holda ko'rsatgan bo'lardi. Aslida u qo'rqqanidan emas, Yorgen chaqirayotgani
uchun o'zini tashqari chiqishga majbur etayotgan edi.
— Chiqyapman! — deb qichqirdi u ham eshik ortidan.
Ilmoqni tushirib, eshikni ochdi, aynan shu onda chaqmoq chaqib, ko'zlarini
qamashtirdi va butun vujudini teshib o'tganday bo'ldi, ammo u bari bir ostonadan
o't ustiga hatladi. Keyin ustiga momaqaldiroq quladi. Hali jala boshlanmagan edi.
Mattis o'zining qayerdaligini idrok etolmas, ammo Yorgen shundoq qarshisida
turardi. Mattisning qamashgan ko'zlari deyarli hech nimani ko'rmasdi. Yorgen
tumanda tunaganga o'xshardi, hov narida eshik oldida turgan Xegeni ham tanidi. If
Yorgenga, qo'li bilan, Mattisni o'z holiga qo'y, degandek imo qildi.
— Xo'sh, nima deysan, mana men shu yerdaman! — deb to'ng'illadi Mattis va
oldinga bir odim tashladi. Oyog'i o'zinikiga o'xshamasdi. U Yorgenning ustiga
bostirib bordi. Yorgen hatto tislanishga majbur bo'ldi. Yana chaqmoq yarq etdi.
— Menda nima ishing bor, Yorgen!
Endi Yorgen indamay kutib turar, qo'zg'olmas edi.
Mattis chaqmoqni va momaqaldiroq gumburlarini pisand qilmay, yana
oldinga bir qadam tashladi — u qop kabi qulamadi, barmoqlarini quloqlariga
tiqmadi, ko'zlarini katta-katta ochgancha, to'ppa-to'g'ri o'zidan nimadir istayotgan
Yorgenga qarab bostirib borardi. Qo'rqmayotganini bir ko'rib qo'ysin.
Mattis juda yaqiniga keldi. Yorgen uni joyidan qo'zg'olmay kutib oldi.
— Yaxshi, — dedi Yorgen. Boshqa hech nima demadi.
Ammo Mattis bu so'z tagdor qilib, hurmat bilan aytilganini his qildi.
U titrardi, shunday bo'lsa-da, oyoqlari zil-zambil gavdasini nochor-beixtiyor
ko'tarib turardi. U Yorgenga bir qarab qo'ydi: unga ixlosi ortdimi yo undan
qo'rqyaptimi buni o'zi ham bilmasdi.
— Xo'sh? — hayajonlanib so'radi u. — Ayt, mendan nima istaysan?
— Yur, biz bilan birga o'tir, boshqa hech nima kerak emas, —javob berdi Yorgen.
— Menimcha, bu joy senday ajoyib insonga noloyiq.
Mattisning g'azabi qaynadi, ammo bunday ob-havoda o'zini ko'rsatib
qo'yishning mavridi emasdi. Yorgenning ketidan sudralib ketdi. Yuragi quturib,
gurs-gurs urardi. Momaqaldiroq asta-asta pasaydi. Eng dahshatlisi ortda qoldi.
Xege o'sha-o'sha ochiq eshik tagida edi. U Mattis uchun zarracha ham qo'rqmagani
ko'rinib turardi.
— Bizga yo'l ber, — dedi unga Yorgen. — Qara, bizga xalaqit beryapsan, axir!
Xege nima deyishini bilmay, «xo'p-xo'p»lab yo'l berdi. Mana, ular uchovlari uyga
kirishdi. Mattis nochorbir ahvolda kuchli va aqlli odamlar — Xege bilan Yorgenga
jovdirab qarardi. Ammo, har neki bo'lsa-da, ular bilan birga o'tirolmas, hecham
o'tirolmas — bu sinovlardan so'ng uni ojizlik o'rab-chirmab tashlaganday edi.
Momaqaldiroq gumburlari pasayib borarkan, u o'rnidan turib, o'z divaniga borib
yotdi. Tinkasi qurib ko'zlarini yumdi, u endi olis-olislarda edi.
Do'stlaringiz bilan baham: