113
manbai va mohiyatini aniqlash va muammoning sabablarini bartaraf etish imkonini
beruvchi harakatlarni belgilash lozim. Muqobillarni qidirishdan oldin oqilona qaror
qabul qilish mezonlarini aniqlab olish kerak, bu qaror qabul qilishda xatoga yo‗l
qo‗ymaslik imkonini beradi.
Qaror qabul qilish. Ushbu bosqichda qaror variantlari ishlab chiqiladi, ularga baho
beriladi va eng yaxshi natija beruvchi muqobil tanlab olinadi, ya‘ni har bir variantning
afzalliklari va kamchiliklari solishtiriladi. Menejer qaror qanday (iqtisodiy va ijtimoiy)
samara beradi, xodimlar mazkur qarorni bajarishga ichdan rozi bo‗ladimi, u qanday
oqibatlarga olib keladi, degan savollarga javob berishi lozim.
Qarorni qabul qilish. Jarayon qaror variantini tanlash bilan yakunlanmaydi, zero,
pirovard maqsadlarga erishish uchun qabul qilingan qaror amalga oshirilishi lozim.
Amalga oshirish bosqichida qarorni muayyanlashtirish va ijrochilarga etkazish chora-
tadbirlari ko‗riladi. Boshqaruv qarorini amalga oshirish rejasi tuzilishi, unda muammoni
kim, qachon, qayerda va qaysi vositalar bilan hal qilishi lozimligi nazarda tutilishi kerak.
Qarorning ijro etilishini nazorat qilish. Qaror amalga kiritilganidan keyin ham uni
qabul qilish jarayoni to‗la tugallangan deb hisoblanishi mumkin emas, chunki qabul
qilingan qaror rejali tarzda amalga oshirilayotgani haqida axborot olish lozim. Nazorat
jarayonida rejadan og‗ish holatlari aniqlanadi va qarorni to‗la amalga oshirishga yordam
beruvchi tuzatishlar kiritiladi. Nazorat yordamida boshqaruvchi va boshqariluvchi
tizimlar o‗rtasida teskari aloqa o‗rnatiladi.
Qarorlarning bajarilishini tashkil etish juda og‗ir vazifalardan biridir. U odamlarni,
ularning imkoniyatlari va kuchini, qarorni bajarish uchun zarur vosita va usullarni
bilishni taqozo etadi. Qarorlarning bajarilishini tashkil etish rahbarning boshqaruv siklini
yakunlovchi o‗ziga xos faoliyatidir. Agar qarorni tayyorlash va qabul qilish bosqichida
rahbar narsalar va hodisalarning ideal ifodasi bilan yuzma-yuz kelsa, qarorning
bajarilishi tashkil etish jarayonida u ko‗pincha ideal holatdan jiddiy farq qiladigan real
holat bilan to‗qnashadi.
Narsalar va hodisalarni fikran boshqaruvchi tajribasiz rahbar ideal tasavvurlarni
boshqarishning osonligiga o‗rganib qoladi va buni ongsiz tarzda real holatga ham
o‗tkazadi. Bunday boshqarish natijasida u qabul qilgan qarorlarni bajarishga
xodimlarning qurbi etmaydi va qarorlar amalda bajarilmay qoladi. Bu yerda rahbar o‗z
faoliyatini emas, balki boshqa odamlarning mehnatini tashkil etishini nazarda tutish
kerak.
Qarorlarni bajarish jarayonini ham tashkil etish lozim. Ijrochilar qabul qilingan
qarorga muvofiq muayyan ishlarni kim, qaerda, qachon va qanday usulda amalga
oshirishi kerakligi haqida aniq axborot olishlari lozim. Qarorni amalga oshirish rejasi
ishlab chiqilishi, unda qaror maqsadlariga mumkin qadar kam xarajatlar bilan erishish
imkonini beruvchi chora-tadbirlar tizimi nazarda tutilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: