II.1.4. BERUNIY VA IBN SINO YOZISHMALARI
Ibn Sino va Beruniy bir zamonda yashagan ikki buyuk siymo, Sharq fanining iftixori, qora
zulmat dan iborat feodalizm davrida chaqnab yonayotgan va o‘z nurlari bilan kelgusi avlodlarga
yorug‘ yo‘l, ko‘rsatgan ikki yulduz hisoblanadi. Ularning o‘tkir zehnlari, chuqur tafakkurlari, ajoyib
iste`dodlari fan olamini yangi durdonalar bilan to‘ldirdi. Har ikki buyuk olim o‘sha zamon faniga
doir turli murakkab masalalarni hal etishga birgalashib qatnashdilar, bu masalalar ustida ilmiy
bahslashishlar o‘tkazdilar. Beruniy bilan Ibn Sino orasida olib borilgan ilmiy bahslashishlar—
«Ilmiy savol-javoblar» nomli qo‘l yozma bizning kunlargacha etib kelgan.
Falsafa, astronomiya va fizika masalalariga bag‘ishlangan bu asar — «Ilmiy savol-javoblar»
fan tarixida katta ahamiyatga egadir. Ibn Sino Beruniy tomonidan berilgan 18 ta savolga javob
beradiki, bulardan 10 tasi Aristotelning «Osmon haqidagi kitob»iga va 8 tasi «Fizika» kitobiga
tegishlidir.
Ibn Sino Beruniy tomonidan berilgan savollarga, yunon faylasufi Aristotel‘ ta`limoti
asosida javob beradi va bu javoblar mazmunini qisqacha tushuntirishga intiladi.
Masalan, Beruniy Aristotelning «Osmon haqida-gi kitobi»da bayon etilgan fikrlari
to‘g‘risida mulohaza yuritib, Ibn Sinoga shunday savol beradi: «Nima uchun Aristotel‘ falakning
markazdan yoki markazga qarab yo‘nalgan harakati yo‘qligini sabab qilib, uning yengilligi va
og‘irligi yo‘q ekanini lozim topdi?»—deb so‘rabsan (Beruniy bilan Ibn Sinoning savol-javoblari,
Toshkent, «Fan», 1950). Ibn Sino bu savolga javob berib, «Har bir tabiiy jismning tabiiy o‘rni
bordir. O‘z tabiiy o‘rnida bo‘lgan har bir narsani yengil ham, og‘ir ham emas deyishga dalil shuki,
yengil narsa yuqoriga harakat qiladi, uning tabiiy o‘rni yuqorilik bo‘ladi. Og‘ir narsada ham
shunday hukmdir. Chunki og‘ir narsa tabiati bo‘yicha quyiga harakat qiladi, uning tabiiy o‘rni
pastlikdir falak jismdir, ya`ni falakning tabiiy o‘rni bor. Demak, «Tabiiy o‘rinda bo‘lgan narsa
aslida, og‘ir ham emas, yengil ham emas,—degan masala isbotlanadi» degan mantiqiy mulohaza
yuritadi.
Beruniy tomonidan berilgan uchinchi savolda «Nima uchuy Aristotel va boshqa faylasuflar
tomonlar soni 6 ta deb zikr qilganlar? Biz bu tomonlarni tayinlashda kub shaklini olaylik. Chunki
kubning 6 tomoni bor. Kubning har yoniga o‘zidek 6 ta kub qo‘yilsa, u kubning hosil bo‘lgan
shaklini yana kubga aylantirish uchun kamchilik joylari to‘ldirilsa, hammasi bo‘lib 27 kub mavjud
bo‘ladi. Boshqa yangi tomonlar avvalgi kubning qirra va burchaklariga tegadi. Tomonlar shu songa
etmagan taqdirda, kublar avvalgi kubning qaysi tomoniga tegadi? Shar singari jismlarning
tomonlari bo‘lmaydi», deb aytiladi.
Matematik tushunchalarni o‘z ichiga olgan bu savolga, Ibn Sinoning bergan javobida
hamma hollarda xam jismlar 6 tomonga ega, deb hisoblash kerakligi, har bir jismda, uning
shaklidan qat`i nazar uchta o‘lchov: uzunlik, kenglik, chuqurlik mavjud ekanligi aytiladi.
Ibn Sino yozadi: chunki falsafa tayin qilgan 6 tomon jismning uzunligi, eni va qalinligini
chegavalovchilardir. Har bir jism chegarali bo‘lgach ravshandirki, u jismning bo‘yi, eni va qalinligi
chegaralidir. Bundan ma`lumki, xar bir uzunlik, kenglik va qalinlikning ikki uchi bo‘lib, bu uchlar
sanog‘i 6 va bularga 6 tomon to‘g‘ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |