Konvensiyani Yevropaning deyarli barcha
mamlakatlari imzolagan bo‘lishiga qaramasdan kimyoviy urushni
cheklash imkoni bo‘lmagan.
Birinchi jahon urushi davrida jami 180 ming tonna har xil zaharli
moddalar ishlab chiqarilib, shundan 47 ming tonnasi Germaniyaga
to‘g‘ri kelgan. Ishlab chiqarilgan zaharli moddalarning 125 ming
tonnasi amalda qo‘llanilishi natijasida 1,3 mln. kishi zarar ko‘rib,
ulardan 100 ming nafari halok bo‘lgan. Birgina ipritning 12 ming
tonnasi harbiy maqsadlarda ishlatilib, undan 400 ming kishi
zararlangan.
Kimyoviy qurollar keltirib chiqargan talafotlar yangi tibbiy
yo‘nalish – sanitar-kimyoviy himoya yo‘nalishi paydo bo‘lishiga
sabab bo‘ldi. Biroq keyinchalik odamlarni zaharlovchi moddalardan
muhofaza qilish uchun zaharli moddalarning insonlar va hayvonlar
organizmiga ta’sirini chuqur o‘rganish lozimligi ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi.
Natijada fanning yangi bir yo‘nalishi harbiy toksikologiya fani
paydo bo‘ldi.
Olib borilgan izlanishlar, ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida
zaharlovchi moddalardan himoyalovchi, zaharlanganda davolovchi
vositalar kashf qilindi va ishlab chiqildi.
4
Kimyoviy qurollarni taqiqlashga qaratilgan qat’iy tadbirlar
amalga oshirilayotganligiga qaramasdan zaharlovchi moddalar hali
ham mavjud va ular terrorchilar tomonidan qo‘llanilishi mumkin.
Bundan tashqari, hozirgi ilmiy salohiyat yangi turdagi zaharli
moddalarni kashf qilish, ishlab chiqarish imkonini beradi va bunday
moddalardan iqtisodiyot obyektlarida keng foydalaniladi.
Shunday ekan, zaharlovchi moddalarning inson organizmiga
ta’sir mexanizmini o‘rganish bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini
yo‘qotmagan.