www.ziyouz.com
кутубхонаси
45
Eshon. O’ris mujiklar ham bolshavoylarga qarshi. Dini islomning eng katta dushmani ham
bolshavoylar.
Ular bilan ittifoq bo‘lsak, bolshavoyni tezroq yengamiz, demak, musulmonlarning qoni ham
kamroq to‘kiladi. Bilganingiz — “o‘ris kofir”. Endi sizlar ham mundoq kallani ishlatishni, atrofga
razm solishni o‘rganinglar-da axir. Bolshavoy kofirga qarshi o‘zining millatdoshini jangga sola olsak,
nimasi yomon?
Qo‘rboshilarning og‘zilariga suv solib, yerga qarab olganliklari qarshi fikr aytishdan ko‘ra
samaraliroq bo‘ldi. Madaminbek bu borada so‘zlash hali bir oz ertaligini anglab, yon berdi. Majlis rus
kentlariga qarshi jang boshlashga qaror qildi.
Yig‘ilishdan bir necha kun o‘tkazib, mazkur qaror asosida Jalolobod atrofidagi rus qishloqlari
tomon yo‘l oldilar. Madaminbek jang boshlashdan oldin oq ruslarning kattalariga vakil yuborib, qizil
armiya bilan ittifoq tuzmaslikni, ularga yordam bermaslikni talab qildi, aks holda o‘rtada qon to‘kilishi
mumkinligi haqida ogohlantirdi. Oq ruslar: — “ biz bilan ishlaring bo‘lmasin”, — degan mazmunda
javob qaytarishdi. Shundan so‘ng Madaminbek jangni boshlashga buyruq berdi.
Ruslar oldin qo‘rboshilardan zarb yeb, keyingi janglarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganliklari, sovetlar
tomonidan qurol-yarog‘ va o‘q dori bilan yaxshi ta’minlanganliklari jang asnosida ma’lum bo‘ldi.
Shunday bo‘lsada, bir kecha-kunduzlik jangdan so‘ng ozodlik kuchlari qo‘li baland kelib, ruslar tang
ahvolga tushib qoldi. Ular elchi yuborib, jangni to‘xtatib turishni, o‘zaro to‘planib, maslahatlashib
olishlari uchun muhlat berishni so‘radilar. Madaminbek qo‘rboshilar bilan maslahatlashib, muhlat
berilishiga rozilik bildirdi. Jang boshlangan paytda oq ruslar qizil ruslardan yordam so‘rab ulgurgan
ekan. Jang to‘xtatilgandan bir oz vaqt o‘tgach, Namangan tomonidan katta harbiy qism yordamga yetib
keldi. Shiddatli janglardan so‘ng ozodlik kuchlari katta talafot berib, Suzoqqa qarab ot burdilar.
Chekinish paytida qo‘rboshilar o‘rtasidagi aloqa uzilib qoldi. Shu kunlarda Shermuhammadbek o‘z
yigitlari bilan So‘zoqdan bir tosh narida bo‘lgan Qo‘qonqishloqqa kelib tushadi. Chekinayotib,
Shermuhammadbekning Qo‘qonqishloqda ekanidan xabar topgan Xolxo‘ja Eshon va
Nurmuhammadbek aloqa uzilganligi bahonasida Shermuhammadbekka borib qo‘shildilar.
Madaminbek qo‘l ostidagi boshqa bir qancha qo‘rboshilar bilan So‘zoqqa chekinadi.
“Bosmachi”larning kattagina bir qismi Qo‘qonqishloqda ekanligidan xabar topgan qizil qo‘shin
qo‘mondonligi shu tomonga hujum boshlaydi. Janglar goh u tomon, goh bu tomonning ustunligi bilan
bir necha kun davom etadi. Nihoyat, qizillar tob bera olmay Andijon tomonga chekinadi.
Shermuhammadbek mazkur qism tamoman yanchib tashlanmaganligi, ular Andijondan madad olib,
qayta hujum boshlashlari mumkinligini his etib, O’sh tomonga tartibli ravishda chekinadi. O’shliklar
Shermuhammadbekni ulug‘ mehmon sifatida kutib oladilar. O’shlik boylar uni ziyorat qilib, ot-ulov,
oziq-ovqat bilan ta’minladilar. Islom lashkari safiga qo‘shilishni istagan besh yuzdan ortiq yigitni
Shermuhammadbek Xolxo‘ja Eshon ixtiyoriga berdi.
Shermuhammadbekning maxfiy xizmati Andijondan O’sh sari katta harbiy qism yo‘lga tushganini
aniqlagach, u dushmanni chalg‘itish uchun chalkash bir yo‘nalishda safarga chiqdi. Harbiy tilda bu
“reyd” deb aytiladi. Manaq qishlog‘iga yetganda ularning yo‘nalishini qizil askarlar yo‘nalishiga
to‘g‘ri kelib qolib, qisqa muddatli jang bo‘lib o‘tdi. Qizillar yana Andijon tomon chekindilar. Manaqda
bir oz nafas rostlagan, Shermuhammadbekni Aravon xalqi izzat-ikrom bilan kutib oldi: oyog‘i tagiga
qo‘y, novvos va ot so‘yildi. Yigitlar bu yerda uch kun mehmon bo‘ldilar. Aravonliklar uni
mehmondorchilik dasturxonidan tashqari, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan siyladilar. To‘rtinchi kuni
Xolxo‘ja Eshon O’shga, Shermuhammadbek esa Buloqboshiga ravona bo‘ldilar. Bu yerda bir kun dam
olib, Qalmoq qishlog‘i tomon yurdi. Bu yerda to‘satdan to‘xtab, uning iziga tushgan
qizilgvardiyachilarga zarba berdi. Nihoyat, yana aylanma yo‘llar bilan yurib G’orbuvoga qaytdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |