www.ziyouz.com
кутубхонаси
49
Xolxo‘ja Eshon nazarga kirib qoldi.
Umuman, Qo‘qonda muxtoriyatli hukumatning yanchib tashlanishi, xalqning qonga botirilishi
oqibatida kelib chiqqan milliy-ozodlik kurashi 1918 yil mart oyidan boshlab qanot yozib, deyarli butun
vodiyni qamrab oldi. Sovet hokimiyati katta garnizonlarga ega bo‘lgan shaharlardagina saqlanib qoldi.
Bu harakatga o‘n chog‘li yirik qo‘rboshilar rahbarlik qildilar:
— Vodiyning markaziy va sharqiy qismi Madaminbek boshchiligidagi bir qancha hududlarga
bo‘linib:
— Marg‘ilon muzofoti Shermuhammadbek tasarrufida;
— Andijon Parpibek qo‘rboshi tasarrufida;
— Namangan Omon Polvon tasarrufida;
— O’sh Xolxo‘ja Eshon tasarrufida;
— Oloy Muhiddinbek tasarrufida;
— Qurama muzofoti Rahmonquli qo‘rboshi tasarrufida turdi.
Boshqa qo‘rboshilar o‘z hududlariga qarab, yuqorida nomlari keltirilgan yo‘lboshchilar bilan
kelishib ish ko‘rar edilar. Hozircha kurash qo‘rboshilar foydasiga hal bo‘lib turibdi. Biroq sovetlar ham
anoyi emas, ularga tinimsiz ravishda Toshkent, Samarqand tomonlardan yordam, qizil gvardiyachilar
qismlari va qurol-yarog‘, o‘q-dori kelib turibdi. Ozodlik jangchilarining qurol-yarog‘i hozircha yetarli
bo‘lsada, kelajakning g‘amini yeb turish kerak. Shu o‘rinda ularning qurollanishi borasidagi ayrim
fikrlarga munosabat bildirib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Sovet tarixshunosligi va badiiy adabiyotlarda
bosmachilarni chet el, aniqrog‘i, inglizlar qurol bilan ta’minlab turganligi ko‘p ta’kidlanadi. Go‘yo
qo‘rboshilar kelajakda — mustaqil Turkiston davlati tashkil topganda uning yer osti boyliklari,
paxtasini inglizlarga berish sharti bilan ulardan eng zamonaviy qurol-yarog‘lar olib turgan, bu qurol-
yarog‘lar Afg‘oniston va Qashqar orqali yetkazib berilgan emish. Hatto, adabiyotlarda “bosmachi”lar
ishini boshqarib, ularga qurol-yarog‘ yetkazib berib turgan ingliz josusi, emissari siymosi ham
yaratilgan. Bir kitobda u Deyli, boshqasida Keyli, keyingisida Beyli va yana shu qofiyali nomlar bilan
qalamga olinadi. Biz bu da’volarni yuz foiz yolg‘onga chiqarishga haqli emasmiz. Ayrim qo‘rboshilar
xorijdan oz-moz chet el qurolini olganligi haqida gap-so‘zlar yuradi, biroq muayyan bir qo‘rboshining
muayyan bir chet el josusi bilan aloqada bo‘lganligi, undan muayyan miqdorda qurol-yarog‘ olib
turganligi xaqidagi hujjatli ma’lumotni ko‘p yillar qidirib, topishga muvaffaq bo‘la olmadik.
Adabiyotlarda qalamga olingan mashhur mauzerlar, beshotar miltiqlar barchasi sovetlar bilan bo‘lgan
janglarda qo‘lga olingan o‘ljalardir, hozircha qurol yetib turibdi, biroq, kurash jabhasi kengaysa qurol-
yaroqda ehtiyoj ortadi. Keyin nima bo‘ladi? Umuman, kelajakda nima ishlar qilish kerak? Kundan-kun
kuchayib borayotgan ozodlik harakatini qanday boshqarish kerak? Hamma o‘z holicha harakat
qilaversinmi, yoki qandaydir boshqaruv markazi kerakmi? Agar harakat markazdan boshqariladigan
bo‘lsa, rahbar kim bo‘ladi? Bunday savol va muammolarni hal etish uchun yirik qo‘rboshilarni bir
joyga to‘plab, anjuman o‘tkazish ehtiyoji yaqqol sezilib qoldi. Bachqirda bo‘lib o‘tgan yig‘in haqida
yuqorida bir eslatib o‘tilgan edi. Endi bu mavzuga bir oz chuqurroq, kengroq nazar solib o‘tishimizga
to‘g‘ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |