www.ziyouz.com kutubxonasi
48
jilmayib bosh irg‘adi.
Qosimbek zar yoqali kimxob to‘nini yechib, mulla Fazliddinning yelkasiga tashladi.
— Mavlonoga bizdan bitta ot anjomi bilan in’om qilinsin, — qo‘shimcha qildi Bobur.
Mulla Fazliddin ta’zimga egilib minnatdorchilik bildirar ekan, bir necha kishining.
— Muborak! Muborak! — degan so‘zlarini eshitdi.
Bu so‘zlarning orasida eng yoqimlisi — Xonzoda begimning muborakbodi bo‘ldi. Mavlono
Fazliddin unga ikkinchi marta qarashga jur’at etolmay yerga ko‘z tikib turgan bo‘lsa
ham, shu daqiqalarda o‘zini baxtiyor sezar edi.
________________
* Chindan ham, O‘shdagi bu hujra to‘rt yuz yildan ortiq mustahkam turdi. Tog‘ tepasida oqarib ko‘ringani uchun xalq uni «Oq uy» deb
ataydigan bo‘ldi. Asrlar o‘tishi bilan ta’magir shayxlar bu binoni «Sulaymon payg‘ambar tomonidan qurilgan qadimjoy» deb e’lon qildilar,
tarixdan bexabar odamlarni bunga ishontirib, nazr-niyoz undirish vositasiga aylantirdilar.
Yigirmanchi asrning o‘rtalarida akademik Ibrohim Mo‘minov Qirg‘iziston olimlari bilan hamkorlikda tarixiy haqiqatni tiklab, bu hujrani Bobur
mirzo qurdirganini ilmiy jihatdan asoslab berdilar. Oq uyning peshtoqiga buni bildiradigan marmar yodgorlik o‘rnatildi.
Ammo Bobur nomining bunday ulug‘lanishi mustabid sho‘ro mafkurachilarining qahrini keltirdi. Ular hujraning ziyoratgoh bo‘lganini bahona
qilishib, dinga qarshi kurash shiori ostida 1963 yilda Oq uyni askariy qismlar yordamida portlatib buzib tashladilar.
Lekin hujraning mustahkam qoyatoshga o‘rnatilgan poydevori butun qolgan edi. Uning tasviri tushirilgan suratlar bor edi. Adolatparvar
odamlarimiz orasida Bobur mirzo qurdirgan bu ajoyib obidani qayta tiklash niyati yillar o‘tgan sari kuchayib bordi.
Saksoninchi yillarning oxirida milliy uyg‘onish shabadalari esa boshlagan davrda O‘sh shahrining o‘zbek, qirg‘iz va boshqa millatlarga mansub
vakillari Oq uyni qayta tiklash uchun maxsus jamg‘arma tashkil qildilar. Bu jamg‘armaga Bobur mirzoning barcha muxlislari tomonidan
to‘plangan mablag‘lar hisobiga Oq uy tarixiy asliga mos go‘zal shaklda qayta tiklandi. (Muallif)
4
Kechki payt hujrada Boburning yolg‘iz o‘zi qoldi. Qosimbek kerakli odamlarga: «Hujra —
mirzo hazratlarining xilvatgohlari bo‘ldi, kechasi ham o‘sha joyda tunamoqlari mumkin»,
deb bildirib qo‘ydi. Qo‘rchilar Boburning ko‘ziga tashlanmaslikka tirishib, hujraning orqa
tomonida qo‘riqchilik qila boshladilar.
Doimo ko‘pchilikning diqqat-markazida bo‘lish va podshohning har bir gapi, har bir
harakati kimningdir taqdiriga ta’sir qilishini unutmay hamisha ziyrak va ehtiyotkor turish
Boburni juda siqiltirar edi. Yosh tanasi erkin bo‘lishni, oddiy tengdoshlari kabi ochiq-
sochiq yayrab yurishni qo‘msar edi. Hozir u hujra ichkarisiga to‘shalgan beqasam
ko‘rpachalar ustida boshiga yostiq qo‘ymasdan birpas chalqancha yotdi. Keyin ag‘anab
yuztuban bo‘ldi-da, engagini kaftiga tirab, devordagi naqshlarga tikildi. Kuni bo‘yi otda
yurib toliqqan bo‘lsa ham dam olib yotgisi kelmas edi. O‘rnidan sakrab turib bir-ikki
marta qulochini yozib kerishdi, esnadi. So‘ng ayvonga chiqdi-da, yana atrofni tomosha
qila boshladi.
To‘rt tomon bahor nafosatiga to‘la. Havo musaffo bo‘lgani uchun pastda yoqilayotgan
olovning tutuni ham odatdagidan tiniqroq ko‘rinadi. Oxiri qorli tog‘lar bilan tutashib
ketgan vodiyning ko‘z ilg‘agan hamma joyi ko‘kalamzor. Bir yog‘ida O‘zgan, bir yog‘ida
Marg‘ilon, uzoqlarda Isfara, Xo‘jand, Koson va Axsi — bu o‘rchin*larning hammasida
bog‘-rog‘lar chaman bo‘lib gullaganini Bobur go‘yo xayol ko‘zi bilan ko‘rib turibdi.
Ulug‘vor tog‘lar afsonaviy Qal’a devorlaridek atrofni o‘rab turgan bu go‘zal vodiy hozir
avvalgidan xiyla osuda. Urush tugaganiga ikki yildan oshdi.
Bunday tinch, mas’ud damlarda uni qog‘oz-qalam o‘ziga tortardi. Savdarlar hujraga olti
oyoqlik miz* keltirib qo‘yishgan. Bobur miz yoniga o‘tirib «Vaqoi’» deb atagan xotira
daftarini ochdi. So‘nggi yozuvlari— o‘zi yaqinda ko‘rgan Konibodom va Isfara haqida edi.
Endi bu yozuvlarini davom ettirib, O‘sh to‘g‘risida bita boshladi: «O‘sh qasobasi
Andijondan to‘rt yig‘och yo‘ldir... Boratog‘ning tumshug‘ida tarix to‘qqiz yuz ikkida3 men
bir ayvonlik hujra soldim. Bu hujra bisyor yaxshi voqe’ bo‘libdur. Tamom shahar va
mahalla oyog‘ ostidadur...»
Bobur O‘shning binafshasi, lolalari, oqar suvlari, oq mavjli qizil toshlari haqida ham
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |