www.ziyouz.com kutubxonasi
76
sovuq suv quyilganday bo‘ldi-yu, a’zoyi badani muzlab, bo‘shashib, boshi yostiqqa
«shilq» etib tushdi. Tamom!
Tanbal bilan Jahongir g‘alaba qilsa, ularning tomoniga qochib o‘tuvchilar yana ko‘payadi.
Bobur kim bilan qoladi? Balki hozir ham Tanbal tomonga qochib o‘tayotganlar bordir?
Balki Qosimbekning o‘zi ham... Kutilmaganda xayoliga kelgan bu o‘ydan Bobur shunday
dahshatga tushdiki, butun kuchini to‘plab, o‘rnidan sapchib turdi:
— Qosimbek qani??!
— Hozir kelurlar, odam yubordik, — dedi tabib muloyim tovush bilan. — Amirzodam,
yoting, sizga orom kerak!
Boburning xasta xayolida birdan qilich tutgan Tanbal gavdalandi. Bobur bu qilichni
tanidi. O‘shda Tanbal shu qilichni o‘pib, «to o‘lgunimcha sodiq qulingizman», degan edi.
Tanbal o‘sha qilichni hozir go‘yo Boburning boshi ustida o‘ynata boshladi... Tanbalning
oyog‘i os-tida tog‘dan xurjunga solib kelingan kallalar yumalab yotipdi. Ularning biri
tanishga o‘xshadi. Qutlug‘ Nigor xonimning boshi... Bobur alahsirab ko‘z oldiga keltirgan
bu qo‘rqinchli xayol uni go‘yo to‘shakdan otib yubordi. U gilam ustida ichki kiyimda oyoq
yalang turganicha:
— Shamshirni bering! — deb qichqirdi. — Menga shamshirni bering!
Tabib uni mahkam quchoqlab oldi:
— Amirzodam, xastasiz, yotmog‘ingiz kerak... Amirzodam! — Tabib Boburni go‘yo
Tanbalning qilichiga tutib bermoqda edi. Bobur uning quchog‘idan yulqinib chiqib eshikka
intildi:
— Ot keltiring! Men Andijonga boramen! Shamshir qani? Beklarga xabar bering! Tezroq
tayyorlansinlar!
Tabib uning ketidan yugurdi. Dastorpech Boburning kimxob to‘nini olib borib yelkasiga
yopdi, oyog‘iga kavushini berdi. Bobur kavushning bir poyini kiydi-yu, ikkinchisini
kiyishga toqati yetmadi. Uning boshi gir-gir aylanar, havo yetishmay, nafasi qisilar edi.
Ko‘z oldida hamon o‘sha qonli qilich va kesik kallalar.
— Xoin! — dedi u Tanbalga qarata. — Qonxo‘r!
Bobur ayvon eshigiga qarab chopdi. Lekin eshik oldida gandiraklab yiqildi. Tabib bilan
dastorpech uni behush ahvolda to‘shakka ko‘tarib kelib yotqizishdi.
So‘ng u yarim kechaga borib sal hushiga keldi. Ko‘zini ochib, og‘ziga paxtadan suv
tomizayotgan tabibni ko‘rdi. Nazarida, tili shishib, shunday katta bo‘lib ketgan ediki,
butun tanasini tog‘day bosib yotardi. Bobur ko‘zini ochganini sezib, Qosimbek uning
tepasiga keldi:
— Xayriyat-e!.. Amirzodam, bizni muncha qo‘rqitdingiz?
Bobur ko‘zlari mo‘ltirab nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo behad og‘irlashib ketgan tilini
qimirlatolmadi.
— Endi yaxshimisiz, amirzodam?
Bobur jim. Qaraydi-yu, gapirolmaydi. Uning tildan qolganini sezgan Qosimbek ko‘zidan
tirqirab chiqqan yoshni ko‘rsatmaslik uchun yuzini chetga burdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |