www.ziyouz.com kutubxonasi
45
yopishib oldi. Kiyikday chaqqon Xonzoda begim yigitning yelkasidan tutib, o‘zini tez
o‘ngladi va unga sekin rahmat aytdi. Shu payt mulla Fazliddin o‘z yuzida Xonzoda
begimning iliq nafasini his qildi. Qizning yuzidami, lablaridami, gul atriga
o‘xshamaydigan, ammo undan ham yoqimliroq, sirliroq bir hid bor edi. Mulla Fazliddin
shu hidni oldi-yu, Xonzoda begimning shoh qizi ekanligini go‘yo unutdi. Qizning salqin,
yumshoq qo‘lidan ushlab naryog‘i tekis ketgan so‘qmoqqa chiqqunlaricha qo‘yib
yubormadi. Besh-o‘n qadamlik masofada oddiy me’mor bilan malika orasidagi farq go‘yo
yo‘qolib ketdi, ular bir-birlariga faqat zabardast yigitu go‘zal qiz bo‘lib tuyuldilar.
Lekin undan narida yana kanizlar, jilovdorlar, savdarlar oraga tushib, Xonzoda begimni
qurshab olib ketdilar. Mulla Fazliddin g‘alati bir tush ko‘rib uyg‘ongan odamday
hayratlanib qolaverdi.
Ertasi kuni Xonzoda begim yordamga yuborgan ikkita norg‘ul yigit mulla Fazliddinga
kerakli yuklarni pastdan tashib chiqa boshladi. Oradan bir hafta o‘tgach, tuyaga ortilgan
koshinlar ham yetib keldi. Xonzoda begim yubortirgan har bir narsada mulla Fazliddin
uning o‘zini ko‘rganday bo‘lardi. Po‘lat sandiqdagi suratni oqshomlari yolg‘iz qolganda
qo‘liga olib uzoq-uzoq tikiladi. Qiz sirg‘anib ketgan mana shu tog‘ning toshlaridan
Xonzoda begimning o‘shandagi iliq nafasi va sirli hidi hamon kelib turganga o‘xshardi.
«Nahotki bu muhabbat bo‘lsa? — derdi mulla Fazliddin o‘ziga-o‘zi. — Yo‘q, zinhor!
Mendagi tuyg‘u — beg‘araz ilohiy bir mehrning nishonasi, xolos. Boshqacha bo‘lishi
mumkin emas!»
Hozir yana Xonzoda begim yaqinlashib kelayotganini ko‘rib, sarosimaga tushib qolgan
mulla Fazliddin o‘zining mana shu e’tiqodida mahkam turishga tirishar va ayollar
tomondan nigohini olib qochardi.
_______________
* Ch a v g o n — hozirgi xokkey o‘yiniga o‘xshaydi. Faqat ochiq maydonda ot minib o‘ynaladi.
* P a r g o r — sirkul.
* T o q i — cho‘qqisimon zaifona bosh kiyim.
3
Bobur mirzo otdan tushganda bo‘yi o‘sib, katta yigitlarga tenglashib qolgani bilindi.
Qadam olishi ham xiyla salmoqli. Taxtga o‘tirganidan beri o‘tgan so‘nggi uch yil uni juda
tez ulg‘aytirgan, ko‘z qarashlari ko‘pni ko‘rgan odamlarnikiday vazmin. Faqat xipcha
qomati va hali uncha to‘lishmagan yelkalari endi o‘n besh yoshga kirganini eslatib
turardi.
Ammo toqqa chiqishda Boburning o‘smirligi juda ish berdi. U hammadan oldinda
toshdan-toshga yengil ko‘tarilib borar, goh onasiga, goh opasiga yuqoridan qo‘l cho‘zib
yordamlashib qo‘yardi.
Beklar va mulozimlarning ko‘pchiligi pastda qolishdi. Yo‘l tor, hujra kichkina bo‘lganligi
uchun hozir birinchi navbatda podshoh oilasi va Boburga eng yaqin kishi bo‘lgan eshik
og‘a Qosimbek chiqishmoqda edi. Qavchin urug‘idan chiqqan Qosimbek to‘ladan kelgan
barvasta kishi edi, tog‘ning yarmiga chiqquncha nafasi bo‘g‘ilib, qiynalib qoldi. Bobur
buni ko‘rib, tekisroq bir tosh ustida to‘xtadi. Qosimbek ham to‘xtab, orqada kelayotgan
mulla Fazliddinga yuzlandi:
— Janobi me’mor, bu toshlardan zinapoya tarashlash xotiralariga kelmabdir-da.
Mulla Fazliddin pastroqda to‘xtab qo‘l qovushtirdi-yu, yengil bir ta’zim bilan javob berdi:
— Agar zoti oliy amr bersalar, zinapoya tarashlash imkoni bor.
Qosimbek yuqoriga yuz o‘girib, Boburga savol nazari bilan qaradi. Bobur kulimsirab:
— Ajabo! — dedi endi yo‘g‘onlasha boshlagan o‘smir ovozi bilan. — Tog‘ cho‘qqisiga ham
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |